Tanzila Narbayeva raisligida Sogʻliqni saqlash sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi

2025-yil 11-iyul kuni Sogʻliqni saqlash vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbirga Oliy Majlis Senati Raisi, Milliy kengash raisi Tanzila Narbayeva raislik qildi. Majlisda Milliy va hududiy kengashlar aʼzolari, Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyati, viloyatlardagi boshqarmalar mutasaddilari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Majlis davomida sogʻliqni saqlash tizimidagi korrupsiyaviy holatlar, ularning sabablari, oqibatlari va oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar keng muhokama qilindi. Jumladan, Prezidentning 2025-yil 19-maydagi 88-sonli Farmonida belgilangan vazifalar, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirish, axborot texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga baho berildi.
Raqamlar shuni koʻrsatadiki, 2024-yil davomida Sogʻliqni saqlash tizimida 500 dan ortiq korrupsiyaga oid jinoyat aniqlangan. Bu jinoyatlarning aksariyati mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, pora olish-berish va davlat mablagʻlarini talon-toroj qilish bilan bogʻliq boʻlib, davlat xaridlari sohasida ham jiddiy qonun buzilishi holatlari qayd etilgan. Hozirgi vaqtda ushbu qonunbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Bundan tashqari, majlisda tibbiyot muassasalarida raqamlashtirishning sustligi, malakali kadrlar yetishmasligi, ishga qabul qilishda shaffoflikning yoʻqligi va tibbiy xizmatlar sifati turlicha ekaniga eʼtibor qaratildi. Bu holatlar tizimdagi islohotlar va ishonchni mustahkamlash yoʻlida muhim toʻsiqlardan biri sifatida tilga olindi.
Senat Raisi Tanzila Narbayeva oʻz chiqishida korrupsiyaga qarshi kurash faqat jazo choralaridan iborat boʻlmasligi, tizimda ochiqlik, ichki nazorat va hisobdorlikni taʼminlash orqali fuqarolar ishonchini oshirish zarurligini taʼkidladi. U korrupsiyaga qarshi kurashishda profilaktik chora-tadbirlarga alohida urgʻu berish kerakligini qayd etdi.
Majlis yakunida Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga bir hafta muddatda muhokama chogʻida bildirilgan takliflarni umumlashtirgan holda “yoʻl xaritasi” koʻrinishidagi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va uni Milliy kengashga taqdim etish vazifasi yuklatildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring