Tanadagi toshmalar koʻp shaklli eritema alomati boʻlishi mumkin — Mutaxassis

Ilmira Razikova, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori:
— Teridagi qizarish va toshmalar tez-tez kuzatiladigan holat va buning oʻziga xos sabablari bor. Masalan, ayrim yuqumli kasalliklar, dermatologik muammolar, intoksikatsiya, qon aylanishining buzilishi shunday belgilar bilan namoyon boʻlishi mumkin.
Tanadagi toshmalar — koʻp shaklli eritema xastaligiga ham xos tashqi alomat. Bu dard allergik xususiyatga ega boʻlib, koʻproq bahor va kuz mavsumida kuchayishga moyil. Undan aziyat chekuvchi qatlam — asosan oʻrta yoshli bemorlar.
Kasallikni keltirib chiqaruvchi sabablar turlicha. Statistik tahlillar koʻp shaklli eritemaga chalinganlarning taxminan 70 foizi surunkali yuqumli kasalliklar, xususan, sinusit, surunkali tonzillit, oʻrta otit, pulpit yoki piyelonefritga moyilligini tasdiqlaydi.
Bunday bemorlarda xastalik kuchayishi davrida T-hujayra immunitetining pasayishi aniqlanadi.
Xastalikning ikkita asosiy turi mavjud. Eng koʻp tarqalgani — yuqumli-allergik koʻp shaklli eritema. U organizmdagi infeksiyaning surunkali oʻchogʻiga nisbatan allergik reaksiya natijasida yuzaga keladi.
Mazkur xastalikning rivojlanishi yoki avj olishida birgina surunkali infeksiya oʻchogʻining oʻzi yetarli emas. Buning uchun qoʻzgʻatuvchi omillarning maʼlum kombinatsiyasi zarur. Masalan:
— immunitet tanqisligi;
— gipotermiya, yaʼni sovqotish;
— ultrabinafsha nurlanish;
— baʼzi oziq-ovqat konservantlari (benzoatlar, formaldegid va boshqalar);
— psixo-emotsional stress;
— ovqat hazm qilish tizimi patologiyasi (surunkali gastrit, disbakterioz);
— autoimmun kasalliklar va onkopatologiya;
— OʻRVI, tonzillit va boshqa kasalliklar.
Koʻp shaklli eritemaning toksik-allergik turi esa odatda amidopirin, barbituratlar, sulfanilamidlar va tetratsiklinlar guruhiga mansub baʼzi dorilar taʼsirida rivojlanadi.
Umumiy holsizlik, isitma, mushaklar ogʻrigʻi va artralgiya koʻp shaklli eritemaning ilk alomatlari hisoblanadi. Soʻng ikki kun ichida teri va shilliq qavatda qizil-pushti rangdagi toshmalar paydo boʻladi.
Ushbu papulalar tezda kattalashib, diametri 2-3 santimetrga yetadi. Toshmalar oʻrtasida va baʼzi hollarda terining sogʻlom qismlarida ham pufakchalar paydo boʻlishi mumkin.
Eritema dogʻlari asosan qoʻl va oyoqlarning orqa qismi, tizzalar, tirsak sohasida yuzaga keladi. Ayrim vaziyatlarda ogʻiz boʻshligʻining shilliq qavati va lablarning shikastlanishiga ham olib keladi.
Kasallikning toksik-allergik shakli esa dastlabki umumiy holsizlik va ogʻriqlar bilan boshlanib, toshmalar darhol paydo boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring