Talon-toroj qilinayotgan oʻrmon yerlari

18:24 28 Mart 2025 Jamiyat
1495 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-martdagi “Qashqadaryo viloyatida oʻrmon xoʻjaligi sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Qumdaryo davlat oʻrmon xoʻjaligi tashkil etilib, unga Chiroqchi tumani hududidan 28525 gektar tabiiy oʻrmonzor va samarasiz foydalanilayotgan yer maydoni oʻrmonchilik ishlarini rivojlantirish uchun ajratib berilgan edi. Bu yer maydonlarining bir qismi Yettitom massivida joylashgan. 2022-yilda Chiroqchi tumani hududining bir qismida yangi Koʻkdala tumani tashkil qilinib, Yettitom shaharchasi uning maʼmuriy markazi etib belgilandi. Natijada bu yerdagi avval tabiiy oʻrmonzor va samarasiz yerlar sifatida baholanib, Qumdaryo davlat oʻrmon xoʻjaligi tasarrufiga berilgan yerlarning qadri, qiymati va unga boʻlgan talab ham keskin oshib ketdi.

Aslida ham endi tumanning qoq markazidagi yerlarni oʻrmon sifatida asrab oʻtirishdan mantiq yoʻqdek. Shaharchada yangi ishlab chiqarish majmualari, savdo va xizmat koʻrsatish tarmoqlarini kengaytirish, mavjud infratuzilmani rivojlantirish uchun bu yer maydonlariga ham ehtiyoj katta. Shunday ekan, uning zarur qismini belgilangan tartibda davlat zaxirasiga oʻtkazib, qonuniy asosda fuqarolar yoki tadbirkorlarga berish mumkin.

Biroq hozirgi vaqtda bu yer maydonlari “Noqonuniy egallab olish” niqobi ostida qaysidir masʼullar tomonidan hech qanday hujjatlarsiz sotib yuborilmoqda. Hududdagi bir guruh fuqarolar tahririyatimizga shu haqida murojaat qilib, bu borada adolat taʼminlanmayotgani, oʻrmon xoʻjaligi yerlari talon-toroj etilayotganligidan norozilik bildirishdi.

— 2021-yilda Qumdaryo davlat oʻrmon xoʻjaligi hududidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va bogʻ tashkil qilish uchun 1,10 gektar yer maydonini shartnoma asosida 49-yilga ijaraga olgandim, — deydi Bahriddin Bobomurodov. — Bogʻni namunaviy asosda tashkil qilganman. Shartnomada koʻrsatilgan boshqa shartlarning ham barchasini bajarib kelyapman. Oʻzim qoʻshni qishloqdan qatnab ishlaganim bois yozda foydalanish uchun shu yerdan dala shiyponi sifatida bitta tom qurgandim. Kadastr xodimlari kelib, buni noqonuniy qurilish sifatida baholashdi. Ishni sudga oshirishdi. Sud ham shunday qaror chiqardi. Qonuni hurmat qilaman. Endi noqonuniy qurilishni buzib tashlamoqchiman. Lekin men qurilishni ijaraga olgan, barcha toʻlovlarini doimiy toʻlab borayotgan joyimda qurdim. Yon-atrofimdagilar esa oʻrmon xoʻjaligining oʻziga tegishli yerlarni ham oʻzlashtirib, uy-joy qurib olmoqda. Allaqachon koʻchib kelib yashayotganlar ham koʻp. Qonun hamma uchun barobar. Nega kimningdir noqonuniy qurilishiga hamma koʻz yumayapti-yu, kimgadir darhol chora koʻrilyapti? Mana shunisi alam qiladi.

Murojaatchi Ulugʻbek Botirovning aytishicha, masʼullarning “koʻngliga yoʻl topgan” kishi oʻrmon xoʻjaligi yerlarida qurilishni boshlab, binoni yopib olguniga qadar bu ishga hamma koʻz yumadi. Keyin uning ishini sudga oshiradi. Shu yoʻl bilan yerni sotganlar bu qilmishlarini qonunan himoyalab qoʻyadi. Bungacha uy-joyni qurgan oila allaqachon bu yerga koʻchib kelib yashay boshlaydi. Endi sud qanday qaror chiqarishidan qatʼiy nazar, butun oilani koʻchda qoldirib, uy-joyini buzib tashlash oson emasda. Mojaro bir-ikki yil davom etishi mumkin, lekin alal-oqibat egallab olgan joyi oʻsha fuqaroga qoladi.

Ajablanarlisi, nahotki, tuman hokimligi, tuman sudi, tuman IIB binolarining roʻparasida, ulardan atigi 500 metr naridagi yerda amalga oshirilayotgan shuncha noqonuniy qurilishlardan bexabar boʻlsa? Qumdaryo davlat oʻrmon xoʻjaligi rahbari oʻrmon xoʻjaligiga tegishli yerlarning noqonuniy sotib yuborilayotgani haqidagi gaplarni qatʼiy inkor etib, mavjud holatni “Oʻrmon xoʻjaligi yerlarining fuqarolar tomonidan noqonuniy egallab olinishi” deb asosladi.

— Boʻlayotgan qurilishlarning hammasi yuz foiz noqonuniy, — deydi u. — Biz har bir noqonuniy qurilish boʻyicha tegishli hujjatlarni toʻplab, ishni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborganmiz. Endi ular holatni huquqiy baholab, qonun ijrosini taʼminlab berishi kerak.

Murojaatni oʻrganish davomida bevosita noqonuniy qurilishlar boʻlayotgan joyga borib, u yerdan suratlar oldik. Bundan darhol xabar topgan oʻrmon xoʻjaligi masʼullari bizni “Davlat tomonidan muhofaza etiladigan oʻrmon yerlariga ruxsatsiz kirish”da ayblab, maʼmuriy chora qoʻllash bilan tahdid qilishdi. Qizigʻi, masʼullar bizning bir lahzaga oʻrmon hududiga kirib chiqqanimizdan ogoh-u kimlarningdir tosh, tuproq toʻkib, uy-joy uchun poydevor qoʻyayotganidan bexabarmi? Agar xabari boʻlsa, nega noqonuniy qurilishlarni hali boshlanmasidan turib toʻxtatmagan? Xullas, savollar koʻp... Bu ishga vakolatli tashkilotlar muammoga jiddiyroq yondashib, oʻrmon xoʻjaligi yerlarining talon-toroj etilishiga yoʻl qoʻymaydi, degan umiddamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?