Maktab taʼlimi: uning poydevorini bugundan mustahkam qoʻyishimiz kerak

10:32 29 Yanvar 2022 Jamiyat
554 0

Tarixga nazar tashlasak, buyuk allomalarimiz oʻzlarining ulkan ilmiy merosi bilan dunyoga juda koʻp kashfiyotlarni taqdim qilishgan. Abu Rayhon Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy, Abu Ali ibn Sino va boshqa mutafakkirlarning izlanishlari, ixtiro hamda kashfiyotlaridan hozir ham Gʻarb dunyosi taraqqiyot yoʻlida foydalanyapti, deya bemalol ayta olamiz.

Har sohada, xususan, taʼlim yoʻnalishida ham rivojlangan mamlakatlar qatorida boʻlish Yangi Oʻzbekistonning asosiy maqsadlaridan biridir.

Shu bois keyingi yillarda ushbu tizimni, ilm-fanni har tomonlama taraqqiy ettirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Taʼlim-tarbiya tizimi sifati va samaradorligini oshirish, oʻquvchilarda zamonaviy bilim hamda koʻnikmalarni shakllantirish, taʼlim hamda ilm-fan sohasi oʻrtasida yaqin hamkorlik va integratsiyani, shuningdek, taʼlim uzviyligi hamda uzluksizligini taʼminlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Bu bejiz emas. Zero, kelajak bilimni chuqur egallagan jamiyatlarga tegishli boʻladi.

Xoʻsh, taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor nimalarda koʻrinadi? Avvalo, Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan koʻplab Farmon va qarorlar tub mohiyati mana shu sohani yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Chunki taʼlimni, maktablarda oʻqitish sifatini yaxshilamasdan turib, zamon talablari asosida ish tashkil etmasdan turib koʻzlangan maqsadlarga erishib boʻlmaydi. Bu inkor qilib boʻlmas haqiqatdir.

Saʼy-harakatlar esa besamar ketayotgani yoʻq. Bugun islohotlar taʼlimga oid barcha muassasalardagi zamonaviy sharoitlar, oʻquvchi-yoshlar va talabalarning ilm-fan boʻyicha qoʻlga kiritayotgan yutuqlari ham shunday darak beradi.

Shu yilning 26-yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Uni kuzatib, oʻzim uchun alohida chora-tadbirlar rejasini tuzib oldim. Sababi yigʻilishda har bir sohani, xususan, taʼlimni yanada rivojlantirish, oʻquvchi-yoshlarni intellektual salohiyatini, bilimini, umuman, taʼlim sifatini oshirib borish masalalariga alohida toʻxtalib, bu borada qilinishi lozim boʻlgan ishlar belgilab berildi.

Bu hali hammasi emas. Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan navbatdagi yana bir muhim videoselektor yigʻilishi ham aynan maktab taʼlimini rivojlantirish masalalariga bagʻishlandi. Bu ham taʼlim-tarbiya masalasi davlatimiz rahbarining eʼtiborida ekanining amaldagi yorqin isbotidir.

Qayd etildiki, mamlakat kelajagi, barcha soha va loyihalar muvaffaqiyati bilimli insonlarga bogʻliq. Shu bois oxirgi toʻrt yilda taʼlim sifatini yaxshilash, oʻqituvchilar mavqeini yuksaltirish boʻyicha koʻp ishlar qilindi.

Yangi Oʻzbekistonimiz yangi davrga qadam qoʻydi. Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish ham aynan taʼlim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgani ham bejiz emas.

Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, taʼlim sohasidagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yoʻq. Maktab taʼlimida poydevorni bugundan mustahkam qoʻyishimiz kerak.

Yana bir haqiqat shuki, shu paytgacha foydalanib kelinayotgan taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari faqat nazariy bilim berishga yoʻnaltirilgan boʻlib, bolalarni mantiqiy fikrlashga, amaliyotga, hayotga oʻrgatmayapti.

— Umuman, oʻqitish metodikasi, darsliklari, partadan tortib, binosigacha toʻliq qayta koʻrib chiqamiz. Taʼlimga, muallimga sharoit yaratmasak, jamiyat oʻzgarmaydi. Tuman, viloyat va respublika darajasida Maktab taʼlimini isloh qilish kengashlari tuziladi. Respublika kengashiga shaxsan oʻzim rahbarlik qilaman. Tuman va viloyat kengashlariga esa hokimlar bosh boʻladi, — dedi Prezidentimiz.

Darhaqiqat, taʼlimga eʼtibor berilmasa, davlat koʻp narsadan yutqazadi, taraqqiyotdan ortda qolib, jamiyat esa oʻzgarmaydi. Shu bois, yigʻilishda maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar ham belgilab berildi.

Davlatimiz rahbari har doim inson qadri uchun qaygʻuradi. Yigʻilishda yuqori malakali, izlanuvchan, oʻzining “mahorat maktabi”ga ega muallimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha choralar belgilanishini taʼkidladi. Unga koʻra, endilikda Xalq taʼlimi vazirining jamgʻarmasi tashkil etiladigan boʻldi. Mazkur jamgʻarmaga dastlab byudjetdan 300 milliard soʻm ajratiladi. Jamgʻarma mablagʻlari ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etayotgan, oʻquvchilari yuqori natijalarga erishgan muallimlarga ham beriladi.

Ragʻbat har bir soha fidoyilariga kuch-gʻayrat, shijoat beradi. Xuddi shunday, umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilariga ham. Biz esa yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, eʼtiborga mos ravishda bor salohiyatimiz bilan soha rivojiga hissa qoʻshishimiz lozim.

Bugungi kunda bizning maktabimizda oʻquvchilarning puxta bilim olishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. 5 muhim tashabbus doirasida oʻquvchilarining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, sport va sanʼat yoʻnalishlarida turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, musobaqa hamda koʻrik-tanlovlar tashkil etish doimiy eʼtiborimiz markazida, desam, mubolagʻa boʻlmaydi.

Maqsadni baland qoʻyganmiz: u ham boʻlsa, Oʻzbekistonni taʼlim indeksi boʻyicha rivojlangan mamlakatlar qatoriga qoʻshish, navqiron avlodni jismonan sogʻlom, intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega, asosiysi, ona Vataniga sodiq qilib tarbiyalashdan iboratdir.

Bu yoʻlda qoʻlni-qoʻlga berib, bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilamiz, barcha eʼtibor hamda resurslarimizni safarbar etamiz. Zero, taʼlim-tarbiya masalasi, bu — hayot-mamot masalasidir.

Intizor QURBONOVA,

Toshkent shahri Sergeli tumanidagi

269-umumtaʼlim maktabi direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер