“Taksi”lar faoliyatini litsenziyalashda ham ijobiy oʻzgarishlar boʻldi

17:56 28 Avgust 2020 Jamiyat
15311 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyida Oliy Majlis palatalariga qilgan murojaatnomasida mamlakatimizdagi litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirish boʻyicha topshiriqlar berilgan edi.

Shundan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi PF–6044-son “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmonga asosan jami 70 turdagi faoliyatlar uchun litsenziyalar, 34 turdagi ruxsatnomalar 2021-yil 1-yanvardan bekor qilinishi, 14 ta litsenziya va ruxsatnomalarning koʻrib chiqish muddatlari qisqartirilishi, shuningdek 115 tasida tartib-taomillar soddalashtirilishi belgilandi.

Jumladan, bekor qilinayotgan litsenziyalar orasida avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish faoliyati uchun litsenziya ham bor.

Endi mazkur faoliyat bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar 2021-yil 1-yanvardan boshlab oʻz faoliyatini litsenziya olmasdan amalga oshirishlari mumkin boʻladi.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikka muvofiq yoʻlovchilarni yengil avtomobilda tashish faoliyati bilan faqat yuridik shaxslar tomonidan litsenziya asosida amalga oshiriladi.

Ularning mazkur faoliyati uchun beriladigan litsenziya tartib-taomillari ham Farmon bilan soddalashtirildi.

Xususan, yoʻlovchilarni yengil avtomobillarda shahar, shahar atrofida va shaharlararo tashish faoliyati uchun alohida-alohida litsenziyalar olinishi talab etilar edi. Farmonga asosan 2021-yil 1-yanvardan yengil avtomobillarda shahar, shahar atrofida va shaharlararo tashish faoliyati uchun yagona litsenziya olish kifoya qiladi. Bu orqali ushbu faoliyat bilan shugʻullanayotgan 1 ta yengil avtomobili bor tadbirkor 2 mln. soʻm, 10 ta avtomobili bor tadbirkor esa 20 mln. soʻmdan ortiq mablagʻlarni iqtisod qilib qoladi.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslarning yoʻlovchilarni yengil avtomobillarda tashish faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlangan. Biroq, mazkur faoliyat bilan aksariyat hollarda fuqarolar noqonuniy shugʻullanib kelmoqdalar.

Jumladan, noqonuniy yoʻlovchi tashish holatlari boʻyicha 2019-yilda 54 mingga yaqin fuqarolar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Yaʼni, yoʻlovchilarni yengil avtomobilda tashish faoliyatida yashirin iqtisodiyotning ulushi qariyb 60 foizni tashkil etmoqda.

Mazkur sohadagi asosiy muammo litsenziyalash tartibi bilan bogʻliq emas, balki fuqarolarning yoʻnalishsiz taksichilik faoliyati bilan shugʻullanishni legallashtirish hisoblanadi.

Shu sababli, hozirgi kunda fuqarolarga yoʻlovchilarni yengil avtomobilda tashish faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish taqozo etilmoqda.

Shunga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 
2-martdagi PF–5953-son Farmoni bilan jismoniy shaxslarga avtomobil transportida yoʻlovchilarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo yoʻnalishlar boʻyicha tashish huquqini berish boʻyicha topshiriq berilgan.

Hozirda mazkur sohani tartibga solishga vakolatli boʻlgan mutasaddi idoralar tomonidan ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

Dilshod Shodiyev,
huquqshunos

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?