Taxiatoshda zamonaviy tibbiy diagnostika markazi foydalanishga topshirildi

16:04 31 Mart 2022 Jamiyat
1068 0

Energetika vazirligi, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “Taxiatosh IES” AJ tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxiatosh shahrida bunyod etilgan barcha sharoitlarga ega, zamonaviy tibbiy diagnostika markazi hamda tikuvchilik sexi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tasarrufiga begʻaraz topshirildi.

Avvalroq, “Taxiatosh IES” AJ tarkibida tibbiy diagnostika markazi hamda tikuvchilik sexi qurib foydalanishga topshirilganligi haqida xabar berilgan edi.

2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida markazni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tasarrufiga begʻaraz topshirish hamda undan Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisi keng foydalanishiga sharoit yaratish boʻyicha qaror qabul qilindi.

Diagnostika markazi bosh shifokori Tabassum Ruzmetovaning taʼkidlashicha, muassasa eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, jumladan, zamonaviy MRT, elektrokardiogramma, videoendoskopiya, ultratovush diagnostikasi, stomotologiya va boshqa tibbiy qurilmalar yordamida yetarli tajribaga ega boʻlgan tibbiy xodimlar tomonidan aholiga xizmat koʻrsatish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.

Tibbiyot markazida sohaga oid izlanishlar olib borish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda tibbiy amaliyotlar va yuqori texnologik muolajalarni tashkil etish, hududdagi tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etish ham belgilangan.

Tikuvchilik sexini tashkil etish orqali xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, eng chekka hududlarda istiqomat qilayotgan ayollarga tadbirkorlikning sir-asrorlarini oʻrgatish va bu orqali oilalar farovonligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilishi koʻzlangan.

Bu yerda asosan ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlar uchun maxsus kiyim-boshlar tayyorlanishi yoʻlga qoʻyilgan.

Ikkala loyiha doirasida 65 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?