Tafakkur va yondashuv davr talablariga moslashish masʼuliyati

Yaqinda davlatimiz rahbari qabul qilgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmon nafaqat iqtisodiy rivojlanishning asosiy ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradi, balki yangi avlodni taʼlim va innovatsiya yoʻnalishida tarbiyalash, ularga ilgʻor bilim va zamonaviy kompetensiyalar berishga zamin yaratadi. Shu jihatdan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi — yangi taraqqiyot bosqichi, mamlakatning global iqtisodiyotda munosib oʻrin egallashini taʼminlashga xizmat qiladigan muhim hujjat, desak, ayni haqiqat.
Mazkur hujjatga muvofiq, 2025-yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilindi. Bu Oʻzbekistonning ekologik barqarorlik, resurslarni tejash va “yashil” taraqqiyotni taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Jahonda ekologiya va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan bir paytda Oʻzbekiston “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish va ekologik muammolarga yechim topish boʻyicha strategik maqsadlarni oʻz oldiga qoʻygan.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida ilm-fan hamda taʼlim sohasiga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Xususan, taʼlim va ilm-fan rivojini taʼminlash uchun quyidagi yoʻnalishlarda ishlar amalga oshiriladi:
oliy taʼlim va kasbiy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish. Yangi zamonaviy taʼlim standartlari, raqamli va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xalqaro taʼlim tizimiga integratsiyani kuchaytirish;
ekologik barqaror rivojlanish va “yashil” iqtisodiyot boʻyicha yangi oʻquv dasturlari. Oliy taʼlim va kasb-hunar maktablarida atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” rivojlanish fanini joriy etish, muhandislik va tabiiy fanlar yoʻnalishlarini kengaytirish;
ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash. Ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini kengaytirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida stipendiyalar ajratish;
kadrlar tayyorlashda yangi yondashuvlar. Ekologiya, muhandislik va energetika sohalaridagi mutaxassislar tayyorlashni kuchaytirish, “yashil” iqtisodiyot boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
zamonaviy taʼlim infratuzilmasini rivojlantirish. Har bir hududda “yashil texnikum”lar ochilishi, ularni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti bilan hamkorlikda rivojlantirish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda ilm-fan va taʼlim ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanar ekan, bu oʻz navbatida, intellektual salohiyatning yuksalishiga, ekologik barqaror rivojlanishni taʼminlashga va innovatsion taraqqiyotga xizmat qiladi. Shu maʼnoda, tashkil etiladigan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti iqlim oʻzgarishi, ekologik muammolar va barqaror rivojlanish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib boradi, xalqaro tashkilotlar va tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni kuchaytiradi. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” rivojlanish fanining joriy etilishi ekologik bilim hamda malakaga ega mutaxassislarni tayyorlash imkonini yaratadi.
Yangi bilim va texnologiyalarni oʻzlashtirish imkoniyati
Farmonga muvofiq, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan iqlim oʻzgarishi va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi xalqaro oʻquv dasturlari uchun maxsus grantlar ajratilishi belgilangan. Bu esa ilgʻor mamlakatlar tajribasini oʻrganish, yangi bilim va texnologiyalarni oʻzlashtirish imkonini beradi.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi nafaqat iqtisodiyot va ekologiya, balki pedagogik oliy taʼlim tizimi uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Zero, barqaror rivojlanish, ekologik madaniyat va “yashil” texnologiyalar jamiyatda inson kapitali bilan bogʻliq boʻlib, bu jarayonda oliy pedagogik taʼlim muhim oʻrin tutadi.
Zamonaviy pedagogika tizimi nafaqat fuqarolarni umumiy bilimlar bilan taʼminlashi, balki ularda ekologik madaniyatni shakllantirish, tabiatga masʼuliyat bilan munosabatda boʻlish va barqaror rivojlanish tamoyillarini singdirish vazifasini ham bajarishi lozim. Shu bois ham oliy pedagogik taʼlim tizimida bir qator islohotlar amalga oshiriladi.
Birinchi navbatda, pedagogika universitetlari va institutlarida atrof-muhit muhofazasi, iqlim oʻzgarishi va ekologik barqarorlikka oid oʻquv dasturlarini joriy qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kun oʻqituvchilari oʻz mutaxassislik sohasi boʻyicha bilimga ega boʻlish bilan cheklanmay, yoshlarga ekologik madaniyat va tabiat resurslaridan oqilona foydalanish tamoyillarini ham oʻrgatishi kerak. Shu maqsadda kelgusi yillarda pedagogika fanlari dasturlariga ekologik taʼlim asoslari, “yashil iqtisodiyot” tamoyillari va iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha fanlar kiritilishi lozim boʻladi.
Ekologik madaniyat va barqaror rivojlanishga oid fanlar hamda metodik qoʻllanmalar ishlab chiqib, pedagogik kadrlarni tayyorlashda foydalanishni yoʻlga qoʻyish zarur. Bu islohotlar pedagogika sohasini nafaqat zamonaviy talablarga moslashtirish, balki taʼlim jarayonini ekologik ong va masʼuliyat asosida rivojlantirishga xizmat qiladi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan bu oʻzgarishlar kelajak avlodning ekologik taʼlim saviyasini yuksaltirish va “yashil taraqqiyot” Qoyalarini amaliyotga tatbiq etishda muhim qadam boʻladi.
Yil dasturi mamlakatimiz taʼlim sohasini, xususan, pedagogik oliy taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Bu Chirchiq davlat pedagogika universitetida amalga oshirilayotgan innovatsion taʼlim loyihalari bilan uygʻun va hamohang.
Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri
Taʼlim muassasamizda joriy etilgan “Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri” loyihasi ilm-fan, amaliyot va taʼlimni uzviy bogʻlash orqali barqaror rivojlanish Qoyalarini keng joriy etishni nazarda tutadi. Klaster modelining asosiy maqsadi taʼlim jarayonini innovatsion yondashuvlar bilan boyitish, malakali pedagog kadrlarni tayyorlash hamda ustuvor fan sohalarini uzviylik va uzluksizlik tamoyillari asosida rivojlantirish orqali barqaror rivojlanish strategiyalarini shakllantirishdan iborat.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida taʼlimning rivojlanishiga qoʻyilgan ustuvor yoʻnalishlardan biri, bu — ekologik madaniyatni oshirish va resurstejamkor bilimlarni shakllantirish. Shu bois pedagogik taʼlim innovatsion klasteri doirasida ekologik taʼlim, atrof-muhit muhofazasi, “yashil” iqtisodiyot asoslari va iqlim oʻzgarishi boʻyicha mutaxassislik kurslarini ochish maqsad qilingan. Ushbu kurslar nafaqat nazariy bilim berish, balki amaliy tajribalar orqali talabalarning atrof-muhit va barqaror rivojlanish masalalari boʻyicha kompetensiyasini oshirishga yoʻnaltiriladi.
Klaster doirasida ekologik taʼlim boʻyicha oʻquv kurslari, seminarlar va amaliyotlar tashkil etiladi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, resurs tejovchi texnologiyalar va iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha innovatsion tadqiqotlar amalga oshiriladi, ekologik taʼlim va “yashil” iqtisodiyot yoʻnalishidagi ilgʻor xalqaro tajribalar oʻrganilib, mahalliy taʼlim tizimiga joriy qilinadi, hududiy taʼlim muassasalari va sanoat korxonalari bilan hamkorlik orqali amaliy mashgʻulotlar uyushtiriladi.
Bundan tashqari, “Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri” doirasida taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik kuchaytiriladi. Bu esa ekologik taʼlim boʻyicha yangi metodikalarni ishlab chiqish, oʻquv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish va “Ustoz — shogird” tizimini mustahkamlash imkonini beradi. Shuningdek, mutaxassislar va oʻqituvchilar uchun xalqaro malaka oshirish dasturlari tashkil etilib, xorijiy pedagogik va ilmiy markazlar bilan hamkorlik kengaytiriladi. Shu tariqa Chirchiq davlat pedagogika universitetidagi “Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri” nafaqat zamonaviy pedagoglarni tayyorlash, balki ularning ekologik madaniyati va “yashil” dunyoqarashini shakllantirishga ham xizmat qiladi. Oʻz navbatida, bu “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ekologik barqarorlik va resurstejamkor taʼlim modelini shakllantirishda muhim qadam boʻladi.
Hozirgi kunda universitetimizda joriy etilgan Individual taʼlim konsepsiyasi talabalarning shaxsiy qobiliyati, qiziqishi va kasbiy yoʻnalishlarini inobatga olgan holda oʻqitish tizimini shakllantirishga qaratilgan. Ushbu tizim zamonaviy taʼlim talablari, mehnat bozorining ehtiyojlari va oʻquvchilarning shaxsiy istaklariga moslashgan holda individual yondashuvni taʼminlash maqsadida ishlab chiqilmoqda. Bu esa ekologik taʼlimning rivoji uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi.
Ekologik barqarorlik va resurs tejovchi model
Strategiyada ekologik barqarorlik, resurs tejamkorlik va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilab berilgan. Shu bois Individual taʼlim konsepsiyasi doirasida ekologik taʼlimga ixtisoslashtirilgan kurslar, maxsus fanlar va ilmiy tadqiqot loyihalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bu konsepsiya asosida ekologik taʼlimga yoʻnaltirilgan shaxsiy oʻquv dasturlari ishlab chiqiladi. Har bir talabaga oʻz qobiliyati va kasbiy qiziqishiga mos ravishda ekologik fanlar, iqlim oʻzgarishi, tabiat muhofazasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha kurslarni tanlash imkoniyati beriladi. Iqlim oʻzgarishi, tabiiy resurslarni tejash va ekologik xavfsizlik sohasida mutaxassislar tayyorlash maqsadida maxsus fakultativ kurslar, seminarlar va amaliyotlar oʻtkaziladi.
Onlayn va interfaol taʼlim platformalari orqali talabalarga ekologik innovatsiyalar va barqaror rivojlanish boʻyicha xalqaro tajribalarni oʻrganish imkoniyati yaratiladi.
Ekologik pedagogika hamda “yashil” taʼlim boʻyicha mutaxassislik dasturlari shakllantiriladi va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.
Maxsus ekologik ustaxonalar va laboratoriyalar tashkil etilib, talabalar atrof-muhit muhofazasiga oid ilmiy tadqiqot ishlarini amaliy tarzda bajarish imkoniga ega boʻladi.
Bundan tashqari, Individual taʼlim konsepsiyasi doirasida talabalarning ekologik yoʻnalishdagi tadqiqotlari uchun grantlar va ilmiy stipendiyalar ajratish, iqlimshunoslik hamda atrof-muhit muhofazasi boʻyicha xalqaro va mahalliy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirish rejalashtirilgan. Shu tariqa Individual taʼlim modeli nafaqat shaxsiy qobiliyat va kasbiy qiziqishlarni rivojlantirish, balki ekologik taʼlimni individual tarzda tashkil etish va talabalarga barqaror rivojlanish tamoyillarini chuqurroq singdirish imkonini beradi.
Hozirgi globallashuv jarayonida taʼlim tizimining xalqarolashuvi Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishi va ilgʻor standartlarga mos oʻqituvchilar tayyorlash uchun muhim omil hisoblanadi. Universitetimizda joriy etilayotgan Xalqaro oʻqituvchilar tayyorlash dasturi aynan shu maqsadga qaratilgan boʻlib, u anʼanaviy taʼlim metodlarini takomillashtirish, ekologik taʼlim sohasida xalqaro standartlarni joriy qilish va ularni mahalliy sharoitlarga moslashtirish imkonini beradi.
Mazkur loyiha doirasida ekologik taʼlim, iqlim oʻzgarishi va atrof-muhit muhofazasi sohasida yuqori malakali oʻqituvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu jarayonda xalqaro tajribani oʻrganish va ilgʻor metodikalarni oʻzlashtirish uchun xorijiy universitetlar hamda taʼlim markazlari bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Shuningdek, ekologik taʼlim sohasida xalqaro sertifikatlash tizimini joriy etish, oʻqituvchilarning ekologik savodxonligini oshirish va ularni xalqaro bozorda raqobatbardosh mutaxassislar sifatida tayyorlash maqsad qilingan.
Bundan tashqari, xalqaro taʼlim dasturlaridan foydalangan holda mahalliy taʼlim tizimi uchun maxsus oʻquv va metodik qoʻllanmalar yaratish ham ushbu loyihaning asosiy yoʻnalishlaridan. Bu esa mahalliy pedagoglar va talabalarga ekologik taʼlimning eng soʻnggi metodlarini oʻzlashtirish imkonini beradi.
Umuman, Xalqaro oʻqituvchilar tayyorlash dasturi nafaqat pedagog kadrlarning malakasini oshirish, balki Oʻzbekiston taʼlim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, ekologik madaniyatni shakllantirish va “yashil” taʼlimni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Bu esa “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining ekologik taʼlimga oid vazifalarini amalga oshirishda muhim qadam boʻladi.
Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, Prezident Farmonida taʼlimning amaliylashtirilgan modellarini joriy etish, kadrlarni ishlab chiqarish va innovatsiya sohalari bilan integratsiya qilish ham muhim vazifa sifatida belgilangan. Shunga muvofiq, Chirchiq davlat pedagogika universitetida Dual taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilib, u talabalarga oʻquv muassasalarida olgan bilimlarini real sharoitlarda sinab koʻrish imkonini beradi. Talabalar ekologik taʼlim muassasalarida amaliyot oʻtash, ularda ekologik fanlarni oʻqitish uslublarini oʻrganish va metodik qoʻllanmalar tayyorlashda qatnashish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ishlovchi korxonalarda tajriba oʻtash, ularning ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatish va “yashil” texnologiyalar asosida taʼlim metodikasini shakllantirish kabi imkoniyatlarga ega boʻladi.
“Eshitdim, koʻrdim, bajardim”
Zamonaviy pedagogik yondashuvlar orasida amaliyotga yoʻnaltirilgan oʻqitish metodlari alohida ahamiyat kasb etadi. Chirchiq davlat pedagogika universitetida joriy qilingan “Eshitdim, koʻrdim, bajardim” loyihasi talabalarni ekologik taʼlim jarayoniga faol jalb qilish, ularning bilimini amaliy koʻnikmalar bilan boyitish va muammolarga yechim topishda tajribadan foydalanishga oʻrgatishga yoʻnaltirilgan.
Bu loyiha strategiyada belgilangan ekologik taʼlim va barqaror rivojlanishga oid maqsadlar bilan uzviy bogʻliq boʻlib, oʻquv jarayonini faqat nazariy bilimlar bilan cheklamay, talabalarga real muammolarni hal qilish koʻnikmasini ham shakllantirishni koʻzda tutadi. Ekologik savodxonlikni oshirish hamda atrof-muhit muhofazasiga masʼuliyatli yondashuvni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yondashuv talabalarga nafaqat ekologik tahdidlar haqida tushuncha beradi, balki ularni amaliyot orqali shu muammolarga yechim topishga oʻrgatadi.
Ushbu loyiha talabalarning ijodiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ularni real hayotda yuzaga kelayotgan ekologik muammolarga yechim topishga oʻrgatish, shuningdek, barqaror rivojlanish va iqlim oʻzgarishiga moslashuv strategiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etishga ragʻbatlantirish imkonini beradi.
Taʼlim sohasi, xususan, pedagogik oliy taʼlim muassasalari “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi asosida yangi metodlar, innovatsion yondashuvlar va ekologik taʼlim modellarini joriy etishga moslashishi zarur. Universitetimizda amalga oshirilayotgan yuqoridagi loyihalarning ushbu Farmon maqsadlari bilan uygʻunlashtirilishi ekologik taʼlim tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda taʼlim tizimi nafaqat nazariy bilim berish, balki ekologik madaniyatni shakllantirish, talabalarni ekologik muammolarni yechishga yoʻnaltirish, amaliy koʻnikmalarni oshirish vazifalarini ham bajarishi lozim. Ushbu Farmon doirasida fan va taʼlimning integratsiyalashuvi, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ekologik innovatsiyalarni tadqiq qilish va amaliyotga tatbiq etish ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylanmogʻi zarur.
Farmon nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlar uchun ham ekologik barqarorlik va “yashil” taraqqiyot yoʻlida mustahkam poydevor yaratadi. Davlat va jamiyat oldidagi asosiy vazifa — ushbu hujjatda belgilangan maqsad va vazifalarni toʻliq amalga oshirish, barcha sohada tafakkur va yondashuvni yangi davr talablariga moslashtirishdir. Taʼlim va ilm-fan esa ushbu maqsadlarni roʻyobga chiqarishda asosiy kuch boʻlishi shart.
Gʻofurjon MUHAMEDOV,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring