Tafakkur chaqmoqxonasi

17:09 29 May 2021 Madaniyat
1472 0

Davlatimiz rahbari 2020-yil 20-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida parlament quyi palatasi binosida deputatlarning oʻz faoliyati, xususan, qonun ijodkorligi jarayonida zarur boʻladigan maʼlumotlar va yetarli koʻnikmalarga ega boʻlishlari uchun zamonaviy, qulay, shuningdek, mamlakatimiz hamda jahonning ilgʻor axborot resurs markazlari bilan elektron integratsiyalasha oladigan “Parlament kutubxonasi”ni tashkil etish taklifini qoʻllab-quvvatlagan edi.

Oliy Majlisda barcha sharoit bor edi, faqatgina idrok chaqmogʻiga kuch beruvchi zamonaviy kutubxona yetishmasdi. Siyosatchi faqat axborot bilangina emas, keng kitob olamidan bahramand boʻlishi kerak. Bunday ilm maskanlarining barpo etilayotgani mamlakatimizda olib borilayotgan maʼnaviy islohotlarning davomi boʻlgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga xizmat qilishi, biz deputatlarga xalqchil va adolatli qonunlarni ishlab chiqishda koʻmak bagʻishlaydi.

Eng zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan, dunyo parlamentlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish imkonini beradigan, shinam kutubxona Prezidentimizning asarlaridan tortib, dunyoning 97 mamlakatida 54 tilda nashr qilingan 2200 nomdagi gazeta va jurnallarning toʻliq maʼlumotlar bazasi, 1900 nomdagi ilmiy jurnallar, millionlab ilmiy hujjatlarni oʻz ichiga olgan jahonning muhtasham maʼlumotlar majmuasini oʻz ichiga olgan.

Kitob – tafakkurning puchmoqlarini ochadi, yashnatadi. Shuning uchun ham hamma asr odamlari uni eʼzozlab, moʻtabar qiladilar. Xuddi non kabi koʻzga surtadilar. Yot va johillar nigohidan yashiradilar, kerak vaqtda tilloga ham alishmaydilar. Bir kitob uchun otilganlarni, jon fido qilganlarni bilamiz.

Dunyoni goʻzal maʼnaviyat, yaʼni asl kitob qutqaradi, degan gʻoya bugun xalqaro miqyosda qanot qoqyapti. Oliy maqomdagi uchrashuvlar chogʻida eng qadrli sovgʻa sifatida kitob tuhfa qilish anʼanasida teran hikmat borligini ahli tafakkur anglab yetdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ulkan shodiyona – tubdan yangilangan, barcha qulayliklar muhayyo etilgan eng zamonaviy qiyofadagi kutubxona oʻz bagʻriga kitobsevar, ilmsevar kitobxonlarni chorlamoqda. Qonunchilik palatasi deputatlari professional maqomda faoliyat yurita boshlaganlariga 16 yil toʻlgan bir paytda koʻngildagidek kutubxonaning foydalanishga topshirilishi kelgusida milliy qonun ijodkorligi sifat va samaradorligini mutlaqo yangi bosqichlarga koʻtaradi.

Farida BOʻTAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер