Tadbirkorning huquqiy manfaatlari himoya qilindi

10:42 16 Mart 2026 Jamiyat
142 0

8 mln 869 ming 462 soʻmlik ortiqcha qarzdorlik masalasi oxir-oqibat adolatli yechim topdi. Gap shundaki, “Don fyuchers” MCHJ tomonidan ortiqcha toʻlangan soliqlarni hisobga olish yuzasidan 2019-yil 29-dekabrda Andijon shahar soliq inspeksiyasiga murojaat qilingan edi. Biroq ushbu soʻrov oʻz vaqtida ijroga qaratilmagani sababli korxona hisobida asossiz qarzdorlik yuzaga kelgan. Masalaga huquqiy jihatdan yondashgan adliya organlari sudga murojaat qildi va Andijon tumanlararo maʼmuriy sudining hal qiluv qaroriga koʻra ortiqcha hisoblangan summa yagona soliq toʻlovi hisobidan singishtirildi. Shu tariqa tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi. Bu haqda Andijon viloyati adliya boshqarmasida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi. Bayon etilishicha, nazorat qiluvchi va xizmat koʻrsatuvchi organlar tomonidan maʼmuriy taʼsir choralarini qoʻllash, ruxsatnoma berish va xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq huquqni qoʻllash amaliyotida bunday holatlarga misollar talaygina.

Masalan, ish rejasi asosida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Andijon viloyati boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari faoliyati oʻrganilgan. Tahlillar davomida maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrib chiqishda ayrim holatlarda huquqni qoʻllash amaliyoti toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani aniqlanib, adliya organlari tomonidan sohada metodik yordam koʻrsatilgan.

Shuningdek, xodimlarni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish masalasida ham qator kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. Xususan, 2025-yil davomida 20 036 nafar xodim dastlabki tibbiy koʻrikdan, 73 241 nafar xodim esa davriy tibbiy koʻrikdan oʻtmagani maʼlum qilindi. Bu kabi holatlarni bartaraf etish va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli choralar koʻrilmoqda.

Umuman olganda, 2025-yilda adliya boshqarmasiga 4 ming 20 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlsa, ularning aksariyati oʻz vaqtida ijobiy yechim topdi, ayrimlarining ijrosini taʼminlash chorasi koʻrilmoqda.

Saminjon HUSANOV, ”Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер