Tabiatning musaffo inʼomi

15:55 28 Fevral 2025 Jamiyat
287 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Qish faslining soʻnggi kunlarida Moʻynoqda qalin qor yogʻdi. Ona zamin qoʻynidagi daraxtlardan tortib, bugʻdoyzorlargacha oppoq qorga burkandi. Orolboʻyida yaqin yillarda bunday qor yogʻmagani uchun bolalar ham xursand. Yoshi ulugʻlar tabiatning bu musaffo inʼomini moʻl suv, qut-barakaga qiyoslamoqda. Qoraqalpoq dehqonlari ekin maydonlarini qishda sugʻorib qoʻyadi, chunki bahorgi suv qachon kelishi amrimahol. Yurtimizda suvni tejash va undan samarali foydalanishga alohida eʼtibor berilayotganining boisi ham shunda. Bunday islohotlar olis hududlarga suv yetkazilishini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Oʻtgan yillarda magistral kanal boʻylarida koʻplab sholi maydonlari paydo boʻlgani sir emas. Qoraqalpogʻiston Respublikasi rahbariyatining saʼy-harakatlari natijasida bu ishlarga barham berildi. Oʻtgan yilning yoz faslida Moʻynoq tumanida istiqomat qiluvchi Amet Bostanovning oʻz tomorqasida mevaga toʻla shoxlarini koʻtarolmay qolgan daraxtining oldida suv kelganidan quvonib gapirgan dil soʻzlari ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab boʻlgandi. Keyingi yillardagi suvsizlikdan mevali daraxtlar emas, Orolboʻyida oʻsadigan yirik toʻrangʻil daraxtlari qurib qolayotganiga guvoh boʻlib yurganlar Amet ogʻa tomorqasidan olingan lavhalarni koʻzlarida yosh bilan koʻrgandi. Albatta, mavjud suvning adolat bilan taqsimlanishi moʻynoqliklarning turmushida ayniqsa, tomorqasidan moʻl hosil olib, hayotidan rozi boʻlib yashashiga hamda hududda chorvachilik va boshqa tarmoqlarning rivojlanishiga katta zamin yaratmoqda.

— Yildan yilga kamayib borayotgan suv miqdorlarining oʻrnini qoplash, yaʼni yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri B.Juzbayev. — Shulardan biri irrigatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash-tiklash borasidagi ishlardir.

Ilgari yirik kanallar 30-40-yilgacha rekonstruksiya qilinib qazilmagan. Prezidentimizning suv xoʻjaligi sohasiga qaratgan eʼtibori natijasida 2018-yil Nukus shahrini kesib oʻtuvchi “Anasay” magistral kanali rekonstruksiya qilinishi boshlandi. Eʼtiborlisi, ushbu magistral kanalida rekonstruksiya ishlari yakunlangach suvdan foydalanish koeffitsiyenti oshdi. Aholining tomorqa maydonlari va fermer xoʻjaliklarining ekin maydonlariga suv yetkazib berish sifati yaxshilanadi. “Doʻstlik” kanalining Nukus shahrini kesib oʻtuvchi 6 kilometr qismida betonlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Mazkur kanalda bir necha bosqichda amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari natijasida avvalo, shahar hududidan oqib oʻtadigan qismining texnik holati yaxshilandi. Nukus shahrida suv turizmni rivojlantirish, suv sporti bilan shugʻullanish uchun qulay sharoit yaratilib, kanalning ikki sohili aholining dam oladigan maskaniga aylandi. Nukus shahri, Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak, Kegayli, Chimboy va qisman Nukus tumanlari hududlariga suv yetkazish sifati oshirildi. Suv yoʻqotishlarni kamaytirishga erishildi.

Yurtimizda Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy etilgan “kanallarni betonlash boʻyicha zarbdor yil” tadbirlari doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtgan yili 4 ta kanalda betonlash ishlari olib borildi. Bu boradagi ishlar joriy yilda ham izchillik bilan davom ettirilib, tegishli qaror va dasturlar asosida 39,8 km uzunlikdagi 4 ta kanalni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. Bugungi kunda Taxiatosh tumanidagi “Eski Keneges”, Qoʻngʻirotdagi “Jinishke”, Taxtakoʻpirdagi “Гоне-Қуўаныш-жарма” kanalida betonlash ishlari olib borilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad ham avvalo, olis ovullardagi aholining tomorqa maydonlarining suv taʼminotini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Suv xoʻjaligi vazirligidan olingan maʼlumotlarga koʻra, aholining tomorqa maydonlariga suv yetkazish masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentyabrdagi PQ-330-son qarori bilan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi qabul qilingach, bu yoʻnalishdagi ishlar aniq chora-tadbirlar belgilangan.

Mazkur dastur doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 89 ta mahalla hamda ovul fuqarolar yigʻinlarida aholi tomorqa maydonlarini kafolatli suv bilan taʼminlash nazarda tutilgan. Suv xoʻjaligining barcha darajadagi masʼul rahbarlari kambagʻallikni qisqartirish umummilliy harakatiga munosib hissa qoʻshish maqsadida mahallalarga suv yetkazish ishiga shaxsiy javobgarlik va masʼuliyat bilan yondashmoqda.

Ushbu dasturga asosan 89 ta loyiha asosida mahallalarda aholi tomorqasini suv bilan taʼminlash maqsadida sugʻorish tarmoqlarni betonlashtirish, rekonstruksiya qilish, nasos agregatlarini oʻrnatish ishlarini amalga oshirish belgilangan. Shu oʻrinda, Davlatimiz rahbarining suv xoʻjaligi sohasidagi islohotlari natijasida tumanlardagi suv xoʻjaligi tashkilotlariga yangi texnikalar berilayotganini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Masalan, keyingi 2 oyda Qoraqalpogʻistondagi suv xoʻjaligi tashkilotlariga 9 ta yangi ekskavator hamda kanallarni betonlashda ishlatiladigan oldin suvchilar tashkilotida boʻlmagan 2 ta “Karmiks” maxsus texnikalar olib kelindi. Endilikda ushbu texnikalardan samarali foydalangan holda tomorqalarga suv yetkazish imkoniyatlari oshiriladi. Irrigatsiya tarmoqlarini tozalash va betonlash orqali suv yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarimiz yuqori bosqichga chiqariladi, albatta.

Qishning soʻnggi kunlarida yoqqan qor rizq-u roʻz, baraka, yosh-u ulugʻlarning bu borada qilgan duolari ijobat boʻlsin! Suv moʻl sharoitda ham tiriklik manbai boʻlgan obi-hayotni tejash, behuda sarflamaslik, samarali ishlatish barcha foydalanuvchilarning eng ustuvor vazifa boʻlishi lozim. Oʻshanda eng olis ovullargacha suv yetib borishi taʼminlanadi. Suv borgan ovullarda kambagʻallik qisqaradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?