Suvni asrab, tabiatni yashnatib

19:39 23 Yanvar 2026 Jamiyat
471 0

Takomillashayotgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumaning bu galgisi xuddi shu mavzuda oʻtdi. Xoʻsh, yangilanayotgan strategiyada qanday kelajak koʻzlanmoqda? Shu kabi savollarga tadbirda masʼullar atroflicha javob berishdi.

Bugun dunyo shiddat bilan oʻzgaryapti, tabiat esa insondan eʼtibor hamda ehtiyotkorlik talab qilyapti. Ayniqsa, suv va atrof-muhit masalasi har birimiz uchun kun tartibimizdagi eng dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Shu maʼnoda “Taraqqiyot strategiyasi” markazida boʻlib oʻtgan, takomillashayotgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” yoʻnalishiga bagʻishlangan matbuot anjumani katta ahamiyat kasb etdi.

Matbuot anjumanida ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi. Tadbirda Suv xoʻjaligi vazirligi Axborot xizmati rahbari Shuxrat Suyunov, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi vakili Aqlbek Normirzayev, Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi vakili Xojimurod Tolipov, shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi masʼul xodimlari ishtirok etib, dolzarb masalalar yuzasidan oʻz fikr va takliflarini bildirdi.

Anjumanda soʻzga chiqqan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Bunyod Tillaxoʻjayev strategiyaning uchinchi ustuvor yoʻnalishi — “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” boʻyicha aniq maqsadli koʻrsatkichlar belgilanayotganini alohida qayd etdi. Unga koʻra, 2030-yilgacha suv va ekologik masalalarda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi, qaysi natijalarga erishish lozimligi indikatorlar asosida belgilab olinmoqda, deya qoʻshimcha qildi moderator.

Suv xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Shuxrat Suyunov oʻz chiqishida suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan vazifalarga alohida toʻxtaldi. Maʼlum qilinishicha, hozirda mamlakatimizda sugʻoriladigan ekin maydonlari 4,3 million gektarni tashkil etadi. 2025-yil oxiriga kelib 2,6 million gektar, yaʼni sugʻoriladigan yerlarning 60 foizi suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan. Yangilanayotgan strategiyada esa 2030-yilgacha qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini 100 foiz suv tejovchi texnologiyalar bilan taʼminlash maqsadi qoʻyilgan.

Taʼkidlanganidek, strategiyaning yangi loyihasida har bir maqsadning samaradorlik koʻrsatkichlari yillar kesimida aniq belgilangan. Moliyaviy manbalar va masʼul idoralar aniq koʻrsatilgani bu hujjatni qogʻozda qolib ketmaydigan, amalda ishlaydigan ishonchli dasturga aylantiradi.

Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish agentligi vakili Tolipov Xojimurod mamlakatni yashillashtirish, choʻllanishga qarshi kurashish ishlari haqida toʻxtalib oʻtdi. Uning aytishicha, 2020–2025-yillarda 13 207 gektar ihotazorlar barpo etilgan boʻlsa, kelgusi besh yilda yana 16 000 gektar ihotazorlar tashkil etiladi. Shu tariqa, 2020–2030-yillar davomida jami 29 207 gektar ihotazorlar barpo etiladi.

Matbuot anjumani yakunida masʼullar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi. Umuman olganda, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi tabiatga ehtiyotkorona munosabat, suvni tejash va yashil kelajak sari ishonchli qadam qoʻyishni koʻzlayotgan, hayotga yaqin va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan muhim dastur ekani yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?