Surxondaryoda qishloq xoʻjaligi xodimlari kuniga bagʻishlangan kurash musobaqasi oʻtkazildi

09:51 16 Dekabr 2025 Jamiyat
186 0

Surxondaryo viloyatida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan katta kurash musobaqasi yuqori saviyada oʻtkazilib, haqiqiy sport bayramiga aylandi. Musobaqada mamlakatimizning turli hududlari hamda qoʻshni respublikalardan tashrif buyurgan polvonlar ishtirok etib, kuch, mahorat va jasorat sinovdan oʻtdi.

Bellashuvlar qizlar oʻrtasida +63 kg, erkaklar oʻrtasida 66 kg va 81 kg vazn toifalarida tashkil etildi. Anʼanaga muvofiq, eng katta qiziqish mutlaq vazn toifasidagi bahslarga qaratildi.

Murosasiz va qizgʻin kechgan bellashuvlar yakunida mutlaq vazn toifasida Oltinsoy tumanidan Jahongir Mamatraximov gʻolib deb topildi. U bosh sovrin — Prezident sovgʻasi boʻlgan “Damas” avtomashinasi bilan taqdirlandi. Ikkinchi oʻrin Jarqoʻrgʻon tumanidan Shermuhammad Jandriyevga nasib etib, unga tuya topshirildi. Uchinchi oʻrinni Sariosiyo tumanidan Muhsin Hisomiddinov hamda Qashqadaryo viloyatidan Shohrux Baxtiyorov egallab, har ikki polvon ot bilan mukofotlandi.

Gʻolib va sovrindorlarga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. Ushbu musobaqa qishloq xoʻjaligi xodimlari bayramining mazmun-mohiyatini yanada boyitib, milliy kurash sport turining ommaviyligi va nufuzi ortib borayotganini yaqqol namoyon etdi.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?