Surxondaryoda koʻmir ishlab chiqarish hajmi oshdi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo mamlakatimizning yer osti va yer usti boyliklariga boy hududlaridan. Ayniqsa, voha oʻzining koʻmir zaxiralari bilan mashhur. Hisob-kitoblarga koʻra, yurtimiz hududidagi qariyb 2 milliard tonna koʻmir zaxirasining 143,4 million tonnasi viloyatimiz hududida aniqlangan. Bu xomashyoning 33 million tonnasi Shargʻun, 20,3 million tonnasi Boysun, 20 million tonnasi Koʻxitang koʻmir konlarida mavjud. Shuningdek, Nilu, Panama, Gurud, Fangart, Xaus, Aksu va boshqa uchastkalarda 70,1 million tonna koʻmir zaxirasi bor.
Sariosiyo tumanidagi “Shargʻunkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatining koʻmir konida 40-50 daraja issiqlik quvvatiga ega, temirni ham eritishga qodir 5 ming 200 dan 8 ming 100 kkal/kg miqdori va sifati jihatidan oʻta yuqori boʻlgan koʻmir mahsuloti qazib olinmoqda.
Qariyb bir asrlik tarixga ega konda shu kungacha shaxtyorlar murakkab sharoitda mehnat qilib kelayotgan edi. Ishlab chiqarishdagi togʻ-kon jihozlarining uzoq yillar davomida eskirishi, koʻmir qazib chiqarish va sotish hajmining pasayishi korxonani rivojlanishdan ortda qoldirdi. Natijada koʻmir qazib olish 18,4 ming tonnagacha tushib ketdi.
Sifatli toshkoʻmir zaxirasiga boy konni rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor soʻnggi besh yilda toshkoʻmir qazib chiqarish hajmini bosqichma-bosqich 56 foizga oshirdi. Ishlab chiqarish hajmining yildan yilga oʻsib borishi aholi farovonligini oshirish va koʻmir qazib olish tannarxining pasayishiga olib kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 13-yanvardagi “Shargʻunkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va loyiha quvvatini yiliga 900 ming tonnagacha toshkoʻmir qazib olishga yetkazish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ushbu kon toʻliq yangilanib, xitoylik mutaxassislar bilan Oʻrta Osiyoda yagona mexanizatsiyalashgan texnologiyalar asosida yuqori kaloriyali qattiq yoqilgʻi qazib olish yoʻlga qoʻyildi.
Loyihani ishga tushirib, yerosti boyligidan oqilona foydalanish uchun korxonaning 11 million dollar oʻz mablagʻi, “Oʻzmilliybank”ning 4,7 million dollar krediti yoʻnaltirildi. Xitoy “Eksimbank”ining 89,8 million dollar krediti jalb etildi. Bu mablagʻlar evaziga xitoylik hamkorlar bilan Shargʻun shaharchasidan shtolnyagacha 24 kilometr temir yoʻl hamda koʻmir ortish stansiyasi qurildi. Shtolnya va 11,5 ming pogon-metr yer osti yoʻlaklarini qurish ishlari yakunlandi. Zamonaviy togʻ-kon uskunalari oʻrnatildi. Yer usti binolari va bosh ventilyator qurilmasi inshooti qurilib, quvvati 700 kilovattli ikkita ventilyator oʻrnatildi. Yangi tozalash inshooti bunyod etildi. Kon lahmlari, koʻmir qazib olish lavalari tayyorlanib, ikkita lavadan parallel mexanizatsiyalashgan usulda koʻmir qazib olish yoʻlga qoʻyildi. Yer ostidagi koʻmir qazish kombaynlarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan maxsus situatsion markaz orqali kuzatib turish imkoniyatini yaratdi.
— Endilikda koʻmir qazib olish 5 baravargacha oshdi, — deydi “Shargʻunkoʻmir” aksiyadorlik jamiyati modernizatsiya qilish investitsiya loyihasini amalga oshirish direksiyasi filiali direktori Maʼruf Azizqulov. — Ilgari koʻmir qazish faqat portlatish usulida amalga oshirilgan. Hozir mexanizatsiyalashgan usulda koʻmir ishlab chiqarilmoqda. Buning uchun qattiq yoqilgʻi qazish kombaynlari, shuningdek, ishchilarning xavfsiz koʻmir qazib olishi uchun maxsus gidravlik mustahkamlagichlar oʻrnatilgan. Loyihada qoʻllanilayotgan texnologiya mintaqamizda yagona boʻlib, koʻmirning qiyaligi 45 gradusli boʻlgan konlarda bunaqa mexanizatsiyalashgan usulda koʻmir qazib olish murakkab jarayon sanaladi. Uni amalga oshirish davrida yuzaga kelgan koʻplab geologik murakkabliklarga qaramay, loyihada koʻrsatilgan ishlar bajarildi. Bu texnologiyani qoʻllagan holda yiliga 900 ming tonnagacha, oyiga 75 ming tonnagacha koʻmir qazib olish mumkin. Bundan tashqari, xalqaro standartlar asosida koʻmir sifatini oshirish, investorlarni yanada kengroq jalb qilish kun tartibimizdagi asosiy masalalardan. Yiliga 500 ming tonna koʻmirni boyitish uskunasi ishga tushirilishi imkoniyatlarimizni yanada kengaytiradi.
Ayni kunlarda Boysun koʻmir konining “Janubiy” qismida yiliga 50 ming tonnagacha toshkoʻmir qazib chiqarish boʻyicha yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

“Boysunkoʻmir” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy 220 gektar maydonda amalga oshirilayotgan ushbu yirik loyihaning umumiy qiymati 60 million dollar boʻlib, ikki bosqichda tashkil etish belgilangan. Dastlabki bosqichda yiliga 50 ming tonna koʻmir qazib olish natijasida 17,8 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichda 55 million dollarlik xorijiy investitsiya mablagʻlari jalb qilinadi. Yiliga 161 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi. Buning evaziga 200 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Hozirgi kunda yer osti koʻmir konini tayyorlab, toshkoʻmir qazib chiqarish suratlarini oshirish maqsadida koʻmir qatlamlari orqali gorizontal va qiya kon lahmlari ochilmoqda.
— Hozirgi kunda mahalliy va xorijiy investorlar ishtirokida uchta joyda loyiha ishlari amalga oshirilmoqda, — deydi “Boysunkoʻmir” MCHJ rahbari Xurshid Nasrullayev. — “Sanjar” koʻmir konini auksion orqali “Boysun enerji” korxonasi sotib oldi. Hozirda koʻmir qazib olish loyihasi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, “Toʻda-1”, “Toʻda-2” hamda “Janubiy” koʻmir uchastkalarini sotib olgan investorlar tomonidan geologik oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, soha rivojiga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli koʻmir sanoati yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan tarmoqqa aylandi. Bularning barchasi milliy iqtisodiyotimiz barqarorligi, xalqimiz farovonligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarning amaldagi samarasidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring