Surxondaryoda ilk bor DNK sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi ish boshladi

13:07 05 Dekabr 2025 Jamiyat
173 0

Viloyatda aholiga qulaylik yaratish va sud-ekspertiza xizmatlarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam amalga oshirildi. X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining viloyat boʻlimi uchun barpo etilgan zamonaviy yangi bino tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Marosimda Adliya vazirligi va viloyat hokimligi masʼullari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutasaddilari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yangi majmuada sud-ekspertiza sohasi uchun zarur boʻlgan eng ilgʻor talablarga javob beradigan sharoitlar yaratilgan. Eʼtiborlisi, viloyatda ilk bor Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi ish boshladi. Endilikda fuqarolar biologik ota-onalikni aniqlash xizmatidan toʻgʻridan-toʻgʻri Surxondaryoning oʻzida foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu aholi uchun vaqt va mablagʻ tejash, sud-tergov jarayonlarida esa tezkorlik va aniqlikni taʼminlashda katta ahamiyat kasb etadi.

Tadbir doirasida sud-tergov organlari xodimlari va advokatlar uchun sud-ekspertiza sohasidagi yangi islohotlar, laboratoriyaning ishlash tartibi va amaliyotga kiritilayotgan texnologiyalarga bagʻishlangan maxsus seminar ham oʻtkazildi.

Yangi laboratoriyaning ishga tushirilishi adolatni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini kafolatlash, shuningdek, sud-ekspertiza xizmatlari shaffofligi va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?