Surxondaryoda 82 kg giyohvand moddani olib ketayotgan shaxs ushlandi

11:10 25 Mart 2025 Jamiyat
202 0

Davlat xavfsizlik xizmatining IIV va Bojxona qoʻmitasi xodimlari bilan hamkorligida oʻtkazgan tezkor tadbirida qariyb 100 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi.

DXXning Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Sariosiyo tumanida yashovchi, 1977-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan shaxs tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Uzun tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 82 kilogramm 478 gramm “opiy” moddasini olib, mahalliy fermer xoʻjaliklaridan birining noturar binosiga yashirib qoʻymoqchi boʻlgan vaqtida ushlandi. Aniqlanishicha, u 2 ming AQSH dollari xizmat haqi evaziga, tojikistonlik narkosavdogarning koʻrsatmasiga asosan ushbu giyohvandlik vositasini kelgusida belgilangan joyga yetkazib berishi kerak boʻlgan.

DXX va IIV xodimlari hamkorligida Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 2001-yilda tugʻilgan shaxs sintetik giyohvandlik vositalarini “zakladka” tarzida joylashtirayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Shuningdek, u oʻz qaynonasining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilganligi aniqlanib, tintuv tergov harakatlari davomida ushbu manzildan 9 kilogramm 450 gramm “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Bundan tashqari, mazkur fuqaro tomonidan mijozlarga sotish maqsadida xufiya joylarga qoldirilgan jami 595 gramm “Mefedron” moddasi ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Boshqa holatda esa Rossiya Federatsiyasidan xalqaro pochta joʻnatmalari orqali boshqa tovar nomi ostida plastik idishda yuborilgan 7 kilogramm 313 gramm sintetik kannabinoid analogi boʻlgan “5-Fluro-ADB” giyohvand moddasini qabul qilib olganlarida Toshkent shahrida vaqtincha yashovchi, 2001 va 2002-yillarda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan 2 nafar shaxs DXX va Bojxona qoʻmitasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi. Aniqlanishicha, ular WhatsApp messenjeri orqali tanishgan nomaʼlum profil egasi topshirigʻiga koʻra, 500 AQSH dollari evaziga ushbu ajal ogʻusini Toshkent shahridan Samarqand viloyatiga yetkazib berishlari kerak boʻlgan.

Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur narkotik moddani Samarqand viloyatida qabul qilib olgan vaqtlarida Pastdargʻom tumanida yashovchi, 2001 va 2002-yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaro ham ushlandi.

Ulardan birining Samarqand shahridagi xonadoni koʻzdan kechirilganda, sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun moʻljallangan yashirin laboratoriya tashkil qilinganligi maʼlum boʻldi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?