Surxondaryo bozorlarida savdo yarmarkalari tashkil etildi

11:00 17 Fevral 2026 Jamiyat
204 0

Davlatimiz rahbari saxovat, mehr-oqibat va shukronalik oyi Ramazonda ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash, aholiga qulayliklar yaratishga alohida eʼtibor qaratdi. Shu maqsadda tegishli idora va tashkilotlarga zarur topshiriqlar berildi.

Prezident topshirigʻi ijrosi doirasida Muborak oy munosabati bilan Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etildi.

Termiz shahridagi “Yashil dunyo” markaziy dehqon bozori hududidagi yarmarkada mahalliy ishlab chiqaruvchilarning turli turdagi mahsulotlari arzon narxlarda sotuvga chiqarildi. Barcha mahsulotlarning sifati va xavfsizligi boʻyicha nazoratga olingan, narxlar esa aholi uchun qulay darajada belgilangan.

Yarmarka faqat narxlarni barqarorlashtirish bilan cheklanib qolmay, aholiga sifatli mahsulotlar taqdim etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash va xaridorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.

— Bozor juda obod va tartibli. Mahsulotlar ham sifatli. Eng muhimi, narxlari hamyonbop. Bu yerdan barcha zarur mahsulotlarni topish mumkin. Bunday qulayliklarni yaratgan masʼullardan minnatdormiz, — deydi Gulchehra Abdullayeva.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер