Surxon milliy taomlari vohaning “tashrif qogʻozi”ga aylangan

11:56 29 Oktyabr 2024 Jamiyat
5648 0

Farhod ESONOV/«Xalq soʻzi». Surxon vohasi oʻziga xos urf-odatlari, anʼanalari va marosimlari bilan boshqa hududlardan farq qiladi. Shu maʼnoda, Surxondaryoni etnografik makon, deb aytishimiz mumkin.

Tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladigan Surxon vohasi turizmning barcha turlarini rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega. Mamlakatimizda sohaga qaratayotgan eʼtibor qadimiy vohada turizmning ziyorat, eko, etno, agro, togʻ, gastronomik kabi yoʻnalishlarini yuksaltirib, mahalliy va xorijlik sayyohlar oqimini koʻpaytirmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida Surxondaryoga 370 mingga yaqin xorijlik va 1 million 330 mingdan ortiq mahalliy sayyohlar kelgani ham shundan dalolat beradi.

— Surxondaryo — boy turistik salohiyatga ega voha, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari, turizm boshqarmasi boshligʻi Joʻrabek Toʻrayev. — Hududning arxeologik, ziyorat, agro, eko, tibbiyot, gastronomik kabi turistik maskanlari, ayniqsa, keyingi yillarda dunyo sayyohlarida katta qiziqish uygʻotmoqda. Sanatoriy, teatr va muzeylarga keluvchilar soni ortmoqda. Vohaning jahonga mashhur goʻzal maskanlarida oʻtkazilishi anʼanaga aylanayotgan uzum, anor, olma festivallari, “Milliy taomlar sayli” kabi tadbirlar ham kelgusida viloyatga sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Haqiqatan ham Surxondaryo viloyati oʻzining boy etnografik xususiyatlari bilan Oʻzbekistonning muhim madaniy makoni hisoblanadi. Uning etnik xilma-xilligi, anʼanalari, hunarmandchiligi, ayniqsa, oʻziga xos milliy taomlariyu noz-neʼmatlari eʼtirofga molik.

Darvoqe, Denov tumanidagi Sina mahallasida joriy yilning 1-noyabr kuni anʼanaviy milliy taomlar sayli oʻtkaziladi. Shu kuni togʻlar qoʻynidagi maftunkor Sinaga “Turizm qishlogʻi” maqomi berilishi ham kutilmoqda.

Ushbu saylda voha tumanlari va Termiz shahrining milliy uslubda bezatilgan pavilyonlari tashkil etilib, hududlariga xos tansiq taomlar koʻrgazmasi, taomlar tayyorlash bilan bogʻliq uslub, udum va anʼanalar keng namoyish etiladi.

Surxon oʻzining boy tarixi va madaniyati bilan bir qatorda, milliy taomlari bilan ham mashhur. Masalan, un, shakar, tuxum va sutdan tayyorlanadigan — sugʻurma, qoʻy goʻshti, piyoz, sabzi, kartoshka va boshqa sabzavotlar aralashmasidan pishiriladigan — qoʻrda, xamir ugrasi, piyoz, turli giyohlar qaynatmasiga suzma aralashmasi — keskan osh, un, shakar, tuxum, yongʻoq va boshqa mahsulotlardan tayyorlanadigan — halvo, tegirmon unidan yopiladigan 10 dan ortiq non turlari, “choʻponcha” va tandir kabobning oʻziga xos tarixi hamda tayyorlanish uslublari bor.

— Tandir kabob biz, surxondaryoliklar tilida “tandir goʻsht” nomi bilan ataladi, — deydi mahoratli oshpaz Gʻayrat Valiqulov. — Dastlab yangi soʻyilgan shirboz goʻshti maydalanadi. Tabga qarab tuzlangan goʻsht turli ziravorlar bilan yaxshilab aralashtiriladi. Non pishiriladigan darajadan sal balandroq olovda qizdirilgan tandirga baquvvat sixlarda sim bilan mahkamlangan goʻsht tandir ogʻzida osiladi va ustidan togʻ archasi shoxchalari bostiriladi. Tandir ogʻzidan kattaroq qozon yoki biror metall idish bilan tandir ogʻzi yopiladi. Usti hoʻl mato bilan oʻralib, atrofi va xandaq loy bilan yaxshilab berkitiladi. Tandir ichidan hech bir tutun tashqariga chiqmasligi kerak. Agar tutun chiqsa, goʻsht kuyadi. Shu tariqa goʻsht tandir ichida 1,30 — 1,40 daqiqa qoldiriladi.

Tandir kabob — Surxondaryoning mashhur taomlaridan biri boʻlib, viloyatning madaniyati va anʼanalarini oʻzida aks ettiradi. Tayyorlanishi sanʼat darajasida rivojlangan mana shunday milliy taomlar vohaning tashrif qogʻoziga aylangan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

“Milliy taomlar sayli” bejiz qadimiy va xushmanzara Sina qishlogʻida oʻtkazilmayapti. Bu qishloq ahli qadimdan oʻzining pazandaligi bilan tanilgan. Viloyat mutasaddilari hududning turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanib, maftunkor tabiat qoʻynida milliy urf-odat va anʼanalarni mahalliy va xorijiy sayyohlarga keng namoyish etishni, kelajakda qadimiy bu qishloqni turistlarning sevimli maskanlaridan biriga aylantirishni maqsad qilishgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер