Suriyaga borib, oʻzini portlatish yoʻli bilan “shahid” boʻlish masalalarini muhokama qilgan shaxslarga hukm oʻqildi (+video)

09:57 11 Sentyabr 2025 Jamiyat
273 0

Surxondaryoda ekstremistik gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan shaxslarga nisbatan sud hukmi oʻqildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi qaroriga binoan terrorchilik tashkiloti deb tan olingan va mamlakatimizda faoliyati taʼqiqlangan “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkiloti tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga chek qoʻyilgan.

Mazkur guruh aʼzolari orasida muqaddam ekstremistik gʻoyalar bilan bogʻliq sodir etgan jinoyatlari uchun 2021-yilda yengillik qoʻllanilib, shartli ozodlik bilan ochiqlikda qoldirilgan shaxslar ham borligi maʼlum boʻlgan.

2024-yilda tashkil etilgan guruh aʼzolari viloyatning togʻoldi hududlarida hordiq chiqarish niqobi ostida oʻtkazilgan diniy yigʻinlarda terrorchilik tashkilotlari gʻoyaviy rahnamolarining maʼruzalarini tinglab, Suriya davlatiga borib, jangarilar safida “jihod” qilish va oʻzlarini portlatish yoʻli bilan “shahid” boʻlish masalalarini muhokama qilgan.

Ushbu guruh aʼzolari ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tavhid va jihod katibasi” tashkiloti yollovchilari bilan muloqot oʻrnatib, ular yuborgan qoʻlbola portlovchi qurilmalar va zaharlovchi moddalar tayyorlashning elektron yoʻriqnomalari yordamida keyinchalik qoʻporuvchilik harakatlarini amalga oshirishni reja qilgan hamda “Telegram” messenjeridagi yopiq guruhda xorijdagi terrorchilar koʻmagida portlovchi moddalar tayyorlash boʻyicha nazariy bilimlarni oʻrganishgan.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur jinoiy guruhning 4 nafar aʼzosi Internetdagi targʻibotlar taʼsirida Suriyadagi jangarilar safiga borib qoʻshilishga ulgurgan. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, rasmiy qidiruv eʼlon qilingan.

Bundan tashqari, guruhning 20 nafar faol aʼzosiga nisbatan sud hukmi oʻqilgan va ular Jinoyat Kodeksining 155, 155-2, 155-3, 159, 244-1 va 244-2 moddalari bilan aybli deb topilib, qilmishlariga mos ravishda 6-yildan 13-yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Guruhning qolgan aʼzolariga nisbatan esa insonparvarlik prinsiplari bilan yengillik qilinib, kechirimlilik siyosati qoʻllanilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер