Superligada narxi 1 mln yevrodan oshadigan futbolchilar soni 8 nafarga yetdi

20:15 04 Dekabr 2025 Sport
166 0

Foto: OʻFA

Bugun, 4-dekabr kuni futbolchilarning transfer summalari boʻyicha tadqiqot olib boruvchi “Transfermarkt” portali Oʻzbekiston Superligasida oʻynayotgan futbolchilarning yangilangan narxlarini eʼlon qildi.

Unga koʻra, endilikda Oʻzbekiston Superligasida narxi 1 million yevrodan oshadigan futbolchilar soni 8 taga yetdi. Bungacha, portal Abduvohid Neʼmatov (“Nasaf”), Hojimat Erkinov (“Paxtakor”), Sherzod Nasrullayev (“Nasaf”), Lyupcho Doriyev (“Soʻgʻdiyona”), Igor Sergeyev (“Paxtakor”), Xurshid Gʻiyosov (OKMK) va Jamshid Iskandarov (“Neftchi”) kabi futbolchilarni 1 million yevrodan ortiqroq summaga baholagan edi.

Endilikda ular safiga “Paxtakor” himoyachisi Hojiakbar Alijonov ham qoʻshildi. Dekabr oyidagi yangilanishdan soʻng, shu vaqtga qadar narxi 800 ming yevroga teng boʻlgan Alijonovga bu gal 1 million 200 ming yevro miqdorida narx belgilandi.

Narxi eng yuqori miqdorda oshgan futbolchilar orasida ham Hojiakbar eng yaxshi natijaga ega boʻlib turibdi. Uning narxi 1-yil ichida 400 ming yevroga oshgan. Yil boshida “Nasaf”ning oʻrinbosarlar jamoasida oʻynagan va yil yakunida Oʻzbekiston milliy terma jamoasidan chaqiruv olgan Sardorbek Bahromov ushbu reytingda ikkinchi oʻrinni egalladi. Yarim himoyachining narxi 1-yilda 350 ming yevroga oshgan.

Bu borada keyingi oʻrinlarda Igor Sergeyev, Husayn Norchayev, Muhammadrasul Abdumajidov, Jaloliddin Jumaboyev va Behruz Karimov borishmoqda. Mazkur futbolchilarning portaldagi bahosiga soʻnggi yangilanishdan keyin 200 ming yevroga qoʻshilgan.

Narxi eng koʻp miqdorda kamaygan futbolchilar TOP–10 roʻyxati:

1. Hojimat Erkinov (“Paxtakor”) – 200 ming yevro;

2. Diyor Xolmatov (“Paxtakor”) – 150 ming yevro;

3. Silvanus Nimeli (“Neftchi”) – 150 ming yevro;

4. Bobir Abduxoliqov (“Paxtakor”) – 100 ming yevro;

5. Jamshid Boltaboyev (“Navbahor”) – 100 ming yevro;

6. Saidazamat Mirsaidov (“Navbahor”) – 100 ming yevro;

7. Umar Eshmurodov (“Nasaf”) – 100 ming yevro;

8. Gʻolib Gʻaybullayev (“Nasaf”) – 100 ming yevro;

9. Zoir Joʻraboyev (“Soʻgʻdiyona”) – 100 ming yevro;

10. Flamarion (“Paxtakor”) – 100 ming yevro.

Narxlar yangilanishidan “Nasaf” jamoasi jiddiy zarar koʻrdi. Gʻolib Gʻaybullayev, Umar Eshmurodov, Alibek Davronov, Igor Golban, Oybek Bozorov, Adenis Shala, Stefan Cholovich, Dragan Cheran kabi jamoa yetakchilarining narxlari kamaydi.

OKMK klubida ham vaziyat yomonlashdi. Islom Toʻxtaxoʻjayev, Hamidullo Abdunabiyev, Ibrohim Yoʻldoshev, Akrom Komilov, Mirjamol Qosimov, Asad Sobirjonov, Ajak Riak kabi futbolchilar narxi soʻnggi yangilanishdan keyin kamaydi.

Samarqandning “Dinamo” klubida esa soʻzsiz oʻsish kuzatildi. Firdavs Abdurahmonov, Oybek Oʻrmonjonov, Jahongir Abdusalomov, Dmitriy Pletnyov, Behroʻz Oblaqulov, Ratinyo, Mahmud Muhammadjonov, Jahongir Oʻrozov, Jaloliddin Jumaboyev, Yedem Nemanov kabi futbolchilarning narxlashishi oshdi.

“Paxtakor” klubi futbolchilarda ham yetarli darajada oʻsish koʻzga tashlandi. Vladimir Nazarov, Muhammadqodir Hamroaliyev, Zaid Tahsin, Muhammadrasul Abdumajidov, Hojiakbar Alijonov, Dilshod Saitov, Abdurauf Boʻriyev, Ibrohim Ibragimov, Bashar Resan, Igor Sergeyev kabi futbolchilarning narxlari yaxshigina ortdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?