Superliga. 21-turga tafsiliy nazar: Yetakchidan zafarli yurish, “Paxtakor”dan klassikodagi gʻalaba

16:47 16 Sentyabr 2025 Sport
73 0

10–14-sentyabr kunlari Oʻzbekiston Superligasida musobaqaning 21-tur bahslari boʻlib oʻtdi. Unda quyidagi natijalar qayd etildi:

“Nasaf” 5:0 “Buxoro”;

“Mashʼal” 2:1 “Shoʻrtan”;

“Soʻgʻdiyona” 4:1 OKMK;

“Navbahor” 0:0 “Surxon”;

“Qoʻqon-1912” 2:1 “Qizilqum”;

“Paxtakor” 2:1 “Neftchi”;

“Bunyodkor” 1:0 “Xorazm”.

Boʻlib oʻtgan 7 ta oʻyinda 1 ta durang natija qayd etildi. 6 ta oʻyinda mezbonlarning qoʻli baland keldi. Bu turda mehmonlar birorta oʻyinda gʻalaba qozona olmadi. Endi baʼzi oʻyinlarga alohida toʻxtalib oʻtamiz.

“Oʻz-Klassiko”

Turnir markaziy oʻyini doirasida Superliga muxlislari “Oʻzbek klassiko”siga guvoh boʻlishdi. Yaʼni oʻsha kuni “Paxtakor” klubi Toshkentda “Neftchi” jamoasini qabul qildi.

Oʻyin oldidan “Neftchi” jamoasining imkoniyatlari biroz yuqori baholangan edi. Biroq bunday boʻlib chiqmadi. Uchrashuvning 11-daqiqasida Aziz Turgʻunboyev hisobni ochdi. 23-daqiqada “Paxtakor”ning braziliyalik legioner futbolchisi Flamarion qoʻpolligi uchun maydondan chetlatildi.

39-daqiqada 1 kishi koʻp boʻlib oʻynayotgan “Neftchi” klubi hisobni tenglashtirdi. Hakam tomonidan birinchi taymga qoʻshib berilgan daqiqalarda “Neftchi” darvozasi tomon penalti belgilandi. Ushbu zarbani Igor Sergeyev aniq amalga oshirdi va oʻzining joriy yil Superligadagi 13-golini kiritdi.

Ikkinchi taymda “Neftchi” qanchalik harakat qilmasin, Kamoliddin Tojiyev jamoasi himoyada ancha ishonchli oʻynadi. Shu tariqa “Paxtakor” jamoasi “muntoz” toʻqnashuvda azaliy raqibini yana bir bor magʻlub etdi.

Yetakchidan yirik gʻalaba

“Nasaf” jamoasi Osiyo Elit chempionlar ligasi musobaqasi oldidan 10-sentyabr kuni oʻz maydonida “Buxoro” klubini qabul qildi. Uchrashuv Roʻziqul Berdiyev jamoasining toʻliq ustunligi ostida oʻtdi va jamoa yirik hisobda gʻalaba qozondi.

Uchrashuvning 13-daqiqasidayoq hisob Husayn Norchayev tomonidan ochildi. 25-daqiqada jamoaning yangi legioner futbolchisi Yusuf Otubanjo jamoadagi debyut golini kiritdi. 28-daqiqada Sharof Muxiddinov “Nasaf”ning navbatdagi goliga mualliflik qildi. 30-daqiqada Otubanjo dublga erishdi.

Ikkinchi taymning 2-daqiqasida Dragan Cheran uchrashuvdagi yakuniy golni kiritdi. Yakuniy hisob 5:0.

“Nasaf” ayni vaqtda turnir jadvalida yaqqol yetakchi. Jamoani keyingi 9 ta turda OKMK, “Navbahor”, “Paxtakor” va “Dinamo” kabi jiddiy raqiblar kutmoqda. Koʻramiz, jamoa chempionlikni himoya qila olarmikan.

OKMK Jizzaxda yutqazdi

Turning eng qiziq oʻyinlaridan biri Jizzax shahrida boʻlib oʻtdi. Maydon egasi boʻlgan “Soʻgʻdiyona” klubi 7 ta oʻyindan beri OKMK ni na uyda, na safarda magʻlub etishni uddalaya olmayotgan edi. Bu gal Ivan Boshkovich boshchiligidagi jamoa Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi OKMKni ayab oʻttirmadi.

Uchrashuvning 28-daqiqasida Lyupche Doriyev hisobni ochdi. 45+2-daqiqada Doriyevning oʻzi hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. 49-daqiqada Shohrux Abdurahmonov “jizzaxliklar”ning 3-golini kiritdi.

63-daqiqada OKMK himoyachisi Avazbek Oʻlmasaliyev jamoasining bu oʻyindagi birinchi va yagona javob goliga mualliflik qildi. 78-daqiqada Samandar Mavlonqulov “Soʻgʻdiyona”ning toʻrtinchi golini kiritdi.

Shu tariqa oʻyin Boshkovich jamoasining yirik gʻalabasi bilan yakunlandi. Ushbu gʻalabadan soʻng, “Soʻgʻdiyona” klubi 9-oʻringa koʻtarilib olgan boʻlsa, OKMK jamoasi 5-oʻringa tushib ketdi.

Turnir jadvali

21-turdan soʻng “Nasaf” jamoasi 46 ochko bilan turnir jadvalida yaqqol karvonboshi boʻlib turibdi. “Ajdarlar”ning eng yaqin taʼqibchisi boʻlgan “Neftchi” jamoasida esa 42 ochko mavjud.

Soʻnggi oʻrinlarni esa “Xorazm”, “Shoʻrtan”, “Buxoro” jamoalari egallab turibdi.

Muxlislarning stadionlarga tashrifi

21-tur oʻyinlarini tomosha qilish uchun jami 25 012 nafar muxlis stadionlarga tashrif buyurdi. Bu har bir oʻyinni oʻrtacha 3 773 nafardan tomoshabin kuzatib borganini bildiradi.

Turda eng koʻp muxlis toʻplagan bahs ― “Paxtakor” va “Neftchi” oʻyini boʻldi. “Oʻzbek klassikosi”ni kuzatish uchun “JAR” stadioniga 7 950 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.

Eng kam futbol shinavandalarini toʻplagan oʻyin esa “Bunyodkor” va “Xorazm” bahsi boʻldi. Betaraf maydonda oʻtgan ushbu uchrashuvni koʻrish uchun 420 nafar muxlis stadionga kelgan.

Keyingi tur

Oʻzbekiston Superligasida 22-tur oʻyinlari 18–21-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Unda bizni quyidagi oʻyinlar kutmoqda:

“Surxon” – “Mashʼal”;

“Olmaliq” – “Bunyodkor”;

“Shoʻrtan” – “Paxtakor”;

“Xorazm” – “Qoʻqon-1912”;

“Buxoro” – “Navbahor”;

“Neftchi” – “Dinamo”;

“Andijon” – “Soʻgʻdiyona”;

“Qizilqum” – “Nasaf”.

Muhammadamin Zuhuriddinov,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер