Superliga. 17-turga tafsiliy nazar: Yetakchidan durang, “Dinamo”dan remontada

12:13 09 Avgust 2025 Sport
251 0

Joriy yilning 5-8-avgust kunlari Oʻzbekiston Superligasida musobaqaning 17-tur bahslari boʻlib oʻtdi. Unda quyidagi natijalar qayd etildi:

“Paxtakor” 1:2 OKMK;

“Navbahor” 1:1 “Soʻgʻdiyona”;

“Mashʼal” 2:4 “Dinamo”;

“Qoʻqon-1912” 1:2 “Neftchi”;

“Nasaf” 1:1 “Andijon”;

“Xorazm” 2:2 “Surxon”;

“Qizilqum” 1:0 “Buxoro”;

“Bunyodkor” 1:1 “Shoʻrtan”.

Boʻlib oʻtgan 8 ta oʻyinning 1 tasida mezbonlar, 3 tasida mehmonlar gʻalaba qozondi. 4 ta oʻyin esa durang natija bilan yakunlandi. Quyida baʼzi oʻyinlarga alohida toʻxtalib oʻtamiz:

Markaziy oʻyin

Yilni Osiyo Elit chempionlar ligasidagi ajoyib gʻalabalar bilan boshlagan “Paxtakor” Superligadagi birinchi oʻyinida OKMKga kutilmaganda 2:0 hisobidagi imkoniyatni boy bergan edi. Shuning uchun muxlislar bu galgi bahsda “sherlar”dan “revansh” olishni kutgani aniq.

Bunga yetarli sabablar ham mavjud: OKMK yozgi transferlar oynasida asosan zaxirasiga futbolchi olgan boʻlsa, “Paxtakor” Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga nomzod 3 va Iroq terma jamoasining 1 ta futbolchisi bilan shartnoma imzoladi. Tabiiyki, jamoa yozdan keyin yanada kuchaydi.

Ammo bu safar ham oʻyin Olmaliq shahri jamoasining gʻalabasi bilan yakunlandi.

Hisob uchrashuvining 17-daqiqasida OKMKning ispaniyalik hujumchisi Ruben Sanches tomonidan ochildi. 47-daqiqa Oʻzbekiston Superligasining toʻpurari boʻlib turgan Iroq Sergev muvozanatni tikladi. Ammo oʻyin yakunlanishiga 8 daqiqa qolganida Mirjalol Qosimov jamoasining asosiy hujumchisi Ruben Sanches oʻyindagi ikkinchi golini kiritdi va bahs OKMKning gʻalabasi bilan tugadi.

Shu tariqa “Paxtakor” jamoasi ustozi Kamoliddin Tojiyevning jamoa boshqaruvidagi magʻlubiyatsiz seriyasi yakunlandi. Uning boshchiligida “sherlar” umumiy hisobda 9 ta oʻyindan beri magʻlubiyat nima ekanini bilmay kelayotgan edi.

“Dinamo” remntadasi

6-avgust kuni boʻlib oʻtgan “Mashʼal” va “Dinamo” oʻyinida koʻp ham intriga mavjud emasdi. Hamma oʻyinda “Dinamo”ning gʻalabasi taxmin qilayotgandi. Amalda ham shunday boʻldi. Biroq ssenariy boshqacharoq kechdi.

Oʻyinning dastlabki 5 daqiqasidayoq “samarqandliklar” oʻz darvozalaridan 2 ta toʻp olib chiqdi. Dastlab, Sherzod Fayziyev, soʻng Sardor Abduraimov “Dinamo” darvozasiga toʻp kiritishdi.

Shundan soʻng, koʻpchilik bu oʻyinda sensatsion natija boʻlishi mumkinligi haqida oʻylay boshladi. Ammo tajribali Vadim Abramov oʻyinni qutqarib qoldi.

24-daqiqada “Paxtakor” klubidan sotib olingan futbolchi Ulugʻbek Hoshimov hisobni qisqartirdi. 45+3-daqiqada esa “Surxon” jamoasidan erkin agent sifatida kelgan Jahongir Abdusalomov penaltidan hisobni tenglashtirdi.

Ikkinchi boʻlimning 77-daqiqasida Abramov Dmitriy Pletnyov oʻrniga Behruz Oblaqulovni maydonga tushirdi. Aynan shu oʻzgarish oʻyin taqdirini hal qildi.

21 yoshli Behroʻz oʻyinning 86 va 90+2-daqiqalarida gol kiritdi va yakunda “Dinamo” remntada amalga oshirib, 2:4 hisobida gʻalaba qozondi.

Yetakchi ochko yoʻqotdi

“Nasaf” va “Andijon” jamoalari oʻrtasidagi bahslar soʻnggi paytlarda juda ajoyib oʻtayotganini alohida eʼtirof etish kerak. Bu galgi oʻyin ham oldingilaridan qolishmadi.

Yozgi transferlar oynasida katta yurishlarni amalga oshirgan Maksim Shaskix jamoasiga ushbu oʻyinda yangi futbolchilar yaxshigina foyda keltirdi. “Nasaf” esa yozda koʻproq yoʻqotishlarga uchradi. Jamoa bilan shartnoma imzolagan yangi legionerlardan faqatgina albaniyalik Shala bu oʻyin qaydnomasidan oʻrin oldi.

Kutilganidek, oʻyinni “Nasaf” faol boshladi va shunday oʻtkazdi. “Andijon” jamoasi esa omadini koʻproq qarshi hujumda sinadi.

Uchrashuvning 5-daqiqasidayoq hisob “Andijon” tomonidan ochildi. Golga Damir Temirov mualliflik qildi. Taʼkidlash kerakki, Damir uchun ikkinchi davra juda ajoyib boshlandi. Futbolchi 2 ta oʻyinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi.

Shundan soʻng, “Nasaf” ustunlikni toʻliq oʻz qoʻliga oldi. Umumiy hisobda “qarshiliklar” shu kuni “Andijon” darvozasiga 20 ta zarba yoʻlladi. Baʼzi zarbalar noaniq chiqqan boʻlsa, baʼzilarini “burgutlar” posboni Erjan Tokotayev bartaraf etdi.

Lekin shunday boʻlsa-da, 60-daqiqada Oybek Bozorov hisobni tenglashtirdi va oʻyin durang bilan yakunlandi.

Turnir jadvali

17-turdan soʻng, hamon “Nasaf” 37 ball bilan turnir jadvalida yetakchi boʻlib turibdi. Ammo uni taʼqib etib borayotgan jamoalar bilan ochkolar farqi qisqardi. “Neftchi”, “Dinamo” va OKMK jamoalarida 34 ball mavjud.

Soʻnggi oʻrinlarni “Shoʻrtan” (10 ball), “Qoʻqon-1912” (12 ball) va “Buxoro” (13 ball) klublari egallab turibdilar.

Muxlislarning tashrifi

17-tur oʻyinlarini tomosha qilish uchun jami 34 405 nafar muxlis stadionlarga tashrif buyurdi. Bu har bir oʻyinni oʻrtacha 4 301 nafardan tomoshabin kuzatib borganini bildiradi.

Turda eng koʻp muxlis toʻplagan bahs — “Nasaf” va “Andijon” oʻyini boʻldi. Ushbu uchrashuvni kuzatish uchun Qarshidagi “Markaziy” stadioniga 12 357 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.

Eng kam futbol shinavandalarini toʻplagan oʻyin esa “Xorazm” va “Surxon” bahsi boʻldi. Betaraf maydonda oʻtgan ushbu uchrashuvni koʻrish uchun 203 nafar muxlis stadionga kelgan.

Keyingi tur

Oʻzbekiston Superligasida 18-tur oʻyinlari 10–13-avgust kunlari boʻlib oʻtadi. Unda bizni quyidagi oʻyinlar kutmoqda:

“Soʻgʻdiyona” – “Mashʼal”;

“Neftchi” – “Nasaf”;

“Dinamo” – “Paxtakor”;

OKMK – “Qizilqum”;

“Andijon” – “Navbahor”;

“Shoʻrtan” – “Qoʻqon-1912”;

“Buxoro” – “Xorazm”;

“Surxon” – “Bunyodkor”.

Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер