Sudlar faoliyatidagi huquqni qoʻllash amaliyoti muvofiqlashtiriladi

10:56 25 Noyabr 2020 Siyosat
199 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Qonunchilik palatasida shakllangan yangi amaliyotga muvofiq, qonun loyihasini konseptual asoslash va deputatlar oldida uni himoya qilish uchun Adliya vaziri R. Davletov maʼruza bilan chiqdi.

Taʼkidlanganidek, amaldagi qonun hujjatlarida adliya organlarining majburiy boʻlgan taqdimnomalarini bajarmaslikning huquqiy oqibatlari aniq belgilanmagani ularning taʼsirchanligi pasayishiga sabab boʻlmoqda. Bu oʻz navbatida qonun buzilishlarini toʻliq bartaraf etish va ularning oldini olish imkonini bermayapti. Shuningdek, taqdimnomalarni bajarmaslik boʻyicha javobgarlikka tortishda sudlar faoliyatida turlicha huquqni qoʻllash amaliyoti shakllangan. Birgina adliya organlari tomonidan 2018-2019-yillar va 2020-yilning I yarim yilligida 39 176 ta taqdimnoma kiritilgan. Lekin idoralar va tashkilotlar tomonidan 221 ta taqdimnomaning ijrosi taʼminlanmagan.

Shundan kelib chiqib, loyiha bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Yaʼni, adliya organlarining bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarini bajarmaslik, shu jumladan oʻz vaqtida yoki toʻliq bajarmaslik mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solish belgilanyapti. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etiladigan boʻlsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solinishi koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, loyiha bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi organlarining davlat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish haqidagi taqdimnomalarini bajarmaganlik uchun ham javobgarlik oʻrnatilmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi adliya organlarining bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarini oʻz vaqtida bajarilishiga hamda sohadagi qonun buzilish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?