Sud tizimiga xalqning ishonchi darajasi qanday?

17:45 14 Avgust 2022 Jamiyat
1031 0

 

Avvalo, taʼkidlash joiz, oxirgi besh yil davomida sud tizimida islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Harakatlar strategiyasi bilan boshlangan oʻzgarishlar bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida ham davom etmoqda.

Biroq ularning natijadorligi qay darajada boʻlayapti, sud tizimining haqiqatdan adolat qoʻrgʻoni boʻlishiga nimalar halaqit berayapti, qanday muammolar saqlanib qolmoqda, degan oʻrinli savol bugun kun tartibidagi eng dolzarb masala, desak toʻgʻri boʻladi.

Hozir davlatimiz siyosatining asosiy maqsadi, yoʻnalishi – inson qadrini taʼminlash, xalq roziligiga erishishga qaratilgan boʻlib, oʻz-oʻzidan bu har bir davlat organining oldida turgan birlamchi vazifa sanaladi.

Umuman olganda, soʻnggi paytlarda sud organlariga nisbatan aholining haqli eʼtirozlari haddan ziyod koʻpayib, fuqarolarimiz tomonidan koʻplab adolatsizliklar yuzasidan shikoyatlar soni keskin ortib ketgan.

Masalan, qoʻllanilayotgan jazo choralarining adolatli emasligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab murojaatlarni oʻqiyapmiz. Albatta, sud qaroridan qaysi bir taraf baribir norozi boʻlishi tayin, biroq bir xil huquqbuzarliklarga turlicha yondashuv yoki protsessual tartiblarning buzilishi kabi holatlar bunday noroziliklarni keltirib chiqarishi tayin.

Uzoqqa bormaylik, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan masala – 14 yoshli maktab oʻquvchisini kvartiraga olib borib, jinsiy aloqa qilishga undagan uch erkak muddatidan oldin ozodlikka chiqarilganligi jamoatchilikda norozilik keltirib chiqardi.

Yoki boʻlmasa, sud protsessiga taklif etilgan shaxslarning, bular taraflar boʻladimi, ularning vakillari boʻladimi, jarayon boshlanishini uzoq vaqt kutib qolishlari, umuman belgilangan sud majlislari boshqa kunga qoldirilishi kabi byurokratik amallar ham saqlanib qolmoqda.

Odil sudlovni amalga oshirishdagi eng asosiy muammo sudlarning haqiqiy mustaqilligi va erkinligini taʼminlash, sud ishlarida adolatli qarorlar qabul qilishga qodir boʻlgan, yuksak malakali, xalol va pok vijdonli sud xodimlari korpusini shakllantirish, sudlarda ishlarni koʻrish sifatini yanada oshirish bilan bogʻliqdir.

Xalq sudni faqat odamlarni qoralaydigan, jazolaydigan organ, deb emas, aksincha, ularning haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan organ, oʻzlarining himoyachisi, adolat posboni, deb qarashi lozim. Buning uchun sudlar qonundan ogʻishmay ish tutishlari, fuqarolarning manfaatlarini muhofaza etib, ularning buzilgan huquqlarini tiklab, bu yoʻldan sobitqadamlik bilan qatʼiy borishlari va shu asosda xalqning ishonchini qozonishlari zarur boʻladi.

Bu borada, sud organlari faoliyatining huquqiy asosini muttasil takomillashtirib borish zarur. Bunda, sud va sudyalarning hokimiyatni boshqa barcha tarmoqlaridan haqiqiy mustaqilligini, sud qarorlarini qabul qilishda faqat qonunga va vijdon amriga boʻysunishini taʼminlash lozim. Ushbu huquqiy asos, oʻz navbatida, demokratizmni, xolislikni, sudning hammabop boʻlishini, sudning himoya doirasi kengayishini taʼminlashi zarur. Va nihoyat, bu huquqiy asos sud tizimiga nopok, poraxoʻr va tasodifiy kimsalar kirib qolishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.

Sud tizimidagi yana bir ogʻriqli muammo sifatida sudyalarning ish yuklamasini koʻrsatishimiz lozim.

Institutim tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudyalarning yuklamalarini tahlil qilingan, shuni ayrim jihatlariga toʻxtalib oʻtsam.

Statistik maʼlumotlar respublikamizda mazkur sudlarda koʻrilayotgan umumiy ishlar soni yildan yilga oshib borayotganligini koʻrsatmoqda. Xususan, fuqarolik sudlarida 2019-yilda 276 937 ta, 2020-yilda 291 132 ta, 2021-yilda jami 518 087 ta ishlar koʻrib chiqilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda (2022-yil 1-yanvar holatiga) tumanlararo fuqarolik sudlarida 267 ta shtat birligi bor, shundan 12 tasi vakant sifatida koʻrsatilgan. Mos ravishda, bir nafar sudya bir kunda 5-8 ta ishni koʻrib chiqadi.

Maʼlumot oʻrnida: Ish hajmi eng yuqori va eng kam boʻlgan hududlarning ikkalasida ham koʻrsatkichlar juda yuqori:

Toshkent shahridagi FIB tumanlararo sudlarda 42 nafar sudya faoliyat yuritadi. Ular tomonidan 2021-yilda 78 mingga yaqin ish koʻrilgan (bir sudyaga bir oyda 154 ta ish toʻgʻri kelmoqda).

Sirdaryo viloyatidagi FIB tumanlararo sudlarida 9 nafar sudya ishlaydi. Ushbu sudlarda 2021-yilda 18 644 ta ish koʻrilgan (bir sudyaga bir oyda 172 ta ish toʻgʻri kelmoqda.)

Sudyalar soni va koʻrib chiqilgan ishlar soni oʻrtasidagi mazkur nomuvofiq nisbat fuqarolik sudlarida moddiy va protsessual normalarning buzilishiga, fuqarolar huquq va manfaatlarining yetarli darajada taʼminlanmasligiga olib kelishi mumkin.

Sudlarda ish hajmiga taʼsir koʻrsatuvchi zamonaviy usullardan foydalanish holati qoniqarli darajada emas.

Bugungi kunda xorijiy mamlakatlarda sud-huquq sohasida ilgʻor islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlar natijasida umumyurisdiksiya sudlarida, xususan, fuqarolik sudlarida ish hajmi sezilarli ravishda kamayib, ishlarni koʻrishda yuqori samaradorlikka erishilmoqda. Jumladan, sudlarda sunʼiy intellektdan keng foydalanilmoqda, hattoki, ayrim davlatlarda sudlar yangi “Smart court” shakliga keltirilmoqda.

Maʼlumot uchun: 2017-yilda Xitoyda birinchi “internet-sud” oʻz faoliyatini boshlagan. Mazkur sud qabulxonada sud foydalanuvchilari uchun onlayn yuridik yordamni taklif qiladigan statik robotga, maxsus virtual sud zallariga, mustaqil ovozni farqlovchi speakerga (stenograflar oʻrniga), hujjatlarni elektron shaklda topshirish imkoniyatiga ega. Shuningdek, sud elektron tijorat, domen nomi bilan bogʻliq hamda onlayn kreditlar va mualliflik huquqi masalalari boʻyicha nizolarni virtual tarzda hal qila oladi.

Xanchjoudagi ushbu sud 2017-yilning boshidayoq anʼanaviy sud majlislari vaqtining qariyb yarmida 10 000 dan ortiq nizolarni koʻrib chiqqan.

Fuqarolik sudlarida sunʼiy intellektdan keng foydanish, onlayn sud jarayonlarini tashkil qilish orqali nafaqat ish hajmining kamayishiga, balki fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklarining ham oldi olinishiga erishiladi.

Bundan tashqari, ayrim mamlakatlarda sudlarning ogʻirini yengil qilish, yechimga erishilishi qiyin boʻlgan masalalar yuzasidan yordam olish imkoniyatini koʻzda tutuvchi amicus curiae instituti joriy etilgan.

Maʼlumot uchun: “Amicus curiae” lotincha “sudning doʻsti” degan maʼnoni bildiradi. Koʻrib chiqilayotgan daʼvo natijalaridan manfaatdor boʻlmagan, daʼvo taraflaridan birini qoʻllab-quvvatlovchi yoki unga qarshi bahs yurituvchi yoki maʼlumot taqdim etuvchi taraf boʻlmagan shaxs ish uchun ahamiyatli maʼlumotlarni sudga yetkazish orqali sudga yordam bera oladi. “Sudning doʻsti” sudga taqdim etadigan maʼlumotlar ikki xil boʻlishi mumkin: faktik va qonuniy. Koʻpgina hollarda “amicus curiae” sud eʼtiborini tomonlar taqdim etmagan dalillar yoki maʼlumotlarga, masalan, maʼlum bir sud qarorining ayrim uchinchi shaxslar manfaatlariga taʼsiriga qaratishga harakat qiladi.

Sudga qadar va sud jarayonida yuqoridagi va boshqa qator zamonaviy yondashuvlardan foydalanish, raqamli texnologiyalardan foydalanish koʻlamini yanada kengaytirish fuqarolik sudlarda ish yuklamasining kamayishiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.

Shu oʻrinda, Tadqiqot instituti tomonidan joriy yilning iyun oyida “Sud-huquq sohasini raqamlashtirishning dolzarb masalalari va istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etilgan edi. Konferensiya faqat konferensiyaligicha qolgani yoʻq albatta, tadbir natijasida sohani raqamlashtirishga oid aniq takliflarni ishlab chiqib, Prezident Administratsiyasiga taqdim etdik.

Xususan, sud tizimini raqamlashtirish boʻyicha quyidagi takliflar berildi:

– fuqarolarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, jinoyatlar, huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi xabarlarni koʻrib chiqish uchun elektron shaklda murojaat qilish imkoniyatini yaratish;

– surishtiruv, tergov organlari, maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqishga vakolatli organlar va sudlarda elektron ish yuritish imkonini beruvchi tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni joriy etish;

– sud ishlarini yuritish jarayonida prokuratura, surishtiruv, sudlar va jazoni ijro etuvchi organlar, shuningdek, boshqa tashkilotlar oʻrtasida elektron tizimlarni integratsiyalash va axborot almashish;

– jinoyat, iqtisodiy, fuqarolik, maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqishda protsessual hujjatlarning yagona elektron shakllarini shakllantirish;

– davlat organlari faoliyatini raqamlashtirishning yagona davlat standartlari, jumladan, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash normalarini ishlab chiqish;

– sud majlislarining audioyozuvlarini va audioyozuvlarini tanib olishning elektron tizimini, shuningdek, sud majlislarining videoyozuvlarini yuritish mexanizmlarini joriy etish.

Oʻylaymizki, ushbu takliflarning realizatsiya qilinishi sudlarda ishyuklamasini kamaytirish bilanbirga fuqarolarimizning ham odil sudlovga erishishdagi muammolarini, ovoragarchiliklarini bartaraf etishgaxizmat qiladi.

Yana bir masala, hozir aytib oʻtganlarim ichida sud majlislarining audioyozuvlarini yuritish taklifi yuzasdan toʻliqroq toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan oʻtkazilgan tahlillarga koʻra ayni paytda Respublikada 665 ta sud zali audioyozuvdan foydalanish tizimi bilan, 385 ta sud zali esa videokonferensaloqa tizimlari bilan taʼminlangan.

Amaldagi qonunchilikka koʻra sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borishning ixtiyoriy tartibi joriy etilgan. Bundan kelib chiqadiki, bugun sudlarda ayrim holatlarda eski tizimdan foydalanish, yaʼni sud majlislarini bayonnomalarda qayd etib borish tizimi hamon davom etmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, hatto tajribali yordamchi ham sud majlisida boʻlib oʻtayotgan va ish uchun muhim boʻlgan barcha holatlarni yozib borish imkoniyatiga ega boʻlavermaydi. Bu esa oʻz oʻzidan sudlanuvchi, jabrlanuvchi va sudda ishtirok etuvchi boshqa ishtirokchilarning koʻrsatmalari tushunarsiz, yuzaki bayon etilayotgani, hatto, sudya, prokuror, advokat tomonidan berilgan savollar ham bayonnomada oʻz aksini topmayotgan holatlarni yuzaga keltirishi ehtimoli yuqori.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda sud majlisi audioyozuvini majburiy olib borish tartibini joriy etish, manfaatdor shaxslarning murojaatiga asosan sud majlisining audioyozuvlarini “E-XSUD” axborot tizimi orqali elektron taqdim etish tartibini yoʻlga qoʻyish, jinoyat, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar hamda iqtisodiy sudlarni audioyozuvlarni matn shakliga oʻgiradigan dasturiy taʼminot bilan taʼminlash taklif etilmoqda.

Xorijiy davlatlar tajribasiga qaralganda, Ispaniya, Gretsiya, Slovakiya, Ruminiya, Chexiya, Gruziya, Ukraina, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Belorussiya, Qirgʻiziston va Qozogʻiston jinoyat-protsessual qonunchiligida sud majlisini audioyozuv vositalaridan foydalangan holda qayd etib borish sud majlisini tashkil etishning majburiy sharti sifatida belgilangan.

Xoʻsh bu tizim qulayliklari nimalarda koʻrinadi?

Birinchidan, sudlarda ishni koʻrish vaqtida audioyozuvdan foydalangan holda sud majlisining yozib olinishi sudyaning ishni koʻrish boʻyicha masʼuliyatini kuchaytiradi va sud protsesslarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, sud majlisi bayonnomasini oʻzgartirib qoʻyish yoki uni yoʻqolib qolishi kabi salbiy holatlarga barham beradi, sud majlisi kotibining ish yuklamasini ham birmuncha yengillashtiradi, chunki sud majlisini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish sud majlisida boʻlib oʻtgan hodisalarni oʻzida toʻliq aks ettiradi.

Uchinchidan, sud protsessida qonuniylik va shaffoflikni taʼminlash imkoniyati oshadi, sud protsessida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni aniqlash osonlashadi hamda sud xizmatlarini koʻrsatish samaradorligi oshadi.

Toʻrtinchidan, sudya yordamchilarining ish hajmi keskin kamayadi, protsess ishtirokchilari sud majlisining audio yoki videoyozuvi bilan onlayn tanishish imkoniga ega boʻladi. Qogʻoz boʻyicha sudlarning sarf-xarajatlari keskin kamayishi va eng muhimi mamlakatning sud tizimi boʻyicha amaliyoti Xalqaro reyting va indekslarda yuqori baholanadi.

Xulosa oʻrnida, taʼkidlash joizki, mamlakatda adolatli sudlovni amalga oshirish avvalo inson qadrini, uning shaʼni va manfaatlarini himoya qilish yoʻlida xalq ishonchiga sazovor boʻla olishi lozim.

Eldor MAHKAMOV,

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер