Sud tizimidagi muammolarga chek qo‘yiladi
Sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini ko‘rib chiqish va qonunchilikni qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar berish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining eng muhim vakolatlaridan biri sifatida alohida ahamiyatga egadir.
Qonunchilik hujjatlarini sudlar tomonidan to‘g‘ri va bir xilda qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori tarzida qabul qilinadi va ular huquqni qo‘llovchilar, jumladan sudyalar, protsess ishtirokchilari, prokuror va boshqa shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, ayni vaqtga qadar ham ko‘plab masalalarda bir qancha muhim qarorlar qabul qilinib, ular amaliyotga tatbiq etib kelingan.
Ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi, yangi normalarning qabul qilinishi yoki mavjud normalarning amaliyotda qo‘llash borasidagi muammolar ilgari qabul qilingan Plenum qarorlarini xatlovdan o‘tkazib turishni ham taqozo etadi.
Ma’lumki, davlat boji boshqa majburiy to‘lovlar qatorida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirishning tarkibiy qismini tashkil etadi, shu bois sudlar iqtisodiy ishlar bo‘yicha davlat boji undirishga doir qonun talablariga so‘zsiz rioya etishlari, davlat boji to‘lovidan ozod qilingan, imtiyoz berilgan shaxslar doirasini aniqlab olishlari, shu bilan birga sud xarajatini undirish, taqsimlash, davlat boji to‘lovini kechiktirish va qaytarish masalalarida e’tiborli bo‘lishlari, bu borada xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasliklari lozim.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq kichik tadbirkorlik subyektlari amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati doirasida sudlarga murojaat qilish chog‘ida ushbu qonun bilan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘laydi.
Afsuski, ushbu imtiyozni sudlar tomonidan to‘g‘ri qo‘llanishi masalasida ham muammolar, turlicha amaliyot uchrab turgan edi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risidagi qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2024-yil 16-dekabrdagi 38-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida” 2020-yil 19-dekabrdagi 36-sonli qaroriga ham bir qator muhim o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi.
Qarorda iqtisodiy sudga murojaat qilishda kichik tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘langan bo‘lib, da’vo talablari qanoatlantirilganda, agar javobgar davlat bojini to‘lashdan ozod etilmagan bo‘lsa, ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha undan undiriladigan davlat bojining miqdori da’vogar tomonidan to‘lab chiqilgan summa bilan chegaralanishi, davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini ko‘zlab taqdim etilgan da’vo talablari qanoatlantirilgan yoki rad etilgan taqdirda davlat boji taraflardan umumiy asoslarda undirilishi, agar iqtisodiy sudga murojaat qilishda kichik tadbirkorlik subyektiga davlat boji to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berilgan bo‘lsa, davlat boji ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha tegishli tarafdan qonunda belgilangan stavkada undirilishi lozimligi haqida muhim tushuntirish berildi.
Bunga qadar iqtisodiy sudlarda ayrim holatlarda kichik tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘langan bo‘lsa, da’vo talablari qanoatlantirilganda, ishning yakuni bo‘yicha davlat bojini javobgardan undirish, shuningdek davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini ko‘zlab taqdim etilgan da’volar bo‘yicha ham kichik tadbirkorlik subyektidan imtiyoz qo‘llagan holda umumiy stavkaning 50 foizi miqdorida undirish kabi noto‘g‘ri amaliyot mavjud edi.
Bundan tashqari, iqtisodiy sud kichik tadbirkorlik subyekti hisoblanmish da’vogarning davlat boji to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirgan holda da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilgan bo‘lsa, ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha aybdor shaxsdan qonunda belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji undirish bilan chegaralanish holatlari kuzatilar edi.
Endi ushbu noto‘g‘ri amaliyotga ham barham beriladi va bundan buyon kichik tadbirkorlik subyekti sudga da’vo taqdim etishda davlat bojini to‘lagan holatdagina umumiy stavkaning yarmini to‘laydi, boshqa hollarda bunday imtiyoz qo‘llanilmaydi.
Ta’kidlanganlardan tashqari, korporativ nizolar bo‘yicha bitta da’vo arizasida bir nechta ta’sischini jamiyat ishtirokchilari safidan chiqarish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha davlat bojini ta’sischilarning soniga mutanosib ravishda, nomulkiy talablar bo‘yicha belgilangan, ya’ni bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan davlat boji undirish amaliyoti ham mavjud edi, bu esa korporativ munosabat ishtirokchilarida e’tirozni yuzaga keltirar edi. Chunki, “Buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida sudga murojaat qilmoqchi bo‘lgan shaxs har bir javobgar bo‘yicha alohida davlat boji to‘lashi o‘rinlimi?” degan savol paydo bo‘lar edi.
Plenumda berilgan tushuntirishdan so‘ng korporativ nizolar bo‘yicha ta’sischini yoki bir nechta ta’sischilarni jamiyat ishtirokchilari safidan chiqarish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha davlat boji nomulkiy xususiyatdagi da’vo arizalari uchun belgilangan miqdorda bitta talab deb baholangan holda to‘lanadi yoki undiriladi.
Bilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 10-oktyabrdagi PQ-3318-sonli qarori 3-bandining to‘rtinchi xatboshisida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari manfaatlarini ko‘zlab sudga davlat boji to‘lamasdan da’vo arizalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslari xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlar taqdim etish huquqi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda da’vo arizasini qanoatlantirish rad etilganda manfaati ko‘zlab da’vo arizasi kiritilgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalaridan davlat boji undirilmasligi belgilangan.
Yuqoridagi hujjatda da’vo rad etilgan taqdirda manfaati ko‘zlangan shaxsdan davlat boji undirilmasligi belgilangan bo‘lib, boshqa mazmundagi sud hujjati qabul qilingan taqdirda davlat bojini undirish masalasida turli qarashlar mavjud edi.
Shundan kelib chiqib, Plenum qarorida yuqoridagi qoida nafaqat da’vo rad etilganda, balki da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilgan yoki ish yuritish tugatilganda ham qo‘llanilishi lozimligi haqida tushuntirish berib o‘tildi.
So‘ngi so‘z o‘rnida aytish mumkinki, islohotlarning yangi bosqichida sudlarni haqiqiy xalq sudiga, inson huquq va erkinliklarining, tadbirkorlar qonuniy manfaatlarining ishonchli himoyachisiga aylantirish bo‘yicha muhim vazifalar amalga oshirib kelinmoqda. Barqaror sud hujjatlari qabul qilish orqali odil sudlovga erishish darajasi va sudning nufuzini oshirish, qonunchilik hujjatlarini aniq va bir xilda qo‘llanilishida Plenum qarorlarida berilgan tushuntirishlarning ahamiyati salmoqli hisoblanadi.
O.Gulyamova,
Toshkent shahar sudining
iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi,
S.Soliyev,
Zangiota tumanlararo
iqtisodiy sudining raisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring