Sportchilar oilasining malikasi

18:09 30 Avgust 2024 Jamiyat
221 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Parijda oʻtkazilayotgan Paralimpiya oʻyinlari yurtimiz sportchilari uchun omadli boshlandi. Musobaqalarning ilk kunidayoq Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari ikkita medalni qoʻlga kiritdi. Sportning taekvando BTF turi boʻyicha kumush medal sovrindori boʻlgan Ziyoda Isaqova Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumaniga qarashli Qulibek qishlogʻi kamolga yetgan.

Taʼkidlash oʻrinliki, bu oila tumanda sportchilar sulolasi sifatida tanilgan. Ziyodaning otasi Abdugʻaffor Haydarov sportning dzyudo, onasi Iroda Haydarova yengil atletika bilan shugʻullangan. Akasi ota izidan borgan boʻlsa, ukasi Murodjon Isaqov taekvandoni tanlagan. Kenjatoy hozirda Oʻzbekiston jismoniy tarbiya universitetining Fargʻona filiali talabasi.

— Ziyoda yolgʻiz qiz boʻlgani uchun oilamiz malikasi sifatida erkalatamiz, — deydi otasi Abdugʻaffor Haydarov. — Ammo bolaligidan sportchilarga xos kuchli iroda, qatʼiy intizom ruhida tarbiyalangan. Shu bois tuman markazi – Yaypan shahrida joylashgan sport toʻgaragidagi ilk mashgʻulotlardan boshlab, haligacha shahd-u shiddat bilan shugʻullanadi. Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi sifatida doimo tayyorgarlik jarayoni bilan band boʻlgani uchun kam koʻrishamiz.

Mamlakat miqyosidagi gʻalabalardan keyin Ziyoda jahon arenalarida zafar quchishni boshladi. 2016 – 2023-yillar davomida Polsha, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Portugaliya, Vyetnam, Turkiya, Iordaniya, Meksikada oʻtkazilgan xalqaro turnirlar ishtirokchisi hamda sovrindori, Paraosiyo oʻyinlari gʻolibi, jahon chempioni boʻldi.

— Qizimning chap qoʻlida biroz nuqsoni bor. Ammo bu uning sportdagi ulkan natijalariga uchun xalaqit bergani yoʻq, — deya suhbatimizni davom ettiradi onasi Iroda opa. — Chunki u aniq maqsad yoʻlida hech qanday qiyinchilikdan qoʻrqmaydi. Qizim bilan telefon orqali gaplashdim. Finalda kumush medalga erishganidan biroz oʻksindi. Ulkan gʻalabalari hali oldinda ekanligiga ishontirib, unga tasalli berdim. Sababi, Ziyoda sportda ayni katta natijalarga erishadigan yoshda. Yaqin kelajakda nufuzli xalqaro musobaqalarda oʻz soʻzini aytishiga ishonaman.

Demak, jahon sportida toʻrt yillikning nufuzli Paralimpiya oʻyinlarini ana shunday xush kayfiyatda kuzatishda davom etamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?