Sport – sogʻlom xalq, sogʻlom jamiyatning tayanch ustunidir

Sogʻliq – inson uchun eng katta boylik. Bu soʻzlar shunchaki shior emas, balki hayot haqiqatidir. Sogʻlom inson sogʻlom millatning asosi, yuksak taraqqiyot sari intiluvchi jamiyatning tayanchidir. Har bir inson oʻz salomatligi uchun masʼul. Biroq jamoatchilik sogʻlom hayot tarzini faqat shaxsiy muammo deb emas, balki umummilliy gʻoya sifatida qabul qilsagina, butun jamiyatda ijobiy oʻzgarishlarga erishiladi.
Joriy yilning 13-fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Sogʻlom inson – sogʻlom millat” gʻoyasini umummilliy harakatga aylantirish tashabbusida ham ana shu ezgu maqsadlar mujassam. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Oʻz oldiga buyuk maqsadlar qoʻygan xalq faqat sogʻlom va baquvvat boʻlgan taqdirdagina koʻzlangan marralarga erisha oladi”.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filialida ushbu umummilliy harakat doirasida talaba yoshlarni sportga jalb qilish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etishga qaratilgan turli musobaqalar, uchrashuvlar uyushtirilmoqda. Ana shunday nufuzli tadbirlardan biri — joriy yilning 11–13-aprel kunlari Urganchda ilk bor oʻtkazilayotgan “Sogʻlom inson – sogʻlom millat: Urganch 2025” forumida respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 1000 nafarga yaqin iqtidorli yoshlar ishtirok etmoqda. “Olimpiya ruhi – ilhom manbai, Paralimpiya – cheksiz iroda!” shiori ostida oʻtkazilayotgan mazkur forum talaba yoshlarni bir maqsad yoʻlida birlashtirib, ularni sport va intellektual musobaqalar orqali oʻz imkoniyatlarini namoyon etishga chorladi.
Forum davomida yoshlar futbol, voleybol, shaxmat, suzish, yengil atletika, qum voleyboli, stol tennisi, para pauerlifting kabi olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha oʻzaro kuch sinashdi. Bundan tashqari, “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvi, ijodiy uchrashuvlar, talabalarimizning ilmiy ixtirochilik izlanishlari koʻrgazmasi, madaniy dasturlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Kuni kecha Prezidentimiz boshchiligida hududlarning turizm salohiyatini oshirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida, Oʻzbekistonda har oyning bitta shanba va yakshanbasi – “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish kuni”, deb eʼlon qilindi. Shundan kelib chiqib, forum dasturidan qadimiy va navqiron Xivaning “Ichanqalʼa” majmuasi hamda yangi barpo etilgan “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi boʻylab sayohat, vohamizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish ham oʻrin oldi.
Hech ikkilanmay aytish mumkin, ushbu forum talaba yoshlarning gʻayrat va shijoatini, isteʼdod va qobiliyatlarini yaqqol namoyon etadigan, sport va bilimlar bellashuvi maydoniga aylandi. Forum doirasidagi turli intellektual oʻyinlar, koʻrik-tanlovlar, sport musobaqalari yuzlab yangi iqtidor egalarini kashf qildi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Ushbu tadbirlarda yoshlar ilm-fan va jismoniy tayyorgarlik borasida oʻz mahoratlarini sinovdan oʻtkazib, tengdoshlari bilan fikr almashish, yangi doʻstlar orttirish imkoniga ega boʻldi. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu forum yurtimizda Olimpiya harakatining yanada rivojlanishiga turtki berib, yoshlarning sportga qiziqishini oshirish, sogʻlom avlodni, sogʻlom millatni shakllanishiga xizmat qiladi.
Shukurulloh ISMOILOV,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining
Urganch filiali direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring