Soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi – Prezident
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida oltinchi ustuvor yoʻnalish – zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar davom ettirilishi ekanini qayd etdi. Avvalo, 2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi.
Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari, 240 ta maʼlumot bazasi va axborot tizimi, 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.
Platformaga kelib tushgan murojaatlar, ularni ijrochilarga taqsimlash va koʻrib chiqish muddatini nazorat qilish sunʼiy intellekt orqali amalga oshiriladi.
“Eng muhimi, davlat xizmatlarini koʻrsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratamiz. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda koʻrsatish tizimini rivojlantiramiz”, dedi davlatimiz rahbari.
Bugungi kunda Oliy Majlis eng kuchli parlamentlarga xos boʻlgan barcha nazorat vakolatlariga ega.
Xususan, 2023-yildan buyon tashqi qarz miqdorini parlamentimiz belgilab kelmoqda.
Prezidentimiz endi davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini maʼqullashni ham Parlament vakolatiga oʻtkazishni taklif qildi.
Bundan buyon davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish mumkin boʻlgan holatlar faqat qonun bilan belgilanadi.
Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlari bir-biridan ajratilgan edi. Endi bu tizim 2026-yildan 208 ta tuman va shaharda ham yoʻlga qoʻyiladi.
“Ayni paytda ushbu jiddiy siyosiy islohot hokimlar va ijro idoralaridan Kengashlarga munosabatni mutlaqo oʻzgartirishni talab qiladi. Bundan buyon deputat soʻrovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan holatlar boʻyicha prokuraturaga taqdimnoma kiritiladi”, dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari islohotlar samaradorligini taʼminlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli muhim ekanini taʼkidladi.
Shu bois, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha siyosat kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha besh yillik strategiya ishlab chiqiladi.
Ushbu institutlarga ijtimoiy buyurtma berish tizimi raqamlashtirilib, moliyalashtirish hajmi 2 karra oshiriladi.
Bundan tashqari, xayriya tashkilotlarini tuzish tartibi soddalashtiriladi, hisobdorlik va shaffoflik mexanizmlari takomillashtiriladi.
“Takror aytaman, yurtimizdagi keng koʻlamli yangilanishlar davrida ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi”, dedi Prezidentimiz.
Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.
Odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etish boshlandi. Endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasi kuchaytiriladi.
Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga oʻtkazishgacha boʻlgan bosqichlarga sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi.
Yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani xalqaro tan olingan “Xabeas korpus” institutini qoʻllashning navbatdagi muhim bosqichi boʻldi. 2026-yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini oʻzgartirish hamda bekor qilish vakolatlari ham beriladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring