Soʻrovnoma: 40 foizdan ziyod oilalarda nizo va janjallar boʻlib turadi

18:39 17 May 2021 Jamiyat
2255 0

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi Xalqaro oila kuni arafasida oilaviy masalalar va oilaviy qadriyatlarga bagʻishlangan, nikoh va oilaviy munosabatlarning eng dolzarb masalalari toʻgʻrisida hamda mavjud oilaviy muammolarni aniqlash va ularning yechimini topishga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazdi.

Tadqiqotlar telefon soʻrovi usuli yordamida oʻtkazilgan va unda respublikamizning barcha hududlarida, shahar va qishloq joylarida yashovchi 18 va undan katta yoshdagi fuqarolar, turli soha va tarmoqlarda band boʻlgan turli ijtimoiy guruhlar vakillari ishtirok etishdi.

Maʼlumki, 15-may butun dunyoda 1993-yildan buyon Xalqaro oila kuni sifatida nishonlab kelinadi. Mazkur sana BMT tomonidan tasdiqlangan boʻlib, har yili maʼlum bir nom ostida turli targʻibot tadbirlari uyushtiriladi.

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida maʼnaviy-axloqiy asoslar va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlarni nikoh va oilaviy hayotga tayyorlash, oilalardagi nizoli vaziyatlar va ajrimlarning oldini olish borasida yagona davlat siyosati amalga oshirilmoqda.

Oila-nikoh munosabatlari va oila aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi, milliy qadriyatlarga asoslangan, xalqaro huquq normalari va talablariga javob beradigan qonunchilik bazasi uzluksiz takomillashtirilmoqda.

“Fuqarolarning oila haqidagi fikri: qarashlar, oʻzaro munosabatlar, yoʻnalishlar” mavzusidagi tadqiqot doirasida oʻzbekistonliklar oilasi hayotining turli jihatlari oila hayotiy siklining oʻziga xos xususiyatlarini va oilaning mavjud boʻlishini tavsiflovchi ehtimoliy qiyinchiliklar va muammolar hisobga olingan holda oʻrganildi.

Oʻtkazilgan tadqiqot fuqarolarning boʻlajak turmush oʻrtogʻini tanlash va oila qurish mezonlariga boʻlgan munosabatini aniqlab berdi.

Respondentlarning yigit va qizlarning oila qurishga tayyorligini belgilab beruvchi xususiyatlar haqidagi tasavvurlari rollarning jamiyatda qabul qilingan anʼanaviy taqsimlanishiga qarab bir-biridan farq qiladi. Umuman olganda, respondentlarning shunga ishonchi komilki, moliyaviy mustaqillik, barqaror, doimiy ish yoki daromad manbaining mavjudligi yoshlar turmush qurishining asosiy sharti hisoblanadi, maishiy muammolarni mustaqil ravishda hal qila olish va roʻzgʻorni yurita bilish esa qizlar uchun muhimroq boʻlgan sifatdir. Soʻrov natijalariga koʻra, oʻzbekistonliklar moliyaviy mustaqillik, oila uchun alohida doimiy uy-joyning mavjudligi va boʻlajak er-xotinning jismoniy salomatligini oila qurishning asosiy shartlari, deb hisoblaydilar.

Tadqiqotda yoshlarni nikohga va oila qurishga tayyorlash zarurligi haqidagi gʻoyaning oʻzbekistonliklar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishining yaqqol tendensiyasi aniqlandi. Aksariyat respondentlar (76,5%) yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash kerak, deb hisoblaydilar, bunda oʻzbekistonliklarning fikriga koʻra, tayyorgarlik jarayonida asosiy rolni yoshlarning ota-onalari oʻynashi lozim (73,4%).

Tadqiqot natijalari fuqarolarning mutlaq koʻpchiligi nikohni tuzishda FHDYOda roʻyxatga olish tartib-taomilini majburiy deb hisoblashini koʻrsatdi (97,1%). Mazkur koʻrsatkich barqaror boʻlib, bir necha yildan beri shu darajada turibdi. Respondentlarning koʻpchiligi nikohga kirishda “nikoh” diniy toʻy marosimini yoki cherkovda nikohlash marosimini oʻtkazish zarur, deb hisoblaydilar (98,5%). Oʻzbekistonliklar tibbiy koʻrikdan oʻtish (95,6%) va nikoh shartnomasining imzolanishini (55,9%) ham nikoh tuzish tartib-taomilining muhim shartlari, deb hisoblaydilar.

Soʻrov natijalarining koʻrsatishicha, soʻrov (41,2%) ishtirokchilarining oilalarida nizo va janjallar boʻlib turadi. Fuqarolarning fikriga koʻra, quyidagilar soʻnggi yillarda oilaviy mojarolar yuzaga kelishining asosiy sabablari hisoblanadi: oila aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro tushunmovchilik; moddiy qiyinchiliklar; oʻzining oilaviy majburiyatlariga masʼuliyatsiz munosabatda boʻlish; er-xotindan birining oʻz hukmini oʻtkazishga, soʻzsiz boʻysundirishga erishishga intilishi; boshqa oila aʼzolarining manfaatlari va fikrini inobatga olmaslik; oila aʼzolarining bir-biriga befarqligi; er-xotindan birining spirtli ichimliklarga ruju qoʻyishi; oilaning biron-bir aʼzosi kasalligi va shular bilan bogʻliq muammolar.

Soʻrov natijalari koʻrsatganidek, uning ishtirokchilarining aksariyati er tomonidan xotinga nisbatan jismoniy kuch ishlatilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, deb hisoblashadi. Biroq oʻzbekistonliklarning jamoatchilik fikrida xavotirli tendensiya ham kuzatiladi: 10,3% respondentlar ayrim hollarda kuch ishlatish mumkin, deb hisoblaydilar. Respondentlar ushbu qismining fikriga koʻra, ayol oʻz xatti-harakati bilan erini kuch ishlatishga majbur qilgan hollarda jismoniy zoʻravonlik holatiga yoʻl qoʻyish mumkin. Respondentlarning fikricha, spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni isteʼmol qilish (23,5%), oʻzaro tushunmovchilik (22,1%) va moddiy qiyinchiliklar (20,6%) ayolga nisbatan jismoniy zoʻravonlik namoyon boʻlishining sabablari hisoblanadi.

“Erta nikohlar, ularning sabab va oqibatlari toʻgʻrisida oʻzbekistonliklarning fikri” mavzusidagi tadqiqot oʻzbekistonliklarning mazkur voqelikka munosabati bilan bogʻliq masalalarni oʻrganish imkonini berdi. Soʻrov natijalariga koʻra, respondentlarning 18 yosh – erkaklar uchun ham, ayollar uchun ham qonun bilan belgilangan nikoh yoshi ekanligidan xabardorligi oʻrtacha darajada ifodalandi.

Oʻzbekistonliklar 21-25 yoshni ham qizlar, ham yigitlar uchun oila qurishga eng yaxshi yosh deb hisoblashadi. Boshqacha qilib aytganda, respondentlarning fikriga koʻra, yoshlarning nikohga kirish vaqtini kechiktirishlari ularga maʼlumot olish yoki kasb-hunar egallashga, moddiy mustaqil boʻlishga imkon beradi.

Telefon soʻrovi, umuman olganda, erta nikoh odatda erta yosh orqali aniqlanishi haqidagi toʻgʻri tasavvurni aniqlab berdi. Ayni paytda respondentlarning 18 yosh ham qizlar, ham yigitlar tomonidan nikoh tuzilishi uchun erta yosh hisoblanishiga ishonchlari komil.

Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekistonda erta nikohlarning tarqalganligiga beriladigan baho ularning yuqori darajada tarqalganligidan (37,3%) kamroq darajada uchrab turishigacha (37,1%), faqat ayrim viloyatlarda (16,8%) yoki alohida holatlarda (1,5%) uchrab turishigacha boʻlgan doirada oʻzgarib turadi va salbiy hisoblanadi. Respondentlarning fikriga koʻra, ayol uchun erta nikohga kirish va buning natijasida barvaqt homiladorlik va tugʻish uning salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, jumladan, qizlarga hayotning turli sohalarida oʻzini namoyon qilishi uchun imkoniyatlar va taʼlim olishni cheklaydi.

Oʻtkazilgan soʻrov erta nikohlar sabablarini aniqlash imkonini berdi. Ular orasida: ota-onalarning oʻz farzandlari oilaviy hayotini tezroq yoʻlga qoʻyishga intilishi (48,1%), lozim darajadagi tarbiyaning mavjud emasligi va yoshlarning reproduktiv salomatlik masalalarida savodsizligi (25,9%), foydali nikoh hisobidan oʻzining moddiy ahvolini oʻnglash istagi (22,5%), rejalashtirilmagan homiladorlik (15,2%) va h.k.lar bor.

Oʻzbekistonliklar erta nikohlarning salbiy oqibatlari sifatida quyidagilarni koʻrsatishdi: ehtimoliy ajrimlar (49,6%), xotin-qizlarning reproduktiv salomatligi va bolalar salomatligiga salbiy taʼsir (44,8%), ehtimoliy maishiy zoʻravonlik (19,5%) va hayotning turli sohalarida oʻzini namoyon qilish imkoniyatiga salbiy taʼsir (17,5%).

Tadqiqot davomida uning ishtirokchilari erta nikohlarning salbiy oqibatlari haqida xabardorlikni oshirish, oʻsmir va yoshlarni erkak va ayolning oʻzaro munosabatlari, oilaviy hayot, reproduktiv salomatlik va uni saqlash usullari haqida xabardor qilish boʻyicha maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish orqali erta nikohlar amaliyotining oldini olish zarurligi haqida fikr bildirishdi.

“Oilaviy ajrimlar, ularning sabab va oqibatlari haqida oʻzbekistonliklarning fikri” mavzusidagi tadqiqot fuqarolarning ushbu muammo haqida, respondentlarning yoshi, maʼlumoti darajasi va jinsiga qarab ajrimga boʻlgan munosabatining oʻziga xos xususiyatlari haqidagi fikrlarini aniqlash imkonini berdi. Soʻrov koʻrsatganidek, jinsi, yoshi, maʼlumoti darajasi va bandlik sohasidan qatʼi nazar, soʻrov ishtirokchilarining mutlaq koʻpchiligi (81,3%) ajrim – bu oila, jamiyat hayotidagi salbiy holat, deb hisoblaydi.

Tadqiqot davomida uning ishtirokchilarining taʼkidlashlaricha, qadriyatlar, shaxsiy va ruhiy-fiziologik xususiyatlarning eng maqbul tarzda uygʻunlashuviga asoslanib, er-xotin feʼl-atvorlarining bir-biriga mosligi, ularning oʻzaro munosabatlarni oʻrnatish, saqlash va uzoq vaqt davomida saqlab turish qobiliyati nikoh mustahkamligining asosiy garovi hisoblanadi.

Tadqiqot er-xotinning nikohgacha bir-birini tanishligi davri muddati oilaning mustahkamligiga taʼsir koʻrsatishini aniqlab berdi. Er-xotinning nikohgacha tanishligining qisqa muddati boʻlajak er-xotinda bir-birlari haqida har birining haqiqiy fazilatlariga mos kelmaydigan yanglish tasavvurlarni hosil qilishi mumkin, ularga hayotning turli jihatlari va bir-birining shaxsiy xususiyatlari haqida yetarli darajada toʻliq maʼlumot olish, ular ruhiy jihatdan bir-biriga qanchalik mos kelishini aniqlash imkonini bermaydi. Hozirgi vaqtda, soʻrov natijalari koʻrsatganidek, boʻlajak er-xotinning nikohgacha bir-biriga tanish boʻlishining bir yildan kam - qisqa muddati yetarli, degan qarash mavjud, bu oilaning mustahkamligiga putur yetkazuvchi omillardan biri hisoblanadi.

Tadqiqotda aniqlanishicha, respondentlar orasida turmush oʻrtogʻini ota-onalarning bevosita ishtirokida tanlash usuli keng tarqalgan boʻlib, bunda ota-onaning fikri oʻgʻli yoki qizining turmush oʻrtogʻini tanlashda hal qiluvchi rol oʻynaydi. Koʻplab yoshlar uchun bu norma hisoblanadi, chunki oila qurishning mazkur usuli ota-onaga hurmat, ularning hayotiy tajribasiga ishonish, er-xotin oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning oʻziga xos xususiyatlarini tushunish, oʻz farzandlariga boʻlgan muhabbat va ularga baxtli mustahkam oila qurishga yordam berish istagiga asoslangan. Ikkinchi tomondan, oila qurishning ushbu usuli oilaning mustahkamligiga putur yetkazishi mumkin va baʼzan ajrimga olib keladi. Bu er-xotin oʻrtasida muhabbat va oʻzaro bogʻliqlik hissi paydo boʻlmagan hollarda yuz beradi. Hozirgi sharoitda yoshlarda nikohning sifatiga boʻlgan talablar oshgan, endi ular sevmagan odam bilan oilaviy baxtsiz yashashni xohlashmaydi va yashay olishmaydi va bunday nikohni buzishni afzal koʻrishadi.

49,7% soʻrov ishtirokchilarining fikriga koʻra, oila instituti barqarorligi pasayishining asosiy sabablaridan biri shundan iboratki, zamonaviy yoshlar oilaviy hayotga tayyor boʻlmagan holda: maʼnaviy yetuklikka erishmasdan, tugallangan maʼlumotga, kasb-hunarga, alohida uy-joy va oilani taʼminlash uchun yetarli miqdordagi ish haqiga ega boʻlmay turib nikohga kiradilar.

Soʻrov globallashuv va ommaviy madaniyat oila instituti barqarorligi pasayishining omili ekanligini aniqlab berdi (24,0%). Ular ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarning dunyoqarashiga, qadriyatlari va qarashlariga taʼsir koʻrsatadi, barqaror oila qurish qobiliyatini pasaytiradi.

Soʻrov natijalariga koʻra, 45 yoshdan katta respondentlarning aksariyati ota-onalarning yosh oilaning hayotiga aralashuvi uning mustahkam boʻlishiga yordam beradi, degan fikrga qoʻshiladi. Boʻy yetgan farzandlarning ota-onalari boʻlgan fuqarolar oilaning ichki hayotiga aralashishi joiz, bu yosh er-xotinga xatolarga yoʻl qoʻymaslikka va bu bilan farzandlar nikohining mustahkam boʻlishiga yordam beradi, deb hisoblaydilar. Yoshlarning kattagina qismi qarama-qarshi fikrda: 18-24 yoshdagi har ikkinchi respondentning fikricha (50%), ota-onalarning aralashuvi salbiy omil hisoblanadi, oilaning mustahkamligiga putur yetkazadi va er-xotin oʻrtasidagi mojarolarga olib keladi. 20,9% soʻrov ishtirokchilarining fikriga koʻra, bunday aralashuv – oilaviy ajrimlarning keng tarqalgan sababi hisoblanadi.

Soʻrov oiladagi ajrimlarning eng keng tarqalgan sabablarini aniqlab berdi: er-xotin feʼl-atvorlarining mos kelmasligi (41,2%) va oiladagi moddiy muammolar (40,4%). Er-xotinda pul mablagʻlarining yetishmasligi bilan, respondentlarning fikriga koʻra, koʻpincha ajrimga olib keladigan yana bir muammo bogʻliq – bu alohida uy-joy yoʻqligi, yaʼni bunda yosh oila ota-ona va boshqa qarindoshlar bilan birga yashashga majbur boʻladi.

Bepushtlik – 12,6% respondentlarning fikriga koʻra, nikoh buzilishining eng keng tarqalgan sabablaridan biri hisoblanadi. Farzand koʻrolmaslik – bu oila uchun jiddiy muammo va farzand koʻrishga intilayotgan turmush oʻrtogʻi, erkak va ayol, agar oilada uzoq vaqt mobaynida farzand boʻlmasa, ajrashish uchun ariza berishi mumkin.

Tadqiqot natijalariga koʻra, ayol eri tomonidan zoʻravonlikka duchor etilgach, nikohni saqlab qolish uchun yuzaga kelgan vaziyatga toqat qilishi, dadil va keskin harakatlar qilmasligi kerak qabilidagi qarash tufayli oiladagi zoʻravonlik koʻp hollarda er-xotin oʻrtasidagi ajrimga olib kelmaydi. Shunday boʻlsada, 12,2% respondentlar oiladagi zoʻravonlikni oila buzilishining keng tarqalgan sababi, deb hisoblaydi.

Tadqiqot er bilan xotin oʻrtasidagi mojarolarning oxirgi vaqtda paydo boʻlib, baʼzi hollarda ajrimga olib keladigan ancha zamonaviy manbasini aniqlab berdi – bu ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanish boʻlib, u koʻp vaqt va eʼtiborni oladi hamda rashkni qoʻzgʻatadi (12,2%).

Tadqiqot natijalariga koʻra, oila tanazzulga yuz tutgan vaziyatda nikohni saqlab qolishning eng muhim omili – bu farzandlarning mavjudligi (37,8%). Shu bilan birga, soʻrov shuni koʻrsatdiki, farzandlarning mavjudligi er-xotinni nikohni bekor qilishdan toʻxtatishi mumkin, lekin ularni ajrashish toʻgʻrisidagi qarorga olib kelgan muammolarni bartaraf etmaydi. Agar oilada chuqur, hal qilib boʻlmaydigan ziddiyatlar boʻlsa, u holda nikohni bolalar uchun saqlab qolib, er-xotin yana eski muammolarga duch kelishadi va oila oʻsha beqarorligicha qoladi.

Tadqiqotda aniqlanishicha, jamoatchilik fikrida oilada qanday muammolar mavjud boʻlmasin, er-xotin nikohni bekor qilmasligi kerak, degan fikr ustuvorlik qiladi. Oilani saqlab qolish va farzandlarni tarbiyalash uchun ular bir-biriga toqat qilib, yuzaga kelgan vaziyatga koʻnikishlari lozim: ushbu fikrga 64,3% respondentlar, erkaklar va ayollar teng darajada qoʻshilishadi. Respondentlarning taxminan chorak qismi (25,2%) baʼzi hollarda ajrashish yagona yoʻldir, boshqa holatlarda er-xotin oilani saqlab qolish uchun kurashishlari kerak, deb hisoblaydi. Bunday nuqtayi nazar koʻproq yoshlarga xosdir.

Tadqiqot ishtirokchilari (51,3%) nikohni bekor qilish tartib-qoidalarining murakkabligi ajrimlarning oldini olish nuqtayi nazaridan oʻzini oqlaydi, deb hisoblaydi. Respondentlarning taʼkidlashlaricha, oʻrtasidagi ziddiyatlar unchalik chuqur va murosasiz boʻlmagan er-xotinni bunday jarayon ajrimdan toʻxtatishi mumkin, er-xotin yarashib, oilani saqlab qolishlari mumkin. 13% respondentlarning fikriga koʻra, ajrimning murakkab tartib-qoidalari soddalashtirilishi kerak, chunki yuqori miqdordagi boj va byurokratik choʻzishlar oilani saqlab qola olmaydi, balki faqat shusiz ham ruhiy jihatdan ogʻir boʻlgan ajrim jarayonini yana-da mashaqqatli qiladi.

Soʻrovda ayol ajrimdan keyin duch keladigan eng keskin muammolar aniqlandi: moddiy muammolar (47%), uy-joy muammosi (21,3%), toʻliqsiz oilada bolalarni tarbiyalashning murakkabligi (28,7%), boshqa fuqarolar tomonidan bildiriladigan salbiy munosabat (44,8%).

Soʻrov natijalariga koʻra, fuqarolarning oilaviy ajrimlarga nisbatan salbiy munosabati, avvalo, uning farzandlar uchun ogʻir oqibatlari bilan bogʻliq. Agar ajrashgan er-xotinning farzandi boʻlmasa, fuqarolar nikohning bekor qilinishiga xayrixohlik bilan munosabatda boʻlishadi.

Umuman olganda, tadqiqot natijalari koʻrsatganidek, oila oʻzbekistonliklar uchun asosiy hayotiy qadriyat boʻlib qolmoqda. Fuqarolarning tasavvurida mamlakatimizda oilaning oʻziga xos fazilatlari – mehmondoʻstlik, mehnatsevarlik, bolalarga muhabbat, katta avlodning yuqori nufuzi, oila aʼzolari oʻrtasidagi muhabbat va maʼnaviy yaqinlik, oʻzaro hurmat va oʻzaro tushunish tuygʻusiga qurilgan munosabatlardir

Soʻrov natijalariga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolarining davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va oila institutini mustahkamlash va oiladagi oʻzaro munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarning muhimligi va dolzarbligiga ishonchi komil. Soʻrov ishtirokchilarining mutlaq koʻpchiligi mamlakatda roʻy berayotgan oʻzgarishlar oilaning jamiyatdagi roli va ahamiyatini oshiradi, oilalarda qulay va monand munosabatlar oʻrnatilishiga hissa qoʻshadi, oilalar farovonligini mustahkamlashga va yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi, degan fikrga qoʻshiladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?