Soʻnggi xat

23:49 15 Aprel 2020 Lifestyle
10985 0

Arxiv foto

Burchakdagi “Rekord” televizori yoniq.

Obdan qarib mayizdek boʻlib qolgan kampir yigʻma kresloda mizgʻib oʻtirar, uxlayaptimi, oʻygʻoqmi, bilib boʻlmasdi. Nogoh xona sukunatini bombalarning portlashi-yu avtomatlarning shaqillagan ovozi buzdi. Momo tuyqis sergaklandi. Va shosha-pisha nabirasini chaqirdi:

— Oynisa, qaydasan?

Bir zumda oʻn toʻrt yoshlardagi qiz paydo boʻldi va kampirni turishiga koʻmaklashib, soʻngra kresloni “oinai jahon” qarshisiga juda yaqin keltirib berdi. Apil-tapil koʻzoynagini ham taqib qoʻydi. Va butun diqqatini ekranga qaratgan buvisining koʻzlaridagi intiq nigohida yana oʻsha, uzoq yillardan buyon muqim oʻrnashib qolgan ilhaqlikni koʻrdi.

— Buvijon, koʻzoynakda ham koʻrolmaysiz-ku baribir, keyin... televizorga yaqin oʻtirish ziyon deyishadi.

— Mayli, koʻrmasam-da, ovozidan taniyman. Bilib boʻladimi, u ham gapirib qolsa, eshitmay gʻaflatda qolmay, tagʻin.

— Buvijon! Axir, bu ki-nooo! Undagi rollarni aktyorlar oʻynagan...

Kampir oʻzi ham bilsa-da, farzandlari, kelinlaridan-da koʻp eshitgan bu gaplarga parvo qilmaydi. Urush kinolarini koʻraveradi.

Film uzoq davom etdi. Onaxonning bu safar ham xafsalasi pir boʻldi. Kutgani roʻy bermadi. Mana necha oʻn yildirki, shu hol: halok boʻlganligi toʻgʻrisida “qoraxat” olgan boʻlsa-da, oʻgʻlini televizordagi kinolardan qidirishni kanda qilmaydi.

...Momo farzandini oxirgi marta 1941-yilning yozida koʻrgan edi. Vokzalda. Ammo jigarbandini qoʻl silkitib kuzatolmadi. Negaki, harbiylar “Ertaga joʻnab ketamiz. Yoʻlimiz uzoq, sizlar yeguliklar, mayiz, turshaklar olib kelinglar”, deya barchani uy-uylariga qaytarib yuborishdi. Biroq, tong otganda borishsa, ular yoʻq edi. Oʻgʻli va u bilan frontga otlangan yigitlar allaqachon, tungi soat ikkilarda joʻnab ketishibdi. Keyin bilsa, yigʻi-sigʻi qilishmasin deb, bu onalarni farzandlaridan uzoqlashtirish “tadbiri”ekan.

Frontdagi oʻgʻlidan ikki yil davomida toʻxtovsiz xat kelib turdi. Soʻnggisi esa... Ammo aya bu xabarga aslo, sira ham ishonmadi. Farzandini mushtoq boʻlib kutishda davom etaverdi.

Yillar oʻtib, televizor degan narsa paydo boʻldi. Oʻshanda momoning uyidan bir-ikki eshik naridagi oʻziga toʻq oila ana shunday matohi bor ilk xonadon edi.

Pochtachilar onaxonning ostonasidagi qutiga gazeta tashlab ketishardi. Shanba sonlarining soʻnggi sahifasida oynai jahonning kelgusi haftalik dasturlari eʼlon qilinardi. Kampir gazetani azbaroyi oʻqish emas, aynan teledasturi uchun olar va undagi urush bilan bogʻliq barcha kinolarni qizil qalamda belgilab qoʻyardi. Filmlarni koʻrishga esa noqulay boʻlsa-da, hov oʻsha — televizorli uyga tez-tez chiqib turardi. Koʻp oʻtmay oʻgʻli Arslon onasining bu tashvishini yengil qildi. Roʻzgʻoriga yordam boʻlar degan niyatda sigir olishga yiqqan puliga televizor sotib oldi. Endi volidasi kino boshlandi deguncha, qilayotgan ishini ham tashlab televizor oldiga shoshilardi.Yillar oʻtib, nabirasi aytganidek, ekran oldiga yaqin oʻtirganidanmi yo keksalikmi koʻzi deyarlik koʻrmay qoldi. Ammo “Koʻzim koʻrmasa ham ovozidan taniyman-ku”, degan ilinj bilan umrining oxirigacha namoyish qilingan kinolarning birontasini ham oʻtkazib yubormadi.

Yillar oʻtdi.

Momo yashagan kulbada oʻz qoʻli bilan oʻrtasiga “Zangori ekran ” degan yozuv tikib, hoshiyasini kashta bilan bezagan yopinchiqli televizor undan esdalik boʻlib qoldi. Momoning ilhaq nigohini oʻziga vasiyat qilib olgan kabi koʻzoynagi ham televizor ustida mungʻayib turibdi. Urush kinosi ham tugamagan.

Ahmadali ShERNAZAROV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?