Soʻmning qaytishi: Milliy valyutaga boʻlgan ishonch mustahkamlanmoqda

13:25 07 Yanvar 2026 Iqtisodiyot
352 0

Oʻzbekiston iqtisodiyoti soʻnggi yillar davomida sezilarli transformatsiyani boshdan kechirmoqda. Bu oʻzgarishlarning eng muhim koʻrsatkichlaridan biri mamlakatda dollarlashuv darajasining pasayishidir. Markaziy bankning rasmiy tadqiqotlari va xalqaro moliyaviy tashkilotlarning maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyotida milliy valyutaga boʻlgan ishonch ortib bormoqda. Bu jarayon nafaqat raqamlarda, balki butun mamlakat iqtisodiyotida chuqur strukturaviy oʻzgarishlarning belgisidir.

 

Dollarlashuv tushunchasi iqtisodiyotda muhim oʻrin tutadi, u uy xoʻjaliklari va korxonalarning oʻz mablagʻlarini milliy valyuta oʻrniga chet el valyutasida, ayniqsa AQSH dollarida saqlash tendensiyasini anglatadi. Yuqori dollarlashuv darajasi koʻpincha iqtisodiy beqarorlik, inflyatsiya va valyuta kursidagi tebranishlardan dalolat beradi. Shuning uchun ham dollarlashuv darajasining pasayishi mamlakat iqtisodiyotining barqarorlashuvi va milliy valyutaga boʻlgan ishonchning muhim koʻrsatkichi hisoblanadi.

Dollarlashuv darajasining statistik tahlili

Markaziy bankning Statistika va tadqiqotlar departamenti tomonidan olib borilgan chuqur tadqiqot natijalariga koʻra, oʻtgan 12 oylik siljish davri asosida hisoblangan dollarlashuvning tabiiy darajasi 2020-yil yanvar oyida 24,5 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yil oktyabr oyiga kelib ushbu koʻrsatkich 17,8 foizgacha pasaygan. Bundan anglashiladiki, besh yil davomida dollarlashuvning tabiiy darajasi 6,7 foizga kamaygan. Bunday pasayish iqtisodiy barqarorlikning sezilarli yaxshilanishini koʻrsatadi. Dollarlashuvning tabiiy darajasi aholi va biznesning real xulq-atvorini emas, balki iqtisodiyotning asosiy koʻrsatkichlari asosida hisoblangan optimal darajani aks ettiradi.

Oʻtgan 3-yillik siljish davri asosida hisoblangan dollarlashuvning tabiiy darajasi 19,3 foizga tengligi aniqlangan. Bu koʻrsatkich qisqa muddatli koʻrsatkichdan yuqori boʻlsada, uzoq muddatli barqaror pasayish tendensiyasini koʻrsatmoqda. Uzoq muddatli koʻrsatkichning yuqoriligi shuni anglatadiki, iqtisodiyot hali toʻliq barqarorlashmagan va dollarlashuvning tabiiy darajasiga nisbatan maʼlum muddat kerak boʻladi.

Yana bir muhim koʻrsatkich — jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari boʻyicha dollarlashuv darajasi 2019-yil oxirida 32,6 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yil may oyidan boshlab 30 foizdan past darajaga tushgan va 2025-yil 1-noyabr holatiga 22,5 foizga yetgan. Bundan kelib chiqadiki, besh yil davomida jismoniy shaxslar depozitlaridagi dollarlashuv darajasi 10,1 foizgacha pasaygan. Bu farq real dollarlashuv darajasi tabiiy darajaga yaqinlashayotganini koʻrsatadi.

Yana bir muhim omil bu valyuta kursining oʻzgarishi hisoblanadi. 2024-yilda soʻm dollar nisbatan 4,71 foizga qadrsizlangan. Bu 2023-yildagi 9,92 foizlik qadrsizlanishga nisbatan sezilarli yaxshilanishdir. 2025-yil yanvar noyabr oylarida esa soʻmning almashuv kursi 7,5 foizga mustahkamlangan. 2025-yil may oyida dollar soʻmga nisbatan 12 ming 885 soʻmni tashkil qilgan boʻlsa 2026-yil boshida bu koʻrsatgich 11 ming 952 soʻmgacha tushgan. Bunday barqarorlik aholi va biznes vakillariga soʻmda mablagʻ saqlash xavfsiz ekanligi toʻgʻrisida maʼlumot beradi.

Soʻmga nisbatan ishonch ortayotganining sabablari

Dollarlashuv darajasining pasayishi bir qator omillarning oʻzaro taʼsiri natijasidir. Bu omillarni toʻrt asosiy guruhga boʻlishimiz mumkin:

Birinchidan, makroiqtisodiy barqarorlik va monetar siyosat;

Ikkinchidan, inflyatsiyaning pasayishi;

Uchinchidan, bank tizimining roli;

Toʻrtinchidan, valyuta kursining barqarorlashuvi.

Makroiqtisodiy barqarorlik soʻnggi yillarda sezilarli darajada taʼminlandi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasining 2025-yilgi Article IV missiyasi yakuniy bayonotida Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqarorlashuvi ijobiy baholandi. Inflyatsiya darajasidagi pasayish eng muhim omillardan biridir. 2025-yilda yillik inflyatsiya 7,3 foizgacha pasaydi, bu 2024-yildagi 9,8 foizga nisbatan sezilarli darajada kamayish hisoblanadi. Jahon banki prognozlariga koʻra, inflyatsiya 2025-yilda 8,9 foizgacha pasayishi, 2026-yilda 7 foizga va 2027-yilda 5 foizga yetishi mumkin. Oʻtgan yillardagi yuqori inflyatsiya aholining qimmatbaho metallar va chet el valyutasiga ishonchining ortishiga sabab boʻlgan boʻlsa, endilikda bu ehtiyoj sezilarli darajada kamayishi mumkin.

Bu oʻzgarishlarda bank tizimining roli ham muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, depozit va kreditlarning dollarlashuv darajasi pasayish dinamikasi tezlashgan. Kreditlar boʻyicha 41 foizdan 37 foizgacha, depozitlar boʻyicha esa 26 foizdan 23 foizgacha pastlagan. Banklar soʻmdagi depozitlar uchun dollar depozitlariga nisbatan yuqori foiz stavkalari belgilash orqali aholini milliy valyutada mablagʻ saqlashga undamoqda. Bu faqat raqobat ustunligi emas, balki iqtisodiy siyosatning muhim qismidir. Yuqori foiz stavkalari aholiga soʻmda mablagʻ saqlashdan real daromad olish imkonini beradi. Bundan tashqari, xorijdan yuborilayotgan pul oʻtkazmalarining ortishi ham muhim omil hisoblanadi. 2025-yil boshidan buyon bunday pul oʻtkazmalari hajmi 25 foizgacha ortgan. Bu esa ichki bozorda chet el valyutasi taklifini 7,8 milliard dollarga yetkazgan. Bu koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,4-marta koʻproqdir.

Iqtisodiy xulq-atvorining oʻzgarishi

Dollarlashuv darajasining pasayishi asosan aholi va biznesning xulq-atvoridagi oʻzgarishlardan dalolat beradi. Bu oʻzgarish nafaqat raqamlar oʻzgarishi, balki chuqur psixologik va iqtisodiy transformatsiyani aks ettiradi.

Yuridik shaxslar va korporativ sektor vakillari bu jarayonda eng faol ishtirokchi hisoblanadi. Avval oʻz mablagʻlarini chet el valyutasida saqlagan kompaniyalar endilikda oʻz kapitalini soʻmda saqlashni afzal koʻrmoqda. Bu oʻzgarish ayniqsa soʻnggi uch yil ichida tezlashgan. Korporativ sektorning milliy valyutaga oʻtishi bir nechta omillarga bogʻliq:

Birinchidan, soʻmdagi depozitlarning foiz stavkalari yuqoriligi;

Ikkinchidan, valyuta kursidagi beqarorlik;

Uchinchidan, biznes muhitida milliy valyutada operatsiyalar olib borish qulayliklarining ortishi.

Jismoniy shaxslarning muddatli depozitlaridagi dollarlashuv darajasi 32,6 foizdan 22,5 foizgacha pasayishgani ham aholining milliy valyutaga ishonchi ortganidan dalolat beradi. Bu oʻzgarish oddiy kundalik hayotda ham sezilmoqda. Jumladan, banklarda soʻmdagi depozitlar uchun foiz stavkalari yuqori, valyuta bozoridagi vaziyat beqaror.

Kelgusidagi kutilmalar

Dollarlashuv darajasining pasayishi koʻplab ijobiy natijalarni keltirib chiqaradi.

Birinchidan, milliy valyuta kuchaymoqda. Bu oʻzbek soʻmining xalqaro maydondagi mavqeyini mustahkamlaydi. Soʻmning mustahkamlanishi import tovarlarini arzonlashtiradi va aholining xarid qobiliyatini oshiradi.

Ikkinchidan, iqtisodiy suverenitet ortmoqda. Chet el valyutasiga kamroq bogʻliqlik bizni iqtisodiy jihatdan mustaqil qiladi. Bu mamlakat ichki iqtisodiy siyosatni yuritishda koʻproq erkinlik beradi.

Uchinchidan, valyuta risklari kamaymoqda. Aholi va biznes vakillari endilikda dollar kursining oʻzgarishidan qoʻrqib, soʻmda mablagʻ saqlashni afzal bilishmoqda.

Inflyatsiyaning yanada pasayishi 2026-yilda 7 foizga va 2027-yilda 5 foizgacha yetishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, korporativ sektor tomonidan milliy valyutada operatsiyalar olib borish aholiga ham ijobiy signal yubormoqda. Aholi moliyaviy savodxonligining ortishi soʻmda mablagʻ saqlash afzalliklarini tushunishga yordam beradi.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston iqtisodiyotida dollarlashuv darajasining pasayishi milliy valyuta — soʻmga boʻlgan ishonchning izchil mustahkamlanayotganini koʻrsatmoqda. Makroiqtisodiy barqarorlik, inflyatsiyaning pasayishi, bank tizimidagi islohotlar hamda valyuta kursining nisbatan barqarorlashuvi aholi va biznesning moliyaviy qarorlariga bevosita taʼsir koʻrsatadi.

Mazkur tendensiya saqlanib qolgan taqdirda, kelgusi yillarda iqtisodiy barqarorlikning yanada mustahkamlanishi, valyuta risklarining kamayishi kutilmoqda. Bu esa soʻmning uzoq muddatli barqarorligi va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?