Soliq toʻlovchining hisob maʼlumotlaridagi oʻzgarishlarni shaxsiy kabinet orqali tasdiqlash nazarda tutilmoqda — Qonun loyihasi

12:23 14 Dekabr 2021 Siyosat
717 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Taklif etilayotgan loyihada joriy yilning foyda soligʻi soliq bazasini aniqlashda zararlarni toʻliq chegirish huquqi berilmoqda. Oʻz navbatida, koʻchmas mulk joylashgan joyidan kelib chiqib bir kvadrat metr uchun minimal qiymat joriy etish bilan birga yuridik shaxslarning mol-mulk soligʻi stavkalarini pasaytirish, polietilen granulalariga aksiz soligʻi stavkasini 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirgan holda, ushbu stavkani uning importiga ham joriy etish belgilanmoqda.

Qayd etilganidek, loyihada soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq boʻlgan obyektlar hisobini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Xususan, soliq imtiyozlari hisobi boʻyicha yagona avtomatlashtirilgan tizimni yaratish, soliq toʻlovchining hisob maʼlumotlaridagi oʻzgarishlarni shaxsiy kabinet orqali tasdiqlash nazarda tutilmoqda.

Soliq toʻlovchi tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlarni solishtirish boʻyicha avtomatlashtirilgan tizimni yaratish, shuningdek, sotib olingan va realizatsiya qilingan tovarlarni solishtirish boʻyicha tahlil oʻtkazish masalasi ham loyihada oʻz aksini topgan.

Shu bilan birga, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq hisobotini taqdim etish muddatlari elektron hisobvaraq-faktura tizimlari rivojlantirish va soliq hisobotlarini, ular maʼlumotlari hamda onlayn kassa mashinalari maʼlumotlari boʻyicha shakllantirish imkoniyatini hisobga olgan holda unifikatsiya qilinmoqda.

Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?