Soliq tizimining konstitutsiyaviy asoslari
Barchamizga yaxshi maʼlumki, soliqlarni toʻlashning asosiy maqsadi — davlat xarajatlarini moliyalashtirishdir. Yigʻilgan soliqlar maktablar, shifoxonalar, yoʻllar qurilishi, xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, pensionerlar va kam taʼminlanganlarni qoʻllab-quvvatlashga sarflanadi. Soliqlar hisobiga ijtimoiy-iqtisodiy tizim uzluksiz ishlaydi va davlat oʻzining asosiy funksional vazifalarini bajarishga qodir boʻladi.
Fuqarolar soliqlarni toʻlaganida, ular mamlakatning ravnaq topishiga oʻz hissasini qoʻshadi. Soliq toʻlash bu — faqat moliyaviy majburiyat emas, balki jamiyat oldidagi ijtimoiy masʼuliyatdir. Chunki soliqlar orqali barqarorlik taʼminlanadi, iqtisodiyot rivojlanadi va barcha fuqarolarning hayot sifati yaxshilanadi. Barqaror soliq siyosati jamiyatning uzoq muddatli farovonligiga xizmat qiladi.
Shuni taʼkidlash lozimki, yangilangan Konstitutsiya oʻtkazilayotgan demokratik islohotlarning qaytarib boʻlmas asosini yaratdi va mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini huquqiy jihatdan mustahkamladi. Konstitutsiyada belgilangan soliq normalari «inson-jamiyat-davlat» tamoyiliga asoslangan boʻlib, soliqlar fuqarolarning manfaatlarini inobatga olgan holda belgilanishi kerakligi koʻrsatib oʻtilgan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida: “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yigʻimlarni toʻlashi shart. Soliq va yigʻimlar adolatli boʻlishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak” deb belgilangan. Bu norma davlat va fuqarolar oʻrtasidagi oʻziga xos ijtimoiy kelishuvni ifodalaydi: fuqarolar soliqlar orqali davlat xizmatlarini moliyalashtiradi, davlat esa navbatida soliqlarni adolatli, shaffof va asosli tarzda belgilab, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarining cheklanmasligini taʼminlaydi. Soliq siyosati fuqarolarning asosiy konstitutsiyaviy huquqlariga zid kelmasligi juda muhim. Soliqlar shunday tashkil etilishi kerakki, ular fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, mulkdor boʻlish huquqi, uy-joyga ega boʻlish, mehnat qilish, taʼlim olish, tibbiy xizmatdan foydalanish kabi konstitutsiyada belgilangan imkoniyatlarini cheklamasin. Davlat esa oʻz navbatida bu huquqlarni kafolatlaydi, soliqlarni esa adolat tamoyili asosida belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 149-moddasida: “Oʻzbekiston Respublikasi hududida yagona soliq tizimi amal qiladi. Soliqlarni joriy qilish huquqi Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga tegishlidir” deb koʻrsatilgan. Mazkur norma mamlakat boʻylab soliq tizimi yagona tartib asosida ishlashini taʼminlaydi. Yagona tizim soliq siyosatining izchil, barqaror va tushunarli boʻlishiga olib keladi.
Shuningdek, soliqlarni joriy qilish faqat Oliy Majlis vakolatida ekanligi davlatning moliyaviy boshqaruvini tartibga soladi, soliq siyosatida shaffoflikni taʼminlaydi va siyosiy-huquqiy barqarorlikni mustahkamlaydi. Bu esa jamiyatning davlatga boʻlgan ishonchini oshiradi va soliqlarni adolatli tashkil etishning muhim kafolati boʻlib xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, soliqlar davlat va jamiyat oʻrtasidagi eng muhim ijtimoiy-huquqiy institutlardan biridir. Soliqlar orqali davlat oʻzining iqtisodiy, ijtimoiy va maʼmuriy vazifalarini bajaradi, aholi farovonligi va mamlakat barqaror rivojlanishi taʼminlanadi. Shu bilan birga, Konstitutsiyada soliqlar boʻyicha belgilangan normalar soliqlarni shunchaki majburiyat sifatida emas, balki fuqarolarning huquqlari bilan oʻzaro bogʻliq ijtimoiy kelishuv sifatida talqin etishga imkon beradi. Shunday ekan, soliqlar va konstitutsiyaviy normalarning uygʻunligi - davlat boshqaruvining zamonaviy va samarali modelini shakllantirishdagi hal qiluvchi omildir.
Zaripov Xusan Baxodirovich,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Soliq va soliqqa tortish” kafedrasi dotsenti, PhD.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring