“Soliq imtiyozidan davlat tomonidan subsidiyagacha”: Shavkat Mirziyoyev muhim qarorni imzoladi

Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish va ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Shavkat Mirziyoyevning “Nogironligi boʻlgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2025-yil 1-martdan tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, 2025-yil 1-oktyabrgacha ushbu xizmat respublikaning barcha hududlarida faoliyat boshlaydi.
Ushbu parvarish xizmati davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi. Nogironligi boʻlgan bolalar ushbu xizmatga ota-onalarining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida va Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan berilgan xulosaga muvofiq qabul qilinadi. Bu xizmat bolalarning ijtimoiy moslashuvini osonlashtirish va ota-onalarga koʻmaklashishni maqsad qiladi.
2025-yil 1-martdan boshlab, kunduzgi parvarish xizmati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga bir qator qoʻllab-quvvatlash choralari joriy etiladi. Jumladan, kunduzgi parvarish xizmatidan foydalangan har bir bola uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi. 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi, 7 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun esa 27 foiz miqdorda moliyaviy yordam ajratiladi.
Bundan tashqari, viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlarida ushbu subsidiya miqdorini 1,1 koeffitsiyentga koʻpaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, kambagʻal oilalar roʻyxatiga kiritilgan oilalar uchun nogironligi boʻlgan bolalarga subsidiya miqdorining 30 foizi qoʻshimcha ravishda qoplab beriladi.
Tadbirkorlarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2027-yil 1-iyulgacha kunduzgi parvarish xizmatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bu mablagʻlar mebel va jihozlar xaridi uchun davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida Markaziy bankning asosiy stavkasida taqdim etiladi.
Qarorga muvofiq, ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish uchun yangi elektron tizimlar yaratiladi. 2025-yil 1-martga qadar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida “Kunduzgi parvarish xizmatini boshqarish” axborot moduli va uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi. 2025-yil 1-sentyabrgacha esa bolalarning salomatligi va rivojlanishiga oid diagnostika tizimini takomillashtirish maqsadida “Bolalar salomatligi” axborot tizimi ishga tushiriladi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan mazkur xizmatlarga oid qoʻshimcha imtiyozlar belgilanadi. Jumladan, Soliq kodeksiga oʻzgartirish kiritilishi rejalashtirilgan boʻlib, unga koʻra, kunduzgi parvarish xizmatini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari 2030-yil 1-yanvarga qadar barcha turdagi soliqlarni (ijtimoiy soliqdan tashqari) toʻlashdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, ota-onalarning kunduzgi parvarish xizmatidan foydalangani uchun oyiga 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlari soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritilishi taklif etilmoqda.
Nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini joriy etish ularning ijtimoiy integratsiyasini taʼminlash, taʼlim va tibbiy koʻmakdan foydalanish imkoniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, bu ota-onalar uchun ham katta yordam boʻlib, ularning mehnat bozoridagi ishtirokiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Davlat tomonidan tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar esa ushbu xizmat turini keng qamrovli va samarali tashkil etishga yordam beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Mirzo Bobur – buyuk imperiya asoschisi
- Navoiy viloyatida 2025-yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi
- Milliy gvardiyaga yangi vakolat berildi
- Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish masalalari muhokama qilindi
- Prezident “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring