Sogʻlom turmush tarzi umringizni uzaytiradi

15:13 14 Noyabr 2024 Jamiyat
346 0

Koʻchalarda semizlik oqibatida oʻzini koʻtarolmay halloslab yurgan yoʻlovchilarni koʻp uchratamiz. Har doim yemakxonalar mijozlar bilan gavjum. Kechki sayr uchun barpo etilgan istirohat bogʻlari, koʻkalamzor yoʻlaklarda asosan yoshlar va bolalarni uchratamiz. Shifoxonalarda ham aksariyat bemorlar yurak-qon tomir kasalliklari, nafas yetishmovchiligi, qandli diabet bilan aziyat chekmoqda. Aslida har qanday kasallikni oldini olishning eng kamxarj va samarali yoʻli bu aholining sogʻlom turmush tarzi va sogʻlom ovqatlanish madaniyatiga amal qilishidir.

JSST bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshirishlarda Oʻzbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega ekanligi, aholining 46%da qon tarkibida meʼyordan ortiq xolesterin mavjudligi, 31%da qon bosimi yuqoriligi oʻz isbotini topdi. Toʻgʻri va ratsional ovqatlanish, sogʻlom turmush tarziga amal qilish bugungi kundagi dolzarb masala.

Yaqin-yaqingacha uy yumushlari, dehqonchilik qoʻl mehnati bilan bajarilardi. Zamonaviy texnologiyalar davrida odamlar jismoniy mehnat qilmay qoʻydi. Oddiy bogʻchaga bolasini olib kelgani ham mashinada boradi. Har qadamda yemakxona, koʻchalar, yoʻllar mashinalarga toʻla. Zavodlar va avtoulovlardan chiqayotgan zaharli tutunlar tufayli aholining immuniteti pasayib bormoqda. Oddiy grippga qarshi bir qancha dori-darmonlar sotib olsa ham tezroq tuzalishi qiyin kechmoqda. Qaytanga, yetmish, sakson yoshlardagi bobo, momolarimiz shamollashlarni hozir ham tik oyoqda oʻtkazib yuboradi. Chunki ularning immuniteti bolalikdan yuqori boʻlgan.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, dunyoda har yili 3 millionga yaqin odam semizlik oqibatida vafot etadi. Hozir dunyoda 1 milliarddan ziyod odamda ortiqcha vazn bor. Shundan 380 millionga yaqini oʻsmirlar va bolalardir. Ortiqcha vazn yurak, jigar, buyrak, boʻgʻimlarga salbiy taʼsir qilishi oqibatida qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, gipertoniyani keltirib chiqaradi. Bularning barchasi notoʻgʻri ovqatlanish, meʼyoridan koʻp yogʻli taom va shirinliklar tanovul qilish, harakatsizlik, jismoniy tarbiya bilan shugʻullanmaslik, vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtmaslik natijasida yuzaga keladi. Ayrim yoshlar sport bilan shugʻullanish oʻrniga qorin qoʻyishni “avtoritet” deb bilyapti.

Samarqand viloyatida joriy yilning mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha, avgust-sentyabr oylarida 30 yoshdan 49 yoshgacha, oktyabr-noyabr oylarida 50 va undan katta yoshdagi shaxslar sportning biror turi bilan ixtiyoriy shugʻullanishi uchun suhbatdan oʻtkazildi. Samarqand davlat tibbiyot universitetining koʻp tarmoqli klinikasi xodimlari oʻrtasida dam olish kunlari 5 kilometrga yurish, velosipedda sayr qilish, badminton, tennis, futzal, voleybol kabi ommaviy sport turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi. Ish kunlari klinika boʻlimlarida davolanayotgan ahvoli yengil bemorlar ham ertalabki gimnastika mashqlariga jalb etilmoqda. “Sogʻlom ovqatlanish va uning salomatlik uchun ahamiyati” mavzusida davra suhbatlari oʻtkazilmoqda. Sogʻliqni saqlash sohasiga davlatimiz tomonidan qancha mablagʻlar ajratilmoqda. Yurtimizdagi eng chekka qishloqlardagi shifoxonalarni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Ammo aholi sogʻlom turmush tarziga rioya qilmasa, koʻzlangan maqsadga erishib boʻlmaydi.

JSST maʼlumotiga koʻra, inson salomatligi 50%-turmush tarziga, 20%-nasliy irsiy omillarga, 20-25%-ekologiyaga va faqatgina 8-10% -sogʻliqni saqlash tizimiga, yaʼni tibbiyot xodimlariga bogʻliq. Demak, har bir fuqaro oʻz sogʻligi uchun javobgar. Uzoq umr koʻrishni istagan odam sport bilan muntazam shugʻullanish kerak. Oʻz vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtib tursa, hech qanday kasallik hayotiga raxna solmaydi.

Nargiza Abdullayeva

Samarqand davlat tibbiyot universitetining davolash ishlari

boʻyicha prorektori, koʻp tarmoqli klinikasi bosh shifokori,

viloyat kengashi deputati

.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер