Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan

10:52 20 Iyun 2023 Jamiyat
577 0

Bugun atoqli shoir, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Abduvali Qutbiddin hayot boʻlganida 63 yoshga kirgan boʻlardi. Badiiy soʻz va nafosat shaydolari ilk sheʼrlari bilanoq katta ustozlarning nazariga tushgan shoirning adabiyotimizda oʻziga xos oʻrin tutishini teran anglaydi, uning falsafiy mushohadalarga, ramzlarga, maʼno tovlanishlariga, qurilishiga koʻra oʻzgacha uslub va shakllarga boy sheʼrlarini sogʻinadi.

U oʻz diyorini, ona tuprogʻini bir farzand suyganchalik suydi, bir farzand yangligʻ koʻnglini ufqlarday keng ochib tarannum etdi. Soʻz zargari boʻlmish ijodkor har bir soʻzni tanlab, saralab misralarga joylarkan, ular goʻyo tarashlangan, sayqal berilib ipga terilgan marjondek jilolanadi. Bu goʻzallik, badiiyat ganjinasidan taralgan yogʻdu oʻquvchini beixtiyor oʻziga maftun etadi, hatto sehrlab qoʻyadi.

Abduvali Qutbiddin uzoq yillar “Xalq soʻzi” gazetasi tahririyatida mehnat qildi. U oʻz ishiga masʼuliyatliligi, jonkuyarligi, fidoyiligi bilan ajralib turardi. Bu inson suratan sokin koʻrinsada, uning siyratida ruhiy toʻlgʻanishlar, hissiyotlar poʻrtanasi, cheksiz ilhom junbishi, quyosh nurlari kabi yuqori taft barq urib turardi. Hayotning haqiqiy oshigʻi oʻlaroq u sheʼr oʻqishni ham sanʼat deb bilardi.

Darhaqiqat, shoir oʻz dunyosiga ega edi. Ayni paytda hech kimnikiga oʻxshamas oʻz nazmiy olamini yarata oldi. Uning sheʼriyatida mayin ohanglardan koʻra shiddatkor ruh, jununvash qalb, haroratli tuygʻular ustuvorlik qiladi. Ijodkorning badiiyat olamidan taralgan ziyo oʻquvchi tafakkurining eng chuqur puchmoqlarinida yoritib yuboradi.

Quyida Abduvali Qutbiddin ijodidan namunalar tuhfa etilmoqda.

Biz birgamiz, biz — hammamiz

Olislarda qoʻngʻirogʻin chalar karvon,

Yuki ogʻir, yoʻli ogʻir, larzon-larzon,

Chaqmoqlarin chaqib oʻtar qora osmon,

Koʻkragiga mushtlar urar mardi maydon —

Er yigitlar,

Sher singillar, qilich-qalqon.

Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,

Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Qoya choʻkar, Alpomishning naʼrasidan,

Soylar sakrar adirlarning orasidan,

Qargʻa qoʻnmas Barchinlarning tizzasiga,

Hayot suvi mangu ona koʻzasida.

Er yigitlar,

Sher singillar shevasida:

Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,

Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Kuydirgani zulmat bilan yurdi qancha

Bolta oʻynab ot ustida yanchib-yancha,

Suv tubidan oʻtlar chiqdi koʻk qoshiga.

Er yigitlar,

Sher singilar koʻz-qoshidan

Oʻqlar sachrar, yoylar sachrar yov boshiga.

Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,

Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Dunyo uxlar, kun mudrardi hisob bilmay,

Oʻtdi davru davronlari kitob bilmay,

Xorazmda sanoq chertdi ajdodlarim,

Ruh va qalbga saboq berdi ustodlarim.

Ilmi urfon

nomi Turon,

Er yigitlar,

Sher singillar

Qazdilar kon.

Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,

Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Bizlar kimmiz, turkiylarning aslidanmiz,

Sohibqiron Amir Temur naslidanmiz,

Kubro ham biz, Bahouddin Naqshbandmiz,

Margʻinoniy, qadim tarix — Samarqandmiz.

Gar Nasafda nafas olsa er yigitlar,

Andijonda kashta tiksa sher singillar,

Nafasidan hatto qishlar isib ketar,

Kashtasiga butun olam sigʻib ketar.

Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,

Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Yurtning usti Ustyurtmidi, shamol — shoqol,

Uv dedimi, tuz qoʻzgʻalar — birvarakay.

Nukus — qalʼam, ham yurakda tengsiz lolam,

Ey, onajon Berdaqqa ayt,

Qalbidir nay.

Er yigitlar, sher singillar,

Ashʼor tinglang.

Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,

Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Oʻzim shohid Moturidiyning xobgohida,

Musichalar uchib kelar tilovatga.

Buxoriyning har ertalab dargohiga

Kabutarlar boshin egar halovatdan.

Bu qay oshyon,

Goʻzal imon — panohida,

Er yigitlar, sher singillar —

Nigohida —

Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,

Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Azim Toshkent qad rostladi pahlavonday,

Toju taxtim koʻz-koʻz qilib bu jahonga,

Tugʻromizni tumor aylab eshik ochdi,

Yer yuziga buyuklikdan soʻzlar sochdi,

Podsho shahrim,

Gard yuqmasin jamolinggga,

Er yigitlar,

Sher singillar saf tortishar,

Ozodlikning maydonida

Ahd aylashar.

Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,

Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Oltin vodiy halqasida uch gavharim,

Sirdaryoda sir bermagan mohpaykarim,

Baxmalini toʻshab qoʻygan Jizzaxni koʻr,

Kakliklardan Zomin haqda qoʻshiqlar soʻr,

Er yigitlar,

Sher singillar,

Boʻlinglar joʻr:

Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,

Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan..

Duru marjon, bogʻu boʻston, Oʻzbekiston,

Koʻzim nuri musaffo tong, Oʻzbekiston,

Sajda etdim duo soʻrab, bobo yurtim,

Har lahzada rizo soʻrab, momo yurtim,

Er yigitlar, sher singillar,

Qoʻl koʻtardi,

Ona, inon,

Ota, inon.

Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,

Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan...

          Ushmundoq

      Osima,

Ne qilay koʻnglim ushmundoq,

Bir cheti osmonu, bir cheti tuproq.

Bir tunda podshoman ikki kishvarga,

Bir kunda zordirman bir qur nazarga.

Lipillab, lipillab boʻzardi ruhim,

Hohla porlatib qoʻy, hohla parchala,

Esiz, har tomonga urdi shukuhim,

Esiz, oʻtolmadim shum darichadan.

Osima,

Roziman, mendan asar yoʻq,

Ista, men haqimda boshqa xabar yoʻq.

Ammo dilim erka dilingni istar,

Mendek xushxabar yoʻq,

Mendek xatar yoʻq.

Osima,

Alarga koʻp ham inonma,

Ular qush koʻmganlar xiyobonlarga.

Qumlari zarlangan

Boʻlsa ham bordir,

Lek harom oʻrmalar tavonlarida…

Osima,

Sen haqsan,

Men tugab botdim,

Bu qissa soʻngida, shudir qasida.

Goʻzal borligʻimni maydalab sotdim,

Yoʻgʻimni qaytardim

Oʻz egasiga…

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?