Sirdaryoda Oʻzbekiston madaniy merosiga oid kitoblarni bepul topshirish aksiyasi oʻtkazildi

18:21 25 May 2024 Jamiyat
1408 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Ahmadali Shernazarov/«Xalq soʻzi». Guliston shahridagi «Yoshlar markazi»da Oʻzbekiston madaniy merosiga oid kitoblarni bepul olish uchun sertifikatlarni topshirish aksiyasi boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda 300 dan ortiq kitob oluvchilar ishtirok etdi.

«Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar: asrlar qaʼridan taralayotgan nur» deb nomlangan mazkur media tadbirida mamlakatimiz meʼmoriy yodgorliklaridagi bitiklar sirlarini ochib bergan 20 jildlik kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Sirdaryo viloyati hokimi maslahatchisi Gʻaybulla Yusupov ushbu kitoblar yoshlarda ajdodlarning koʻp sonli madaniy merosi bilan faxrlanish tuygʻusini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. «Viloyatdagi barcha umumtaʼlim maktablari va axborot-kutubxona markazlari ushbu kitob nusxalari bilan taʼminlangani yosh avlodning meʼmoriy yodgorliklarni chuqurroq anglash va oʻrganishiga xizmat qiladi», dedi u.

– Mazkur tadbirni tashkil etishda koʻrsatgan koʻmak uchun Sirdaryo viloyati hokimligi, Sirdaryo viloyati maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi boshqarmasi, shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasiga minnatdorlik bildiramiz, – dedi loyiha muallifi, WOSCU boshqaruvi raisi doktor Firdavs Abduxoliqov. – Ushbu kitob-albomlarning topshirilishi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz madaniy merosini oʻrganish va ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslari hayotga tatbiq etilayotganining yorqin dalilidir. WOSCU olimlari mamlakatimiz yodgorliklaridagi bitiklarni ochish boʻyicha mashaqqatli ishlarni amalga oshirdi va bugungi kunda davlat mablagʻlari hisobidan chop etilayotgan kitoblar mamlakatimizdagi barcha maktab kutubxonalari uchun qimmatli manbaga aylanadi. Ushbu kitoblar Oʻzbekiston madaniy merosini yaxshiroq tushunish va qadrlashda yordam beradi.

– Bugun biz ajoyib tadbirda qatnashdik, – deydi Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazi madaniy-maʼrifiy va yoshlar bilan ishlash sektori mudiri Xurshida Risqulova. – Obidalarimiz haqida juda kerakli va qiziqarli maʼlumotlar oldik. Albatta, endi bu maʼlumot va bilimlarni bizga berilgan kitoblar orqali yoshlarimizga yetkazamiz.

Tadbir doirasida sharqshunos olimlarning Oʻzbekiston meʼmoriy yodgorliklarida olib borilayotgan chuqur izlanishlari va tadqiqotlarining ahamiyatini ochib beruvchi hujjatli filmlar va maʼruzalar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?