Sirdaryoda ilk bor yosh pedagoglar forumi oʻtkazildi

14:09 22 Yanvar 2026 Jamiyat
299 0

Sirdaryo viloyatida taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, yosh pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish hamda ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ibratli tadbir tashkil etildi. Yaʼni Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi tashabbusi bilan Guliston shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filialida “Viloyat yosh oʻqituvchilar uyushmasi”ning ilk forumi boʻlib oʻtdi.

Mazkur nufuzli forumning asosiy maqsadi yosh pedagoglarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish, zamonaviy pedagogik tajribalarni ommalashtirish, ilgʻor tashabbus va innovatsion gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash hamda taʼlim sifatini yanada oshirishdan iborat boʻldi.

— Bunday forumlar yosh oʻqituvchilar uchun katta tajriba maktabi boʻlib, ustozlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, ilgʻor pedagogik tajribalarni ommalashtirishga xizmat qiladi,- deydi Guliston shahridagi 8-umumtaʼlim maktabi boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Nasiba Urozaliyeva. — Eng muhimi, bu kabi tadbirlar bizni yanada masʼuliyatli, fidoyi va izlanishda boʻlishga undaydi.

Forum doirasida ochiq muloqotlar, tajriba almashish sessiyalari, motivatsion chiqishlar tashkil etilib, yosh pedagoglarning taklif va tashabbuslari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, viloyatdagi tajribali trenerlar ishtirokida amaliy va nazariy oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi. Mashgʻulotlarda zamonaviy taʼlim metodlari, innovatsion yondashuvlar, samarali dars jarayonlarini tashkil etish masalalari muhokama qilinib, amaliy tavsiyalar berildi.

Tadbirda 50 nafar yosh oʻqituvchiga “Yosh oʻqituvchilar uyushmasi aʼzosi” koʻkrak nishonlari topshirildi.

Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?