Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari 25 ming AQSH dollari pora bilan qoʻlga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Sayxunobod tumani hokimining oʻrinbosari qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan tadbirkorga qoʻshni Sardoba tumani hududidan 6 gektar yer maydoni olib berish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilgan.
Shuningdek, u viloyat Oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi tasarrufida boʻlgan va Sayxunobod tumani hududida joylashgan 50 sotix yer maydonini yengil konstruksiya koʻrinishida qurilish qilishi uchun ijara shartnomasi asosida rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming, jami 25 ming AQSH dollari soʻragan. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi DXXning Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda IIO bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan fermer xoʻjalik rahbari xoʻjalikning 3,37 gektar yerini hamda oʻzboshimchalik bilan egallab olingan qoʻshimcha yer maydonini – jami 7 gektar yer maydonini sirdaryolik xaridorga 2 mln. AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 200 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Toshkent viloyatida aniqlangan holatda esa Yangiyoʻl tumanida yashovchi, 49 yoshli muqaddam sudlangan shaxs oʻzining oʻgʻlini nomida boʻlgan masʼuliyati cheklangan jamiyatga investitsiya kiritish sharti bilan issiqxona qurish uchun tuman hududidan ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini hokimiyat tizimidagi mansabdor tanishlari orqali, 50 ta kottej qurmoqchi boʻlgan xaridor nomiga oʻtkazib berish evaziga 500 ming AQSH dollari talab qilgan.
Shuningdek, u turmush oʻrtogʻining nomidagi masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli, Yangiyoʻl shahrida joylashgan bino va uning 486 m2 yer maydonini ham xaridorga sotish va u yerda 12 qavatli uy qurishi uchun masʼul idoralardan ruxsat olib berish evaziga 440 ming AQSH dollari, jami 940 ming AQSH dollari soʻragan. Ammo, u soʻralgan pul mablagʻidan 400 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahrida yashovchi, 37 yoshli shaxs aldov yoʻli bilan oʻzganing ishonchiga kirib, unga “X.” bankining viloyat filiali balansida turgan va “Ye-Auksion” portali orqali savdoga chiqarilgan – Quyichirchiq tumanidagi 13,05 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali olib berish evaziga 260 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 130 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Bundan tashqari, Fargʻona viloyatining Quva tumanidagi fermer xoʻjalik rahbari tuman hokimining 2015-yildagi qarori bilan paxtachilik va gʻallachilik yoʻnalishida foydalanish uchun ajratib berilgan yer maydonining 5,5 gektar qismini xaridorga 150 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, kelgusida yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan jami 190 ming AQSH dollaridan 120 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
“Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring