Sirdaryo ishsizlikdan holi hududga aylanmoqda
Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Maʼlumki, davlatimiz rahbari 2022-yilning noyabrda Sirdaryo viloyatini “ishsizlikdan holi hudud”ga aylantirish boʻyicha topshiriq berib, ushbu vazifani toʻla-toʻkis bajarish uchun nima qilish kerak, qaysi yoʻnalishlarga eʼtibor qaratish, qanday yoʻl tutish lozimligini aniq va loʻnda koʻrsatib oʻtgan. Xoʻsh, oʻtgan qariyb uch yil davomida mazkur dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masala boʻyicha qanday natijalarga erishildi?
Sirdaryo viloyati kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasidan maʼlum qilinishicha, 2023-yili viloyatda jami 125 mingta yangi ish oʻrinlari yaratish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Bu maqsadga erishish uchun tadbirkorlik, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish kabi yoʻnalishlarni yanada rivojlantirishga urgʻu berildi. Shu bilan birga, qurilish, transport va kommunal sohalar, investitsiyalar, tashqi savdo va mahalliy sanoatni rivojlantirish, qishloq, suv va oʻrmon xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga koʻplab ish oʻrni yaratildi. Natijada 132 ming 200 nafardan ortiq kishining bandligini taʼminlashga erishildi. Bu belgilangan yillik rejaga nisbatan 105,8 foiz demakdir.
— Ikki yil avval, yaʼni 2023-yilning 7-aprelida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chogʻida hududni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyot boʻyicha “ilgʻor innovatsiyalar hududi”ga aylantirish zarurligi boʻyicha bergan topshiriqlari ayni paytda ishsizlikdan holi hududga aylantirish vazifasini bajarishda dasturilamal boʻldi — deydi Sirdaryo viloyati kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Nurilla Mamatqulov. — Davlatimiz rahbarining viloyat aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbusni asosida har bir tuman, shaharda Xitoy modeli asosida sanoatga ixtisoslashgan innovatsion texnoparklar tashkil qilindi. Ularning barchasiga erkin iqtisodiy zona maqomi berilib, bir qator imtiyozlar qoʻllanildi. Ayniqsa, aholi tomorqasidan unumli foydalanib, daromadini oshirish borasida “Sayxunobod tajribasi”ning hayotga tatbiq etilishi oʻzining katta samarasini bermoqda.
Binobarin, tomorqalardan samarali foydalanishga boʻlgan eʼtiborning kuchaytirilgani ham aholi bandligi taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda. Masalan, birgina Sirdaryo tumanining Quyosh mahallasidagi 1155 ta xonadonning 1000 dan ortigʻida issiqxonalar tashkil etildi. Bu sohada tajribaga ega fuqarolar koʻmagida ushbu dehqonchilik usulining sir-asrorlari bu borada yangi ish boshlaganlarga oʻrgatildi. Shu tariqa “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili joriy qilinib, yetishtirilgan mahsulotni chetga eksport qilish yoʻlga qoʻyildi. Mahallaning oʻzida 2023-yil davomida Qozogʻiston va Rossiya davlatlariga 35 milliard soʻmlik pomidor, bulgʻor qalampiri kabi mahsulotlar eksport qilindi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilda 45 milliard soʻmdan ortdi. Oʻz navbatida eksport jugʻrofiyasi ham kengaydi.
Aytish lozimki, keng koʻlamda va izchil joriy etilgan Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, Gʻijduvon tajribalari natijasida tadbirkorlik muhiti tubdan oʻzgardi, odamlarning daromadi oshdi, ertangi kunga ishonch paydo boʻldi. Qolaversa, bank xizmatlari manzilining mahalla darajasigacha tushirilishi ham yaxshi samara berdi. Xususan, “Sayxunobod tajribasi” asosida 220 mlrd soʻm kredit hisobiga 7 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 4 ming 200 kambagʻal kishining bandligi taʼminlandi. Shu bilan birga, tanlab olingan 2 ming 300 ta xonadonga 37 milliard soʻmlik uchtalik va beshtalik kredit paketlari yaʼni, qoramol va qoʻy, parranda, asalari uyasi yetkazib berilishi hisobiga, 1 ming 600 nafar fuqaroni daromadli qilishga erishildi. Bundan tashqari, mahallalardagi hokim yordamchilari tavsiyasi bilan 25 milliard soʻm kreditlar ajratish hisobiga 1100 ta 3-5 sotixli ixcham issiqxonalar barpo etilib, 1 ming 500 nafar fuqaro kambagʻallikdan chiqarildi.
Tahlil va maʼlumotlarga koʻra, viloyatda oʻtgan yilda kambagʻallik darajasi 13,8 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yil boshiga kelib 10,2 foizga tushgan. Joriy yil bu koʻrsatkichni 7,4 foizga tushirish belgilangan. Hududlarda olib borilayotgan ishlardan koʻrinib turibdi-ki, bu saʼy-harakatlar bilan koʻzlangan maqsad ortigʻi bilan bajariladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Oʻzbekistonga nechta davlatdan turistlar kelayotgani ochiqlandi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring