Silk Avia yangi ATR 72-600 havo kemasini kutib oldi

19:22 16 Fevral 2024 Jamiyat
379 0

Foto: Toyirov Abdumutalib / “Xalq soʻzi”

Havo kemasi Airbus konsernining Tuluzadagi (Fransiya) zavodi aerodromida barcha zarur texnik hamda parvoz sinovlaridan o‘tdi va soat 15:00 da Toshkentga qo‘ndi. An’anaga ko‘ra, avialayner suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi. Toshkent aeroportida yangi havo kemasini OAV vakillari va Uzbekistan Airways rahbariyati kutib oldi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri zavoddan kelgan kema hali ham soddalashtirilgan fuzelyaj rangi – butunlay oq rangda. Kelgusida “Uzbekistan Airways Technics” angarlaridan birida milliy Xon-atlas tasviridagi anʼanaviy livreyani chizish rejalashtirilgan.

ATR 72-600 avialaynerining maksimal og‘irligi 22 800 kgni tashkil etadi, 1528 kmgacha parvozni amalga oshirishi mumkin. Yangi havo kemasi allaqachon parvozlar jadvaliga kiritilgan. U oʻzining ilk parvozini mahalliy yoʻnalish boʻyicha amalga oshiradi.  

“Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tarkibiga kiruvchi Silk Avia o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ydi: mamlakatimiz ichida amalga oshiriladigan parvozlarda yetakchi bo‘lish, doimiy ravishda yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirib borish va aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish shular jumlasidandir. Qolaversa, umumiy maqsadimiz, Yangi O‘zbekistonning maqsadi – Respublika bo‘ylab aviaqatnovlar sonini oshirish va ichki turizmni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratishdir. Bunga esa mamlakatimiz shaharlari o‘rtasidagi aviatsiya aloqalarini tiklagan holda, turbovintli ATR brendi ostidagi havo kemalari shubhasiz katta yordam beradi”, – dedi Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulov.

Silk Avia – O‘zbekistonning birinchi mintaqaviy aviakompaniyasi bo‘lib, 2021-yil 6-iyulda mamlakat ichida arzon va qulay narxlardagi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan. 2023-yilda Silk Avia brendini saqlab qolgan holda O‘zbekiston Respublikasi milliy aviatashuvchisi tarkibiga kiruvchi Uzbekistan Helicopters boshqaruviga o‘tdi.

Silk Avia aviaparki 72 tagacha yoʻlovchini sigʻdira oladigan toʻrtta ATR 72-600 mintaqaviy yoʻlovchi tashuvchi havo kemalarini oʻz ichiga oladi. Ayni paytda Silk Avia O‘zbekistonning Toshkent, Buxoro, Qarshi, Navoiy, Namangan, Samarqand, Termiz, Farg‘ona va Urganch shaharlarini bir-biri bilan bog‘lab kelmoqda.

Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?