Shuhrati soʻnib borayotgan “Shuhrat qoʻrgʻoni”

17:59 20 Avgust 2025 Jamiyat
253 0

Qarshi shahridagi oltita monumental sanʼat yodgorligi davlat roʻyxatiga olingan. Ularning toʻrttasi mustaqillikdan soʻng barpo etilgan boʻlsa, Kat mahallasidagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga oʻrnatilgan yodgorlik hamda Xoʻjaxiyol mahallasida joylashgan “Shuhrat qoʻrgʻoni” 1980-yillarda qad rostlagan.

Aytish joiz, ushbu monumental yodgorliklar ichida “Shuhrat qoʻrgʻoni” maydon jihatidan ham, turistik salohiyati jihatidan ham eng yiriklaridan hisoblanadi.

— Ushbu majmua Ikkinchi jahon urushida dushmanga qarshi kurashda qahramonlarcha halok boʻlgan yurtdoshlarimizni sharaflash va yod etish maqsadida barpo qilingan edi,— deydi uzoq yillardan buyon Qarshi shahri tarixi bilan shugʻullanib kelayotgan faxriy olim, tarix fanlari nomzodi Qambar Nasriddinov. – Koʻp yillar mobaynida bu yerda shu sana bilan bogʻliq turli tadbirlar oʻtkazilgan. Ammo keyinchalik bunday tadbirlar Qarshi shahridagi Motamsaro ona haykali joylashgan Xotira xiyoboniga koʻchgach, “Shuhrat qoʻrgʻoni” esa oʻz holiga tashlab qoʻyildi.

Majmuaning oʻziga xos jihatlaridan biri, u tarixiy tepalik ustida qad rostlaganidir. Bu joyga old tomondan tepaga qarab koʻtarilib boradigan, qariyb 300 metr uzunlikdagi keng yoʻlak orqali, narigi tomondan esa maxsus zinalar orqali chiqib borish mumkin. Tepalikka chiqqach, sizni keng maydon qarshi oladi. Bu yerdan butun shaharni tomosha qilib, atrof goʻzalliklaridan zavq olasiz. Asosiy majmuaning ichki tomonida esa uning tepa qismiga chiqish uchun yana zinalar mavjud. Bir paytlar koʻpchilik “Shuhrat qoʻrgʻoni”ga aynan uning tepa qismiga chiqish uchun kelishardi. Chunki majmua ustiga chiqqach, butun shahar koʻz oldingizda kaftdek namoyon boʻladi. Bu kishiga oʻzgacha zavq baxsh etadi.

Hozir esa asosiy majmua ustiga chiqishning imkoni yoʻq. Tepaga chiqadigan zina eshiklarining biriga katta qulf osilgan boʻlsa, boshqasi payvandlab tashlangan. Bir paytlar mangu olov yonib turgan joyda hozir chiqindi uyumlari toʻplangan. Qandaydir jimjitlik, fayzsizlik hukmron.

— Oʻzim shu atrofda yashaganim bois majmua taqdiriga befarq emasman, — deydi Qarshi shahrilik nuroniylardan biri Iskandar Abdullayev. — 2000-yillar boshida ham bu yer juda gavjum joy edi, boshqa shaharlardan mehmonlar atayin “Shuhrat qoʻrgʻoni”ni koʻrish uchun kelishardi. Ammo keyinchalik majmua oʻz holiga tashlab qoʻyildi. 2020-yilda esa atrof obodonlashtirilib, majmuaga olib chiquvchi yoʻlaklar qayta taʼmirlandi. Tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Oʻshanda bu yer sayyohlik majmuasiga aylantirilishi, yer osti muzeyi tashkil etilib, u Ikkinchi jahon urushiga oid turli eksponatlar bilan boyitilishi aytilgan edi. Biroq negadir bu ishlar qogʻozda qolib ketdi.

Ayni paytda majmua shunchaki savlat toʻkib turibdi, xolos. Toʻgʻri, vaqti-vaqti bilan atrofida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi, mahalliy aholi vakillari shu yerga kechki yoki tonggi sayr uchun chiqib turishi bor gap. Lekin “Shuhrat qoʻrgʻoni”ning imkoniyatlari bundan ancha yuqori. Ozgina eʼtibor qaratilib, yangi loyihalar amalga oshirilsa, u yana oʻz shuhratini tiklab, shaharning eng gavjum maskanlaridan biriga aylanishi, shunchaki saqlab turish uchun yiliga millionlab mablagʻ talab etadigan emas, balki milliardlab daromad keltiradigan turistik majmua sifatida qayta boʻy koʻrsatishi mumkin. Oʻylaymizki, masʼullar shunga eʼtibor qaratishadi.

Jahongir BOYMURODOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер