“Shomirza”da yangi stadion qachon quriladi?

15:01 14 Iyul 2022 Jamiyat
566 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanidagi “Shomirza” MFYda joylashgan 23-umumiy oʻrta taʼlim maktabining almisoqdan qolgan eski stadionida mashgʻulotlar olib borgan “Zarnigor” chim ustida xokkey qizlar jamoasi haqida eshitganmisiz?

Mustaqillik yillarida chim ustida xokkey boʻyicha Oʻzbekiston chempionati va kubogi oʻyinlarining muntazam ishtirokchisi boʻlgan ushbu jamoa 16-marta mamlakat chempioni boʻldi. Keyingi oʻn yilda jamoa aʼzolari respublika va xalqaro musobaqalarda 450 ga yaqin medallarni qoʻlga kiritdi, Oʻzbekiston yoshlar, oʻsmirlar va milliy terma jamoalariga 50 nafardan ziyod mahoratli oʻyinchilar yetkazib berdi. Qoʻlga kiritilgan yutuqlar tufayli jamoaning yuzdan ziyod qizlari imtiyozli ravishda mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarida tahsil oldi.

Oʻzbekiston terma jamoasi 2018-yili Singapurda, 2019-yili Malayziyada boʻlib oʻtgan Osiyo qitʼasi musobaqalarida gʻoliblar safidan oʻrin egallashida “Zarnigor”dan jalb etilgan qizlarning ham munosib oʻrni bor. Shu yilning 6-15-iyun kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida tashkil etilgan saralash bahslarida qitʼaning oʻnga yaqin davlatlari ichida muvaffaqiyatli qatnashgan milliy terma jamoamiz joriy yilning 10-26-sentyabr kunlari oʻtkaziladigan Osiyo oʻyinlarining final bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi. Saralash bahslarida “Zarnigor”ning 17 yoshli ikki nafar aʼzosi — Nodira Joʻrayeva va Feruza Qoʻziboyevalar oʻz mahoratlarini koʻrsatdilar.

Ayni paytda qariyb 300 nafar (ularning 60 nafarga yaqini oʻgʻil bolalar) yoshlardan tarkib topgan jamoaning oʻta nochor ahvolda mashgʻulotlar oʻtkazishi, stadion qurilishi masalasi bir necha yillardan buyon paysalga solinayotgani esa achinarlidir.

Xarajatlar – murabbiylar choʻntagidan

Fargʻona viloyati chim ustida xokkey federatsiyasi ijrochi direktori Abduhamid Vahobovning maʼlum qilishicha, hozirgi kunda “Zarnigor”da 12 nafar murabbiy faoliyat koʻrsatmoqda.

Atrofi ochiqligi uchun mahalliy aholi mol-qoʻy boqadigan, oʻnqir-choʻnqir, ajriq bosgan stadionda zamonaviy kiyinish-yechinish xonalari, issiq va sovuq suv, tungi yoritish chiroqlari, maxsus kiyimlar va jihozlar, tomoshabinlar uchun oʻrindiqlar muammosi haqida gapirish ortiqcha. Musobaqalar tashkil etish, taklif etilgan turnirlarga borib-kelish uchun homiy izlash masalasi murabbiylar uchun yana bir bosh ogʻrigʻi hisoblanadi.

— 2021-yili 6 ta musobaqada ishtirok etib, murabbiylarimiz oʻz choʻntagidan sarflagan 43 million soʻmni, joriy yilning oʻtgan davrida 4 ta musobaqada qatnashganimiz uchun ketgan xarajatning pulini haligacha ololganimiz yoʻq, — deydi 77 yoshli sport fidoyisi Abduhamid Vahobov. — Eng yomoni, mutasaddilarning vaʼdasiga ishongan murabbiylarimizdan biri yoʻlkira, ovqatlanish xarajatlarini uy olish uchun yigʻib yurgan pulidan ishlatib turgan edi.

Xalqaro sport ustasi Andrey Kim, sport ustalari Olimjon Vahobov, Adolat Vahobova, Odina Umarjonova singari murabbiylar oʻz ishining fidoyilari. Ammo ular ham yillar davomida quruq gap-soʻz, yolgʻon vaʼdalarni eshitaverib, charchashdi.

— Afsuski, gʻolib sportchilarimizni boshqa sport turlari kabi ragʻbatlantirishmaydi,— deydi bu murabbiylar. — Misol uchun, yaqinda ikki nafar qizimiz — Nodira Joʻrayeva va Feruza Qoʻziboyeva chim ustida xokkey boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi safida Osiyo oʻyinlari final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Tuman yoki viloyat hokimligidan birorta mutasaddi rahbar kelib, ragʻbatlantirmadi.

Murabbiylar, sportchilarga aynan shunisi alam qiladi, bunday eʼtiborsizlik sababini tushuna olmaydilar.

Holva degan bilan ogʻiz chuchimas

Toʻgʻri, yurtimizda chim ustida xokkey sportning futbol, boks, kurash, yengil atletika turlari kabi ommaviy emas. Lekin Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa, Yozyovon va Quva tumanida ushbu sport turi anchayin rivojlangan. Sobiq ittifoq chempioni, faxriy sportchi Muborak Isaqova Toshloq tumanida ham ushbu sport turiga yoshlarni keng jalb etish harakatida yuribdi. Ammo Muborak opani ham sharoit nochorligi va moddiy-texnik baza yoʻqligi oʻylantirib qoʻymoqda.

Bu soha fidoyilarining murojaatlari asosida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 2021-yilning soʻnggi kunlari “Shomirza” MFYdagi mazkur stadionda boʻlib, murabbiy va sportchilar bilan suhbatlashdi. Yaqin vaqt ichida yangi stadion qurilishi boshlanishiga vaʼda berdi. Ammo, oradan yarim oʻtdiki, bu borada biror yangilik yoki shunga harakat yoʻq. Hammasi eski tos, eski hammomligicha turibdi.

Vaholanki, davlatimiz rahbarining 2019-yil 6-7-may kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishda Qoʻshtepa tumani aholisi oʻrtasida oʻtkazilgan anketa soʻrovnomasi orqali tumanda futbol, chim ustida xokkey, gandbol sport turlari yaxshi rivojlangani taʼkidlangan edi. Shundan soʻng chim ustida xokkey sport inshooti qurish uchun tuman hokimligi zaxirasidagi “Shomirza” MFYda joylashgan 23-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga qarashli qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan maydondan 1,4 gektar yer ajratish boʻyicha Qoʻshtepa tumani hokimi Ilyos Novikovning qarori ham chiqdi.

— Shu tariqa Fargʻona viloyati hokimligi ishchi guruhi ming oʻrinli zamonaviy majmua qurilishini Investitsiya dasturiga kiritish masalasini oʻrgandi,— deydi Abduhamid Vahobov. — Manzilli roʻyxat shakllantirilib, sport bazasi qurilishi rejalashtirildi. Ammo bugungi kunga qadar amaliy ishga kirishilmadi. Uzoq yillik orzu xomxayolligicha qolmoqda.

Shuni angladikki, “Zarnigor” qizlar, oʻgʻil bolalar va oʻsmirlar jamoasi murabbiylari va oʻyinchilari hamisha yuksak marralarni koʻzlab harakat qilmoqda. Biroq holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi, deydilar. Agar jamoaga eʼtibor va ragʻbat koʻrsatilsa, yutuqlar yanada salmoqli boʻlishi aniq.

“Zarnigor”da shiddat, shijoat yetarli, unga qanot, kuch-quvvat bagʻishlovchi dalda kerak.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер