Shoirlar har joyda bor...
Foto: Arxiv surat
26-aprel — Muhammad Yusuf tavallud topgan kun
Biroq, koʻnglim sezar,
Mendan keyin ham,
Bir kun bu hovliga
Odam toʻladi.
Muhammad Yusufning bu bashoratomuz satrlari Pushkinning «Pamyatnik» sheʼriga hamohang. Hamyurtimiz xuddi Pushkin kabi hayotligidayoq oʻziga haykal qoʻyib ketdiki, uni tavof etishga sheʼriyat shaydolari doimo intiladilar. Darhaqiqat, Marhamat tumani, Qovunchi mahallasidagi Muhammad Yusuf tugʻilib oʻsgan xonadon mana 20 yildirki koʻklam faslida odamlar bilan gavjum boʻladi. Shoir ixlosmandlari oqimi uning tavallud ayyomi sanasidan avvalroq kuzatiladi.
Hizrariq yonidagi hovli Qirgʻizistonning Oʻsh shahridan, oʻzimizning Buxoroi sharifdan, qoraqalpoq elining Ellikqalʼasidan, Tojikistonning Dushanbesidan tashrif buyurganlar bilan toʻlib-toshadi. Atrofdagi kentlardan kelganlarniku aytmay qoʻya qolaylik.
Yoshi, millati, kasb-kori, nasl-nasabidan qatʼi nazar, ularning barini soʻz va sheʼr sehri birlashtiradi. Salomlashish, tanishish, fikr almashish ham Muhammad Yusufning quyma satrlari ila boshlanadi. Tabiiy tarzda shakllangan shu betakror ilhom chashmasiga chulgʻangan koʻyi xayolimga bir fikr keladi: sevimli shoirimiz tavallud ayyomini Sheʼriyat kuni, deb eʼlon qilsa ham boʻlar ekan. Zotan, oʻz xohishi bilan minglab chaqirim yoʻl bosib kelgan 20 ming muxlisni yana qaysi sanada, qaysi makonda toʻplash mumkin?! Taʼbir joiz boʻlsa, aytgan boʻlardim:
Shoirlar har joyda bor,
Bizda bori qayda bor?!
Shu oʻrinda yana bir taklif. Bu yerda “Qovunchi” suvenirlar doʻkoni, “Surat” fotosaloni, “Tol beshik” yogʻoch oʻymakorligi ustaxonasi, “Ulugʻimsan, Vatanim” kitob doʻkoni, “Qizgʻaldoq” fitobari, “Koʻklamoyim” tansiq taomlar oshxonasi, “Qora qumgʻon” choyxonasi kabilarni tashkil qilish mumkin. Fahmlaganingizdek, ularni Muhammad Yusuf sheʼrlari bilan atadik. «Hizirariq rivoyati», deb nomlanuvchi buklet tayyorlansa. Yoki shoir tarannum etgan goʻzal tabiatimiz haqida film ishlanib, disk chiqarilsa. Kinokartina muallif oʻzi oʻqib bergan sheʼrlar bilan boyitilsa. 10-20 ming ixlosmand shoir yurtiga qilgan ziyoratidan bir olam taassurotlaru esdalik sovgʻalari bilan qaytadi.
Darvoqe, kitob doʻkoniga tashrif buyuruvchi mehmonlardan Muhammad Yusuf haqidagi esdaliklarini (bir satrdan) bitib ketish iltimos qilinsa, ajoyib xotira kitobi yaratiladi. Minnatdor oʻquvchilarning Muhammad Yusuf yubileyiga atagan ajoyib sovgʻasi boʻlar edi bu. Qolaversa, ichki turizm obyekti yaratiladi.
Saidahmad SHUKUROV.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring