Shohimardonda kichik GES ish boshladi

13:49 17 Iyul 2024 Jamiyat
223 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona tumanidagi Shohimardon qishlogʻining Koʻli Qubbonning hayotbaxsh suvidan energiya manbai olish imkoniyati yaratildi. Miroblar, energetika sohasi bilimdonlari hamkorligida togʻlar choʻqqisidagi muzliklardan erib hosil boʻlayotgan suvdan elektr nuri olinmoqda. Shu kunlarda qishloqda bu yangilik katta tantana sifatida nishonlandi. Tantanada Shohimardon kichik gidroelektr stansiyasi ishga tushirilishi manzildagi tarixiy qurilish sifatida eʼtirof etildi. Zamonaviy mezonlar asosida bunyod etilgan yuqori kuchlanishli ushbu gidroinshoot qahraton qishda ham toʻla quvvat bilan ishlaydi.

Mazkur inshoot yiliga 13 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, yiliga 3,5 million metr kub tabiiy gaz sarfining oldini olishga xizmat qiladi. Yangi inshoot mahalliy aholining elektr energiyaga boʻlgan talabini toʻliq taʼminlash bilan birga ehtiyojdan ortganini qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasiga ham eksport qilish imkoniyatini beradi.

— Kichik GESning ishga tushishi iqtisodiy jihatdan gʻoyatda foydali, — deydi “Shohimardon” mahalla fuqarolar yigʻini yoshlar yetakchisi Rustamjon Nishonboyev. — Bunday qulayliklar tufayli hududda turizm infratuzilmasi yanada rivojlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?