Shoh va shoir, buyuk sarkarda xotirasiga ehtirom — fotoreportaj

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”
Nurulloh Ostonov/“Xalq soʻzi”. 14-fevral, soat 10.30.
Ayni shu damlarda poytaxtimizning Adiblar xiyobonida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Milliy Gvardiya, Qurolli kuch tuzilmalari hamda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda shoh va shoir, buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542-yilligiga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir boshlandi.

Tadbir avvalida Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan tantanali musiqa sadolari ostida ulugʻ shoir Zahiriddin Muhammad Bobur va sarkardalar obrazida Oʻzbekiston Milliy Gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universitetining Otliq qoʻshinlari jamoasining chiqishlari bilan boshlandi. Oʻsha davrning faxriy soqchilari qiyofasida kiyingan askarlar tantanali tadbir davomida Zahiriddin Muhammad Bobur haykali atrofida saf tortib turdilar.

Shundan keyin Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi vakillari hamda Qurolli kuch tuzilmalari, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari, ziyolilar, oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, kursantlar, talaba-yoshlar, jamoatchilik ishtirokida hurmat va ehtirom ramzi sifatida Bobur haykali poyiga gulchambarlar qoʻyildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo buyuk sarkarda, shoh va shoirning hayot yoʻli qanchalik sermashaqqat va dolgʻali boʻlmasin, baribir barcha harb-u zarblardan vaqt topib tinimsiz ijod qilgani, ijod qilganida ham, oʻlmas asarlar yaratgani haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, uning ruboiylaridan namunalar oʻqidi.

Jamoat xavfsizligi universiteti boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, polkovnik Ikromjon Mahmudov mazkur taʼlim muassasasida Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyati boʻyicha koʻplab ilmiy tadqiqotlar olib borilayotgani, shu bilan birga bu yerda tahsil olayotgan kursantlar uchun Bobur nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etilgani haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Soʻzga chiqqanlar Zahiriddin Muhammad Bobur Oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim boʻlishi bilan birga yirik davlat arbobi ekani, Hindistonda boburiylar sulolasiga asos solgani haqida fikr-mulohazalarini bayon qildilar. Uning butun dunyoga mashhur “Boburnoma” asari, betakror gʻazallari hamda ruboiylari turkiy sheʼriyatning eng nodir durdonalari sifatida hali hamon koʻngillarga hayrat va harorat solib kelmoqda. Bu asarlar bugungi kunda dunyo olimlari, boburshunos mutaxassislar tomonidan tadqiq qilinib, uning yangi-yangi qirralari kashf etilmoqda.

— Yaqinda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyoti tomonidan “Bobur asarlari lugʻati”ning nashr etilgani jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri, buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi uchun munosib sovgʻa boʻldi, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi masʼul xodimi Fozil Farhod. — Unda “Boburnoma”, “Bobur devoni” va “Mubayyin” asarlaridagi soʻzlar izohi berilgan.

Bobur oʻzining maʼlum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga oʻz hissasini qoʻshgan olim sifatida xalqimiz madaniyati tarixida munosib oʻrin egallagan buyuk bobokalonimiz faoliyati shunchalik serqirra boʻlganki, uni sanab adogʻiga yetib boʻlmaydi. Birgina Hindistonda 300 yil hukm surgan boburiylar saltanatining oʻzi ham uning har sohada isteʼdodli ekanini koʻrsatib turibdi. Buni hind xalqi ham tan oladi. Hindistonga borsangiz, hozir ham uning markaziy shaharlarida qoʻr toʻkib turgan salobatli saroylari aqlingizni shoshiradi, faxr-iftixor tuygʻularini his qilasiz.

Uning ijodi, lirikasi ham alohida tadqiqot markazi hisoblanadi. Shoir asarlarida insoniy fazilatlar, yor vasli, goʻzal chehrasi, samoviy muhabbat, ayriliq, hijron azobi, vatandan judolik alamlari, visol damlari oʻziga xoslik va juda yuksak mahorat bilan kuylanadi.

Tadbirda Jamoat xavfsizligi universiteti qoshidagi badiiy ansambl sozanda va xonandalari tomonidan Bobur gʻazaliga bastalangan qoʻshiqlar, kursantlar, talaba-yoshlar tomonidan uning hayoti va ijodiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari ijro etildi, shoir ijodidan namunalar oʻqildi. Shuningdek, “Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari” koʻrgazmasi tashkil etildi.











Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 8-iyundan chiqindidan qarzdorlar elektr uchun toʻlov qilolmaydi
- AQSHda jurnalist qiz Trampning yuziga mikrofon bilan urib yubordi (+video)
- “Qamchiq” dovonida fuqarolarga yordam koʻrsatilmoqda. Qoʻshimcha poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilgan
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti QS reytingida TOP–500 talikdan joy oldi
- Endi taʼlim granti talabalarning oʻzlashtirishiga qarab har yili qayta taqsimlanadi
- Samarqandda oʻquvchining onasi maktabda janjal koʻtardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring