“Shijoat va gʻayrat” musobaqasi gʻoliblariga yangi imkoniyatlar

05:23 18 Mart 2025 Jamiyat
441 0

Azim AXTAMOV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni barkamol avlod etib tarbiyalash, xususan, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini sport orqali qaror toptirish, ularga bu borada shart-sharoitlar yaratishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Yaqinda davlatimiz rahbari “Yoshlar bilan ishlash natijadorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aynan mahallalarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy xizmatga boʻlgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan 5 ta bosqichdan iborat “Shijoat va gʻayrat” harbiy-sport musobaqasini tashkillashtirish haqida alohida soʻz yuritdi.

Shu munosabat bilan Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va madaniyat departamentida “Shijoat va gʻayrat” harbiy-sport musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa va Sport vazirliklari vakillari ishtirok etib, yigʻilganlarga mazkur musobaqa xususida maʼlumotlar berdi.

— Musobaqada mahallalarda istiqomat qiluvchi 18 — 22 yosh oraligʻidagi yoshlar 7 ta shart asosida bellashishadi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining oʻrinbosari Hamdam Qarshiyev. — Yoshlarning kuch-quvvati turnikda tortilish, orqa bilan yotgan holatda tanani koʻtarish, oʻquv qoʻl granatasini uzoqlikka uloqtirish, uzoq masofaga yugurish, qisqa masofaga yugurish, AK-74 (Kalashnikov avtomatini) notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, merganlik kabi mashqlarda sinaladi. Ushbu harbiy-sport musobaqasi mahalla yoshlari uchun chin maʼnoda vatanparvarlik poligoni boʻlib, milliy armiyamiz safida xizmat qilish hamda harbiy sohaga oʻqish va ishga kirish uchun chiniqtiruvchi amaliy dars boʻladi, desak, mubolagʻa emas.

Maʼlumotlarga koʻra, bellashuvning 5 ta bosqichi 30-iyunga qadar oʻtkazilishi, joriy yil respublika bosqichi gʻoliblari uchun mahallalarda — 1 oʻringa universal sport maydonchasi, 2 oʻringa strit vorkout maydonchasi, 3 oʻringa esa vorkout maydonchasi bunyod etilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер