Shifokorga savob kerak emasmi?

17:33 21 Noyabr 2024 Jamiyat
270 0

Said DONISHEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida barcha sohalar singari tibbiyotda ham katta oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda. Jumladan, joylarda koʻplab zamonaviy tibbiy maskanlar qurilib, ular eng soʻnggi rusumdagi tashxis qoʻyish apparatlari va tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda.

Masalan, yaqinda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialining angiografiya boʻlimi 700 million soʻmlik mahalliy byudjet mablagʻi evaziga rekonstruksiya qilinib, fuqarolarga birinchi sifatli tibbiy yordam koʻrsatish uchun zamonaviy sharoitlar yaratildi. Ushbu boʻlimda koronarografiya, yurak toj-tomirlarini stentlash va tromblarni olib tashlash, elektrokardiostimulyator oʻrnatish, bosh miya qon tomirlarini stentlash va tromblarni olish, buyrak arteriyalarini stentlash, oyoq qon tomirlarini stentlash va kengaytirish, bachadon miomasini embolizatsiya qilish kabi tibbiy amaliyotlar olib borilmoqda. Keyingi paytda bunday zamonaviy oilaviy poliklinikalar, davolash va profilaktika maskanlarining yangidan ish boshlagani ham aslida tibbiyotning aholiga tobora yaqinlashayotganidan dalolat.

Shu oʻrinda, bugun aholi sohadagi barcha islohotlardan rozimi, degan savol tugʻilishi tabiiy.

Yaqinda bir tanishimning kelini tugʻruqxonaga tushdi. Aytishicha, shifoxona eshigidan kirar-kirmas “ber-ber” boshlangan. Kasallik tarixini yozishga 20 000, ultra tovushli tekshirish apparati uchun 30 000, tugʻruq uchun 400 000, operatsiyaga 1 500 000 soʻm toʻlagan. Bundan tashqari, tibbiy qoʻlqop, doka, sovun, dorilar xarajati, chaqaloqni olib chiqishda uni yoʻrgaklagan hamshira, bolalar shifokoriga uzatilgan suyunchi pullarni gapirmasayam boʻladi.

Shu yaqin kunlarda oʻzim ham Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filialida yotdim. Sharoitlar yaxshi, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar muhayyo. Shifokorlarning tajribasi, malakasi yuqori. Faqat narx-navo masalasida uncha-muncha odamni qiynab qoʻyadi. Toʻgʻri, bu yerga sizni hech kim majburlab olib kelmaydi, oʻz oyogʻingiz bilan shifo istab kelasiz. Hammasi oʻrnatilgan tartibda, belgilangan narxlarda. Roʻzgʻordan orttirgan biroz mablagʻimiz boʻlsa-ku yaxshi, boʻlmasa-chi?

Farzandining salomatligini koʻrikdan oʻtkazish maqsadida hamkasbim bolalar shifoxonasiga bordi. Roʻyxatga olish xonasida oʻtirgan xodim uning qoʻliga kichik qogʻozcha tutqazib, shu joyda bolalarga yaxshi tashxis qoʻyadi, deya xususiy klinikalardan birining manzilini beribdi. Bu nima, oʻzi ishlab turgan davlat shifoxonasiga ishonmaslikmi? Yoki oʻsha shifokor mijoz topib bergani uchun xususiy klinikadan oʻz “ulishini” olib turadimi?

Tan olish kerak, bugun xususiy tibbiyot koʻplab tajribali mutaxassislarni oʻziga jalb qilmoqda. Shu bois davlatga qarashli tibbiyot maskanlarida yaxshi mutaxassislar kam qolyapti. Arzimagan maoshga oilaviy poliklinikalarda ishlaydigan xodimlar “mijoz” yuborib xususiy klinikalardan ham moʻmaygina daromad topayotganligi bor gap.

Bu haqda koʻp va xoʻp gapirish mumkin. Afsuski, oʻlim xavfi yuqori yurak qon-tomir va saraton kabi xastaliklardan davolanish uchun bemor choʻntagiga kamida 30-40 million “mullajiring”ni solib olmasa, shifoxonaga borishdan foyda yoʻq. Xoʻp, mayli, pul bor odam davolanib chiqadi, nochorlar-chi? Gap inson salomatligi haqida borarkan, davlat nazoratni yanada kuchaytirsa maqsadga muvofiq boʻlardi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер