Shavkat Mirziyoyev YUNESKO bosh direktori bilan uchrashdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-mart kuni Fransiyaga davlat tashrifi doirasida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.
BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Koʻp qirrali sheriklik bugungi kunda yuksak darajada ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan axborotdan foydalanish va bolalar taʼlimi masalalari boʻyicha rezolyutsiyalar qabul qilindi.
Mamlakatimiz Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha xalqaro markazga aʼzo boʻldi. Buxoro “Kreativ shaharlar tarmogʻi”ga qoʻshildi. Samarqanddagi Ipak yoʻli universitetida YUNESKO kafedrasi ochildi. Oʻtgan yili taʼlim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 ta yangi loyihani amalga oshirish boshlandi.
Turon choʻllari va Zarafshon-Qoraqum yoʻlagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik anʼanalari, “Buxoro amiri devonxonasi arxivi”, “Turkiston albomi”, “Xudoybergan Devonov fotoalbomi” YUNESKOning maxsus roʻyxatlariga kiritildi.
Taʼkidlash joizki, Samarqand shahrida boʻlajak Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi soʻnggi 40-yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda oʻtkaziladi. Bu voqea tashkilotning 80-yilligiga toʻgʻri keladi.
Bosh direktor Odri Azule Oʻzbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, boʻlajak tadbirga keng koʻlamli tayyorgarlik koʻrilayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Amaliy hamkorlik dasturlarini yanada kengaytirish, shuningdek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish boʻyicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring