Shavkat Mirziyoyev Yakkabogʻ tumanida barpo etilgan “Yangi Oʻzbekiston” massivini borib koʻrdi

16:32 19 Iyun 2025 Siyosat
341 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yakkabogʻ tumanida barpo etilgan “Yangi Oʻzbekiston” massivini borib koʻrdi.

Aholi farovonligi va turmush madaniyatini oshirishga qaratilgan mazkur massiv ilgʻor shaharsozlik yechimlari asosida qurilgan. Koʻp qavatli uy-joylar koʻrkamligi, tartibliligi va obodligi bilan tuman qiyofasini oʻzgartirib yubordi. 18 gektar maydonni egallagan massivda 54 ta besh qavatli uylar qurilib, 1 ming 400 ta xonadon aholiga taqdim etiladi.

Inshootlar nafaqat zamonaviy arxitekturasi, balki aholi uchun yaratilgan infratuzilmaning qulayligi bilan ham ajralib turadi. Har bir uy zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari, atrofi esa bolalar maydonchalari va avtoturargohlar bilan taʼminlangan.

Shu bilan birga, hududda qurilgan uch qavatli “Eko bozor” barpo etilgan. U orqali mahalliy dehqonlar oʻz mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmolchilarga yetkazish imkoniga ega. Bu esa ham sifat, ham narx jihatidan odamlarga maʼqul boʻlmoqda. Bozorda 640 ta ish oʻrni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu ekobozorda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi, sotuvchi va xaridorlar bilan muloqot qildi.

– Bozorlar toʻkinlik, farovonlik va xalqning madaniyatini koʻrsatadi. Yakkabogʻda shunday obod maskan bunyod etilgani quvonarli. Xalqimizning xarid qobiliyati, bozor madaniyati oshyapti. Shunga munosib bunday qulay savdo markazlarini koʻpaytirish kerak, – dedi Prezident.

Alohida eʼtiborga molik jihati, massivdagi infratuzilma inshootlariga quyosh panellari va geliokollektorlar oʻrnatilgan. Bu esa energiya tejamkorligi va uzluksizligi, ekologik xavfsizlikni taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda.

Aholining dam olishi, bolalar va yoshlarning faol vaqt oʻtkazishi uchun ham qulayliklar yaratilgan. Xususan, sayilgohlar, bolalar bogʻchasi, sport maydonlari, sogʻlomlashtirish maskanlari hamda servis nuqtalari yagona konsepsiya asosida barpo qilingan.

Mutasaddilarga shu konsepsiya asosida boshqa tuman markazlari va massivlarni ham rivojlantirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер