Shavkat Mirziyoyev: Sizlar katta kuch-qudrat egasisizlar

18:43 01 Iyul 2022 Siyosat
1665 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz oʻgʻil-qizlarini Yoshlar kuni bilan tabriklab, nutq soʻzladi.

– Sizlar bilan uchrashish, taklif va tashabbuslaringizni eshitish menga har doim quvonch va gʻurur bagʻishlaydi. Shijoat va intilishingizni koʻrib, yonib turgan koʻzlaringizga boqib, oʻzimga bitmas-tuganmas kuch olaman. Sizlar mana shunday katta kuch-qudrat egasisizlar, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari bayramga yangi choralar bilan kelganini taʼkidlab, yoshlar uchun yaratilajak qoʻshimcha imkoniyatlarni eʼlon qildi.

Xususan, “Yoshlar daftari”da koʻzda tutilgan imtiyoz va yengilliklar endi 14-17 yosh oraligʻidagi 3 million nafarga yaqin oʻgʻil-qizlarga ham tatbiq etiladi. Imtiyozlar soni ham hozirgi 11 tadan 25 taga koʻpaytiriladi.

2022-2023 oʻquv yilidan boshlab, maqom xonandaligi, maqom cholgʻu ijrochiligi, baxshichilik va fortepiano yoʻnalishlariga yangi qabul qilingan talabalarning shartnoma toʻlovlari toʻliq davlat tomonidan toʻlab beriladi.

Texnikumlarga qabul yilda 2-marta tashkil etilib, talabalar uchun davlat granti soni 2 barobarga oshiriladi. Ular uchun ham taʼlim krediti joriy qilinadi. Xususiy taʼlim muassasalarida dasturlash, veb-dizayn, animatsiya kabi kasblarni oʻrganish istagidagi yoshlarga ham 20 million soʻmgacha miqdorda 4 yillik imtiyozli kredit taqdim etiladi.

Xorijiy tillarni yaxshi oʻzlashtirgan oʻquvchilarni ragʻbatlantirish maqsadida 70 nafar oʻquvchi va ularning ustozlari davlat hisobidan Buyuk Britaniyaga safarga yuboriladi.

Prezident yoshlarning bandligini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Tadbirkorlik dasturlariga 220 ming nafar, kasb-hunar oʻrganishga 130 ming nafar, davlat korxonalari va xususiy sektordagi boʻsh ish oʻrinlariga 110 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlar jalb etilishi taʼkidlandi.

Internet tarmogʻida Oʻzbek milliy kontentini rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi. Bu maqsadlar uchun 10 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Joriy yildan boshlab 36 ta sport federatsiyasi, 274 ta sport maktabi oʻz hududidagi mahallalar, maktab va kollejlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Har bir koʻcha, mahalla, taʼlim muassasasida sport turlari boʻyicha jamoalar tuziladi.

Maʼlumki, shu kunlarda Konstitutsiyani isloh qilish jarayoni ketmoqda. Davlatimiz rahbari bu boradagi taklif va tashabbuslarning 70 foizdan ortigʻini yoshlar ilgari surganiga urgʻu berdi.

– Albatta, yangilanayotgan Konstitutsiya bu – sizlarning Konstitutsiyangiz, – deya taʼkidladi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev yoshlarga xalq shoiri Gʻafur Gʻulomning soʻzlari bilan murojaat qildi:

«Siz axir osmonni olmoq boʻlsangiz,

Ne uchun yelkamni tutib bermayin?»

Bayram shodiyonasini Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi 220 mingdan ziyod yoshlar kuzatib bordi. Davlatimiz rahbari ular bilan ham videoaloqa orqali muloqot qildi.

Yoshlar kuni arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qaroriga muvofiq, ilm-fan, sport, sanʼat, tadbirkorlik hamda boshqa sohalarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritib kelayotgan bir guruh yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.

Davlatimiz rahbari ushbu mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.

Tadbir “Yoshlar ovozi” tanlovi gʻoliblari hamda taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?